Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Denovdagi YTHda jabrlangan sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan –  SOK

Denovdagi YTHda jabrlangan sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan –  SOK

Bir muddat oldin joriy yilning 9 martida Surxondaryo viloyati Denov tumanida sud raisi va advokat YTHga uchragani va buning oqibatida advokatning vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Mazkur xabarlarda, jumladan, advokatning oila a’zolari YTHda Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi raisini aybdor sifatida ko‘rsatib, unga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hanuzgacha ta’sir choralari ko‘rilmayotgani aytiladi.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan munosabat bildirib, holat yuzasidan ochilgan jinoiy ish ayni paytda tergovda ekani va u bilan bog‘liq turli taxminlarni OAV orqali ilgari surish maqsadga muvofiq emasligini ta’kidlaydi.

Shu bilan birga, voqelik bo‘yicha Sudyalar oliy kengashi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgani, natijada tuman sudi raisining vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgani aytiladi.

«Qayd etish joizki, joriy yilning 9 mart kuni Denov tumanida yuz bergan YTH bo‘yicha xizmat tekshiruvi fojeaga sabab bo‘lgan omillar va bu jarayonda sud raisining xatti-harakatlari doirasida o‘tkazilgan bo‘lib, unda Sudyalar odobi kodeksi talablari buzilgani aniqlangan.

Xizmat tekshiruvi xulosasi Surxondaryo viloyati sudlari sudyalar malaka hay’atida muhokama etilib, tuman sudi raisning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish haqida qaror qabul qilingan. Mazkur qarorga nisbatan berilgan shikoyatlar esa rad etilgan», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Ta’kidlanishicha, ushbu chora intizomiy jazo xarakterida bo‘lib, tergov ishlariga daxli yo‘q.

«Pirovardida, og‘ir oqibatga olib kelgan YTHning aybdorini aniqlash tergov organi vakolatiga tegishli ekani yana bir bor qayd etiladi», – deyiladi tashkilot munosabatida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring