Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

Dima Qayum kutubxonasi buziladimi?

Dima Qayum kutubxonasi buziladimi?

Foto: Facebook / Dima Qayum

Kitob targ‘iboti va kitob ta’qiboti

«Dasturda ko‘zda tutilgan quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilsin: kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish, noshirlik va matbaa sohalarini yanada rivojlantirish, ...axborot-kutubxona faoliyatini kuchaytirish, ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlarining kutubxona fondlari, kutubxonalar, tashkilot va muassasalarning “Ma’naviyat xonalari”ni o‘quv-uslubiy adabiyotlar, adabiy-badiiy, ma’rifiy va ilmiy-ommabop kitoblar bilan boyitish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash...».

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qaroridan. 

Qarordan ilhomlanib...

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining o‘tkir hazillari, tesha tegmagan latifalari va kutilmagan luqmalari ila mashhur bo‘lgan, Rishton tumani dehqon bozorida pechka sotadigan Dima Qayum (Dilshod Boltaboyev) avvaliga davlat rahbarining kitob va kitobxonlik borasidagi qarorlaridan ilhomlanib, pechkalari yoniga kitob javoni yasattirdi. Kitoblarni esa o‘zining muxlislariga murojaat qilib, xayriya asosida yig‘di. Dilshodning da’vatiga labbay deb javob bergan ijodkorlar, oddiy insonlar O‘zbekistonning turli shahar va qishloqlaridan unga kitoblar yubora boshlashdi. Bu haqda saytimizda ham xabar bergan edik.

Keyinchalik kitoblar ko‘payib javonga sig‘may qolgach, Dilshod o‘ziga tegishli bo‘lgan joyda xalq kutubxonasi qurish niyatida yana xalqqa murojaat qildi. Xalqning Dilshodga bo‘lgan hurmati, ishonchi bois qisqa vaqtda kerakli mablag‘ yig‘ildi. Dilshod Rishton tumani hokimiga ham uchrab, uning roziligini olgach, bozor ichida «Roshidoniy xalq kutubxonasi»ni qurdi.

Kutubxona tilga tushdi. U haqida gazetalar, internet saytlari yozdi. Hatto O‘zbekiston teleradiokompaniyasining «Madaniyat va ma’rifat» kanali bu haqida ko‘rsatuv qildi.

Bir qarashda hammasi risoladagiday.

Bir qarashda hammasi prezident istaganiday.

Hamma qulay va issiqqina kutubxonadan tekin foydalanayapti.

Bir qarashda Dilshod Boltaboyev elim deb, xalqim deb katta savob ishni qildi.  Buning oqibatida ko‘pchilikning hurmatini ham qozondi.

Boshqa tarafdan qaralsa, xuddi ana shu ishlari nodurust! Axir nega Rishtonda shuncha amaldor turib, kattakon turib, qo‘lini uzatsa oyga yetadigan mansabdorlar turib, qayerdagi pechkafurush hurmatga sazovor bo‘lishi kerak?

Nega oddiy pechkafurush haqida hamma yozishi, uni ko‘rsatuvlarga taklif qilishi kerak?

Shu adolatdanmi?

Axir amaldorlarning kattakonligi qayerda qoldi?

Amaldorning qahri keldi, alami keldi. Kattakon oldin kelishga or qilgan bozorga keldi. Kattakon xalq kutubxonasi ochgan Dima Qayumga dag‘dag‘a qildi:

− Ko‘tar kutubxonangni! Yo‘qot! Prezident kitob tarqatish haqida qaror chiqargan bo‘lsa, men kutubxonangni buzish haqida qaror chiqaraman!

Shu paytgacha indamagan, xalq shu kutubxona uchun pul yiqqanda bir so‘m bermagan, shuncha xarajat qilinib, sovuq bo‘lishiga ham qaramasdan el uchun bir ziyo maskani bitib qolsin deya mehnat qilinib, kutubxona qurilgach, kitobga to‘ldirilgach, el shu maskanga oqib kela boshlagach, bu kattakonning g‘ayrati jo‘sh urib, buzgisi kelib qolganiga qarang.

Axir shu kutubxonani quraman deb Dima Qayum hokimga kirganida qayerda eding? Qurilish boshlanganda qayerda eding? Undan oldin Dima Qayum javon yasatib, bozorda kitoblarni bepul tarqatib yurganda qayerda eding?

Nega shu paytgacha miq etmay yurib, hammasi risoladagiday bo‘lib, kutubxona ish boshlagach, g‘imirlab qolding?

Dima Qayum ko‘proq zarar ko‘rishini istadingmi, kattakon?

Dima Qayumning ishi noto‘g‘ri bo‘lsa, bozorni yoqib yuborish ehtimoli bo‘lsa, nega shu ishni boshlaganda kelib to‘xtatmading? Nega buldozer olib kelib, surdirib tashlamading?

Eng qizig‘i, tuman arxitektori degan kattakon Dima Qayum hokimning maslahatini olishga kirganida hokimning yonida o‘tirib, bu ishlarni hokim ma’qullaganda, haybarakallachilik qilib, qarsak chalib turgan.

Tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i esa shuncha ish boshlangandan beri ko‘rib yurgan.

Tuman «yong‘inchi»lari ham hammasidan xabardor bo‘lgan, ammo Dimaning tutuni balandroq chiqishi uchun hamma ish bitishini kutishgan.

Dilshod Boltaboyev bu bedodlikdan fig‘oni falakka chiqib kimga borsin, tumanining kattalari unga zulm qilib turgach, yurtning egasiga boradi-da. Mana, u O‘zbekiston prezidentiga murojaat qildi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Farg‘ona viloyati Rishton tumani «Miskin» mahalla fuqarolar yig‘ini Ehtirom ko‘chasi 23-uyda yashovchi hunarmand tadbirkor Dilshod Boltaboyevdan ochiq xat (iltimosnoma)

Ota-onam pensiyada, men esa Rishton tumani dehqon bozorida tunuka va pechka mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanaman. Bozor hududida qonuniy joyimda sentyabr oyida kitob va kitobxonlikni targ‘ib qilish to‘g‘risidagi qarorlaringizdan ilhomlanib, bozorga o‘z kutubxonamdan kitoblar olib chiqdim va internetdagi do‘stlarimdan ham kitob yuborishlarini iltimos qildim. Kitoblar yog‘ilib kela boshlagandan keyin O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisherjon va Rishton tuman hokimi bilan suhbatlashib, ruxsat olib, o‘zimning do‘konimdan 12 kv.m joyiga plastik materiallardan qurilish ishlarini boshlab, 25 kunda zamonaviy «Roshidoniy xalq kutubxonasi»ni bitkazdim. Ochganimga uch oy bo‘lgan bo‘lsa, kitoblar soni 1500 donadan, o‘quvchilar soni 1000 nafardan oshdi.

Bu qurilishga barcha yurtdoshlarim xayriya aksiyasi qilib pul berishdi, men esa hammasini shu kutubxonaga sarf qildim.

Kecha Rishton tuman hokimi yonida o‘tirib buyruq olgan qurilish, arxitektura boshlig‘i tongda tuman IIB, tuman yong‘in xavfsizligi xodimlari bilan kelib, «Sen kutubxonani noqonuniy qurding» deb obro‘yimga putur yetkazdi. «Kechagina yonlarida eshitdingiz-ku hokimning gapini», — desam ham tan olmadi. Keyin Rishton tumanining yangi hokimi yoniga kirdim va 30 million so‘mdan oshiq pul sarflaganimni aytdim. U kishi: «Boshqa joydan joy berib, kredit beraman», — dedi. Men: «Boshqa joyga borolmayman va u joyni qurishga berilgan kreditni to‘lolmayman, garovga qo‘yishga hech narsam yo‘q. Har kuni o‘quvchilar kitob olib ketishmoqda. Bir kunda 20-25 dona ketadi, albatta bepul tarqatayapman, yonida do‘konchamda savdo qilayapman. Sizdan iltimos, shu joyim buzilmasligi uchun o‘quvchilar va o‘z nomimdan o‘tinib so‘rayman, buzishmasin. Hech qanday yong‘inga sabab bo‘lmaydi va bozorga xalaqit qilmaydi», — deya so‘radim.

Kutubxonani Rishton tumani hokimligining hech qanday yordamisiz qurgan edim.

Sizning «Jaholatni ma’rifat bilan yengamiz» degan so‘zlaringiz qulog‘imda doimo jaranglamoqda. Iltimos, o‘tinib so‘rayman, kutubxonani buzishmasin. Yordam bering.

Qishloqda kutubxona bor, lekin sharoiti yo‘q, ham uzoqligi uchun hech kim bormaydi. Men qurgan kutubxona bozor ichida, bozorga yumush bilan kelgan odam olib ketayapti. Albatta bepul.

Xurmat bilan Dilshod Boltaboyev». 

Biz nima deymiz?

Davlat rahbari Dilshod Boltaboyevning murojaatiga albatta javob qaytaradi, bunga shubhamiz yo‘q.

Ammo Dilshod Boltabevni sevgan, hurmat qilgan, u chaqirganda labbay deya kitoblar bergan, kerak bo‘lganda kutubxona qurilishi uchun pul ham yig‘ib bergan xalq Rishtondagi kattakonlarning quyushqondan chiqishiga jim qarab turmaydi. Zero, ular barmog‘ining uchi bilan «Buzilsin!» deb buzib yuborishni istayotgan kutubxona o‘sha kattakonlarning puliga emas, xalqning puliga tiklangan va u kattakonlarning mulki emas, «Xalq kutubxonasi».

Xalq dengizdir! Rishtonlik kattakonlar xalqning ko‘nglini qoldirmasin. Ular prezident tayinlaganiday, xalqni rozi qiladigan ishlarni qilsinlar!

Kutubxonani buzish esa xalqni norozi qiladi.

Ana shu kutubxonaga men ham kitob berganman, men ham pul berganman. Men ham jimgina qarab turolmayman.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring