Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Diktator ag‘darildi, endi nima bo‘ladi? Afrikacha o‘yin qoidalari

Diktator ag‘darildi, endi nima bo‘ladi? Afrikacha o‘yin qoidalari

Foto: «Daily Mail»

2020-yil poyoniga yetishiga hali ancha bor, biroq shu o‘tgan oylarda asrga tatigulik bo‘lmasa ham, o‘n yilliklarga tortadigan tarixni bosib qo‘ydik. Epidemiyalar, urushlar, inqiloblar... G‘arbiy Afrikadagi ulkan hududi sahrolardan iborat, dengizga chiqish yo‘llaridan mosuvo Malida esa oxirgi yarim asrdagi beshinchi davlat to‘ntarishi yuz berdi.

Tasavvur qilishning o‘zi-da og‘ir: har o‘n yilda bittadan inqilob, oxiri ko‘rinmaydigan qurolli nizolardan to‘yib ketgan, ammo qorni och maliliklar...

Harbiylar isyon ko‘tarib, prezident Ibrohim Bubakar Keytani ag‘darishdi. Isyonchilarga polkovnik Kamara va sodiq sheriklari — general Dembele va polkovnik Dyau bosh bo‘lishdi. Keytaga qo‘shib bosh vazir Buba Sisse, hatto prezidentning bolalari hibsga olindi.

Harbiy isyon yetakchilari

Bu boshlanishi edi.

Harbiy inqilob Malidagi ko‘p ming kishilik namoyish va isyonlarning achchiq mevasi bo‘ldi. Keytaning «tepada uzoq qolib ketishi» maliliklarning sabr kosasini to‘ldirgandi. Politsiya mahkamalariga ushlab olib ketilgan isyonchilar ayovsiz kaltaklanardi. Xuddi hozir Yevropa sharqidagi mamlakatda bo‘layotgani singari...

Bo‘lmadi... Oxiri harbiylar ham o‘zini boquvchi xalq tomoniga o‘tib ketdi.

Ibrohim Bubakar Keyta. Foto: «Reuters»

«Men qon to‘kilishini istamayman», — dedi hibsga olingan prezident Keyta maliliklarga telemurojaatida. «Hukumat bunga arzimaydi. Minglab qurbonlar kerak emas. Vakolatimni topshiraman», — dedi u.

Bu Mali Fransiyadan mustaqillikka erishgandan buyon beshinchi davlat to‘ntarishi. Makron isyonni qoralab, tutqun qilingan prezidenti darhol qo‘yib yuborishni so‘radi. Afrika ittifoqi mamlakatlari ham shunday talabni ilgari surishmoqda.

Ammo o‘z xalqi sobiq prezidentdan juda alamzada. Faqat o‘zini o‘ylaydigan, tiran, diktator — mana u haqda oddiy fuqaroning fikri. Davlat tepasida turgan Keyta boylik yig‘ish bilan band bo‘lib, oddiy xalqni unutib qo‘ydi. Minglab odamlar ochdan o‘lib ketdi. Bir necha o‘n yillardan buyon terrorchi guruhlarning o‘q ovozlari mamlakatga tinchlik bergan emas. Keyta qasamyod marosimida o‘zi va’da qilgan boyliklarning eng qadrlisi tinchlikni-da xalqiga bera olmadi.

Xalq o‘z qahramonlarini olqishlamoqda, ammo...  

O‘z prezidentini ag‘dargan isyonkor harbiylar endi nima qilishmoqchi? Hozircha mavhumlik...

Ayrim ekspertlar Malida bir diktatura o‘rniga ikkinchisi, yanada dahshatlisi o‘rnatilishidan xavotirdalar. Zero, shu paytgacha «Keyta va Sisselarning Kamara va Dembelelarga almashishi» (xuddi futboldagi kabi) bu o‘lkalarda deyarli hech narsani o‘zgartirmagan, o‘sha o‘yin, o‘sha qoidalar...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring