Di Mariya va Markinosning uylariga o‘yin payti o‘g‘ri tushdi
Fransiya chempionatining 29-turi doirasida «Nant»ga qarshi uchrashuv ketayotgan bir paytda «Pari Sen-Jermen» futbolchilari Anxel Di Mariya va Markinosning uylariga o‘g‘ri tushdi.
O‘yinning ikkinchi taymida maydonda noodatiy voqea yuz berdi. «PSJ» sport direktori Leonardo telefonda kim bilandir gaplashib bo‘lib, keyin bosh murabbiy Maurisio Pochettinoga nimadir degan, u esa darhol Di Mariyani zaxiraga olib, kiyim almashtirish xonasiga birga kirib ketgan.
Keyin ma’lum bo‘lishicha, o‘yin payti argentinalik futbolchining uyiga o‘g‘rilar tushgan, bu paytda uyda uning xotini va yosh bolalari bo‘lgan. «L’Equipe» yozishicha, xuddi shu paytda parijliklarning yana bir futbolchisi Markinosning uyini ham o‘g‘ri urgan.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, har ikki futbolchining oilalari talonchilar tomonidan garovga olingan bo‘lgan. Politsiya surishtiruvni boshlagan.
O‘yinga qaytadigan bo‘lsak, 1:0 hisobida oldinda borayotgan «PSJ» keyin ikki gol o‘tkazib yuborib, mavsumdagi yettinchi mag‘lubiyatni qabul qilib oldi va chempionlik uchun kurashda yetakchilikka chiqish imkonini qo‘ldan boy berdi.
Di Mariya – Argentinaning «Rosario Sentral» klubi tarbiyalanuvchisi, keyin «Benfika»ga o‘tgan. «Real Madrid»da, undan so‘ng «Manchester Yunayted»da to‘p surgan — Angliyada ham o‘g‘rilar hujumiga duch kelgan. O‘shandan so‘ng Fransiyaga kelgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter