Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Diana Yenikeyevani urib yuborgan «KamAZ» haydovchisiga chiqarilgan hukm o‘zgarishsiz qoldi

Diana Yenikeyevani urib yuborgan «KamAZ» haydovchisiga chiqarilgan hukm o‘zgarishsiz qoldi

Akrom Elmurodov.

Foto: «Daryo»

Diana Yenikeyeva ishi bo‘yicha «KamAZ» haydovchisi sud hukmidan norozilik bildirgani va ish apellyasiya tartibida qaytadan ko‘rib chiqilishi haqida xabar bergan edik.

Bugun, 22-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida Diana Yanikeyevaning bevaqt o‘limi holati bo‘ycha chiqarilgan sud hukmidan norozi bo‘lib, sudlanuvchi Akrom Elmurodov va uning himoyachisi tomonidan apellyasiya tartibida keltirgan shikoyati asosida jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. Bu haqda «Daryo» xabar berdi.

Sud majlisida sudlanuvchi va uning himoyachisi tayinlangan jazoni yengillashtirib, uni qamoqdan ozod qilishni va moddiy hamda ma’naviy zarar hajmini kamaytirishni, o‘z navbatida prokuror va jabrlanuvchi Aleksandr Yenikeyev sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirishni so‘radi.

Sud hay’ati, taraflarning fikrlarini tinglab, shikoyatdagi vajlarni jinoyat ishi materiallari asosida atroflicha o‘rganib chiqib, sudlanuvchi va uning himoyachisining vajlari sud hukmini o‘zgartirish yoki bekor qilishga asos bo‘la olmasligi sababli, sud hukmini o‘zgarishsiz, apellyasiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirdi.

Sud hukmi 2018-yil 22-maydan qonuniy kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, Diana Yenikeyeva bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudining 1 maydagi hukmiga asosan sudlanuvchi Akrom Elmurodov O‘zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Sudlanuvchi Elmurodovdan jabrlanuvchi Aleksandr Yenikeyev foydasiga 19 782 500 so‘m moddiy hamda 25 000 000 so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilangan.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Akrom Elmurodov 14-mart kuni soat 11:30 larda, Z.Isroilovga tegishli, texnik jihatdan soz holatdagi «Kamaz 55111» rusumli avtomashinada amaldagi «Yo‘l harakati qoidalari»ning 7, 77-bandlari, 2-ilovasi, 1.2-bandi talablarini qo‘pol ravishda buzgan. U Kattaqo‘rg‘on tumani «Alijon» mahallasi hududidan o‘tgan M-37 avtomobil yo‘lining «Buxoro—Samarqand» yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib borishi davomida o‘zining yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning chap tomonidagi beton to‘siq yonida bo‘lgan Diana Aleksandrovna Yenikeyevani ko‘rganidan so‘ng unga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rmasdan, boshqaruvidagi avtomashinani xavf paydo bo‘lgan vaqtdan tormozlab to‘xtatish yoki xavfsiz aylanib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, ushbu choralarni ko‘rmasdan Yenikeyevani urib yuborgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring