Afrika davlati BMTga talab qo‘ydi
Mali tashqi ishlar vaziri Abdulaye Diop BMT Xavfsizlik kengashidan xalqaro tinchlikparvar kontingentni zudlik bilan olib chiqib ketishni talab qildi. Vazir BMT tinchlikparvar qo‘shini mamlakat xavfsizligini ta’minlay olmayotgani, aksincha, tinchlik va birlikka raxna solayotganini aytgan.
Afrika g‘arbida joylashgan Mali Respublikasidagi barqarorlikni ta’minlash, mahalliy aholini terrorchi guruhlar hujumidan himoya qilish maqsadida 2013 yilda BMT tinchlikparvar kuchlari kiritilgan edi.
Tahlilchilarga ko‘ra, 2021 yilda Malida hokimiyat tepasiga kelgan harbiy ma’muriyat BMT kontingentini mamlakatdan chiqarib, uning o‘rniga Rossiya kuchlari bilan hamkorlik qilmoqchi.
Avval xabar berganimizdek, rossiyalik tadbirkor Yevgeniy Prigojin rahbarligidagi «Vagner» xususiy harbiy shirkati askarlari Suriya, Liviya, Ukraina kabi davlatlar qatorida Malida ham jang qilmoqda.
BMT Mali hukumati qo‘shini hamda «Vagner» jangchilari tomonidan tinch aholi vakillari o‘ldirilgani yuzasidan xavotir izhor qilib, mustaqil tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.
AQSh «Vagner» shirkatining Malidagi bo‘limi rahbari Ivan Maslovga qarshi sanksiya joriy qilgan. Vashingtonga ko‘ra, «Vagner» shirkati Mali orqali Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun qurol-aslaha yetkazib bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter