Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DSQ «obnalchilar» haqidagi ma’lumotni huquqni muhofaza qiluvchi organlariga berdi

DSQ «obnalchilar» haqidagi ma’lumotni huquqni muhofaza qiluvchi organlariga berdi

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlarni kamaytirib ko‘rsatish va qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini noqonuniy hisobga olish bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan 50 dan ziyod tadbirkorlik sub’yekti vakillari bilan uchrashdi.

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda DSQ raisi davlat soliq xizmati organlari tadbirkorlar, soliq to‘lovchilar bilan konstruktiv muloqotga, ularning muammolarini tinglashga doim tayyor ekanligini bildirdi.

Shu bilan birga Sh.Kudbiyev mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini ta’minlash va aholi turmush farovonligini oshirish yo‘lida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, xususan, «shubhali» korxonalar faoliyatga chek qo‘yishda ortga yo‘l yo‘qligini va bu boradagi ishlar jadal davom ettirilishini qat’iy ta’kidlab o‘tdi.

Buning uchun davlat soliq xizmati organlari ma’lumotlar bazasi, serverlari quvvatini muntazam ravishda oshirib boriladi, sohaga biznes jarayonlarni inson omili aralashuvisiz avtomatik tahlil qilish va soliq qonunchiligi buzilishining yuqori risklari, shubhali moliyaviy operatsiyalarni aniqlab berish imkonini beruvchi zamonaviy texnologiyalardan keng foydalaniladi.

Mutaxasssislar tomonidan olib borilgan keyingi tahlillar natijasida shubhali tadbirkorlik sub’yektlari soni bundan ham ko‘p ekanligi aniqlandi. Tahlika-tahlil (risk-analiz) dasturi orqali o‘tkazilgan tahlillar natijalariga ko‘ra, dastlabki aniqlangan 396 ta shubhali korxona qatoriga yana 129 ta korxona qo‘shilib, ular soni 525 taga yetdi. 

Shuningdek, qo‘mita raisi «obnalchilar» – halol ishlaydigan tadbirkorning birinchi va yagona dushman ekanligi, ular nosog‘lom raqobat muhitini vujudga keltirib, boshqa insofli soliq to‘lovchilar biznesiga putur yetkazayotganligiini, bunday noqonuniy harakatlar bo‘yicha to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilganligini alohida e’tirof etdi.

«DSQ raisi har bir tadbirkorning arzini birma-bir tingladi. Ularning muammolariga asosli yechimlar taklif etdi. Jumladan, QQS summasini noqonuniy hisobga olish natijasida soliq qarzdorligi vujudga kelgan tadbirkorlarga Soliq kodeksi normalari asosida ularni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berdi. Bunda tadbirkorlik sub’yekti vakillari davlat soliq organlariga ariza bilan murojaat qilishlari lozim bo‘ladi», deyiladi qo‘mita matbuot xizmati xabarida.

Ma’lumot uchun, hozirgacha, 10 mingga yaqin korxona budjetga to‘lanadigan soliq summalarini kamaytirgan shubhali tadbirkorlik sub’yektlari bilan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirib, qariyb 1 trillion so‘m miqdoridagi qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisob (zachet)ga olgan holda budjetga to‘lamagaligi aniqlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring