Deklaratsiyani o‘z vaqtida topshirishni unutmang!
O‘zbekistonning amaldagi soliq qonunchiligida jismoniy shaxslarning daromadlaridan progressiv stavkalarda soliq undirilishi ko‘zda tutilgan. Bir vaqtning o‘zida bir nechta manbadan daromad olayotgan jismoniy shaxslarning daromadlarini to‘lov manbalarida to‘liq soliqqa tortish soliq organlari tomonidan yakuniy hisob-kitob taqdim etilgan jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida amalga oshiriladi.
Fuqarolar jami yillik daromadlari to‘g‘risida deklaratsiyani topshirish orqali davlat va jamiyat oldidagi konstitutsiyaviy burchlarini bajarish barobarida jami daromadlari, to‘lagan soliqlari miqdori va o‘zlarining jamg‘arib boriladigan pensiya badali bo‘yicha shaxsiy hisobvaraqlaridagi mablag‘lar to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lishadi.
Shuningdek, deklaratsiya taqdim etish natijasida ularga soliqning ortiqcha to‘langan qismini boshqa soliqlardan bo‘lgan qarzi uchun o‘tkazish yoki qarzi bo‘lmagan taqdirda qaytarib olish imkoni yaratiladi.
Bundan tashqari, asosiy bo‘lmagan ish joylaridan daromad olgan jismoniy shaxslar deklaratsiya taqdim etish jarayonida amaldagi soliq qonunchiligida ko‘zda tutilgan imtiyozlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Masalan: I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z mulkini ijaraga berishdan olgan daromadlari bo‘yicha to‘langan soliqlarni jami daromadlari haqidagi yillik deklaratsiyani taqdim etish orqali qaytarib olishlari mumkin. Chunki ular Soliq kodeksining 180-moddasi ikkinchi qismiga asosan daromad olingan har bir oy uchun eng kam ish haqining to‘rt baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilingan.
Shularni e’tiborga olgan holda daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani kimlar topshirishi, uni taqdim etish tartibi va muddati yuzasidan yana bir bor tushuntirish berib o‘tamiz.
Deklaratsiyani kim topshiradi?
Soliq kodeksining 189-moddasiga asosan 2017-yil davomida:
— mulkiy daromad olgan (agar bu daromadlarga to‘lov manbaida soliq solinmagan bo‘lsa)*;
— fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida daromad olgan;
— asosiy bo‘lmagan ish joyidan moddiy naf tarzida daromad olgan;
— ikki yoki undan ko‘p manbadan soliq solinadigan daromad olgan;
— O‘zbekiston hududidan tashqaridagi manbalardan daromad olgan;
— soliq agentlari bo‘lmagan manbalardan daromadlar olgan O‘zbekiston rezidentlari 2018-yilning 1-apreliga qadar jami yillik daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya topshirishlari lozim.
Belgilangan tartibga ko‘ra, O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan chet ellik jismoniy shaxs ham o‘tgan soliq davri uchun daromadlari to‘g‘risida joriy yilning 1-apreligacha deklaratsiya taqdim etadi.
*Ma’lumot uchun: Soliq kodeksining 22-moddasiga asosan soliq to‘lovchiga to‘lovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxs to‘lov manbai hisoblanadi.
Kim rezident hisoblanadi?
Soliq kodeksining 19-moddasiga muvofiq O‘zbekistonda doimiy yashab turgan yoki joriy soliq davrida yakunlanayotgan har qanday ketma-ketlikdagi o‘n ikki oylik davr ichida jami bir yuz sakson uch kun va undan ortiq muddat O‘zbekistonda turgan jismoniy shaxs O‘zbekistonning rezidenti deb e’tirof etiladi.
Misol: chyet ellik fuqaro kontrakt asosida ishlash uchun 2017-yilning 1-sentabrida O‘zbekistonga keldi. 2018-yil yanvar oyida O‘zbekiston tashqarisiga 20 kunga chiqib ketib, qaytib keldi.
Chet ellik fuqaro O‘zbekiston hududida jami 194 kun (2018-yil yanvar oyida 20 kunni chegirib, 2017-yilning 1-sentabridan 2018-yilning 1-apreligacha hisoblaganda) turdi. Binobarin, u soliq solish maqsadida O‘zbekistonning rezidenti hisoblanadi. Shu sababli bunday toifadagi fuqarolar ham 2017-yilda olgan daromadlari bo‘yicha 2018-yilning 1-aprelidan kechiktirmasdan deklaratsiya taqdim etishi lozim.
Deklaratsiya qachon taqdim etiladi?
Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya, yuqorida ta’kidlanganidek, tegishli daromad olingan yildan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay taqdim etiladi. Agar 1-aprel dam olish yoki ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, deklaratsiya undan keyingi birinchi ish kunidan kechiktirmay (Soliq kodeksining 36-moddasi) taqdim etilishi shart.
Chet ellik jismoniy shaxs – O‘zbekistonning rezidenti soliq solinishi lozim bo‘lgan daromad keltirayotgan faoliyatini kalendar yili ichida tugatgan va O‘zbekiston hududidan tashqariga chiqib ketayotgan bo‘lsa, uning O‘zbekiston hududida turgan vaqtda joriy soliq davrida haqiqatda olgan daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiya mazkur jismoniy shaxs O‘zbekiston hududidan tashqariga chiqib ketishidan bir oy avval taqdim etilishi lozim.
Agar chet ellik jismoniy shaxs – O‘zbekistonning rezidenti joriy yilning 1-fevraliga qadar doimiy yashash uchun xorijga chiqib ketayotgan bo‘lsa, joriy yil uchun daromadlari bo‘yicha deklaratsiya taqdim etmaydi.
Deklaratsiyaga qanday hujjatlar ilova qilinadi?
Jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiya shakli O‘zbekiston Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan «Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorning (ro‘yxat raqami 2439, 2013-yil 22-mart) 2-ilovasida keltirilgan.
Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyaga belgilangan shakldagi to‘langan daromadlar va ushlab qolingan daromad solig‘i summalari haqidagi ma’lumotnoma ilova qilinadi.
Jismoniy shaxs ikki va undan ortiq daromad manbaiga ega bo‘lsa, barcha manbalardan ma’lumotnoma taqdim etishi zarur.
Fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida daromadlar olgan shaxslar ularni yaratish va ulardan foydalanish uchun zarur materiallar olish, bino va mol-mulk ijarasiga doir xarajatlarni (olingan jami daromad summasining 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda) chegirishga haqlidir. Ushbu xarajatlar hujjatlar (nazorat-kassa mashinasi yoki terminal cheklari, kvitansiyalar, shartnomalar, hisobvaraq-fakturalar va hokazo) bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Grant shaklida daromad olgan jismoniy shaxslar deklaratsiyani topshirayotganda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining tegishli xulosasini ham taqdim etishlari kerak.
Mol-mulkni (avtotransport, bino va inshootlar, turar va noturar joylar) ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar ijara shartnomalari nusxalarini deklaratsiyaga ilova qilishlari shart.
Mamlakatdan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlardan soliqni hisobga olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ushbu daromadlardan to‘langan soliq summalari haqida chet davlat vakolatli organi tasdiqlagan ma’lumotnomani taqdim etadi.
Soliq kodeksining 180-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq eng kam ish haqining to‘rt baravarini chegirish tarzidagi imtiyozga ega bo‘lgan shaxslar imtiyozga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishlari va deklaratsiyada ko‘rsatishlari lozim.
Deklaratsiyani qanday usullarda taqdim etish mumkin?
Deklaratsiya bevosita jismoniy shaxsning doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga, pochta orqali buyurtma xat shaklida, shuningdek, elektron shakldagi axborot tarzida va internet tarmog‘i orqali taqdim etilishi mumkin.
Deklaratsiya soliq organiga shaxsan taqdim etilganda davlat soliq organining tegishli bo‘limiga topshiriladi.
Pochta orqali yuborilayotgan deklaratsiya konvertga solinadi va soliq to‘lovchining yashash joyidagi davlat soliq xizmati organi adresiga jo‘natiladi.
Elektron hujjat tarzida tayyorlangan deklaratsiyani soliq to‘lovchi bevosita yoki axborot vositachisi (elektron hujjatlar aylanmasi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxs) orqali jo‘natishi mumkin. U elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi, bunda belgilangan shakl to‘liq to‘ldirilgan bo‘lishi kerak.
Shuningdek, deklaratsiyani Davlat soliq qo‘mitasining «my.soliq.uz» – «Elektron soliq xizmatlari» portalidagi «Soliq deklaratsiyalarini yuborish» interaktiv xizmati orqali ham jo‘natish mumkin.
Soliq to‘lash muddatlari
Soliq to‘langan sana quyidagilardir:
— bankdagi hisobvaraqdan to‘langan taqdirda – bankdagi hisobvaraqlardan mablag‘lar hisobdan chiqarilgan kun;
— naqd pulda to‘langan taqdirda – bank kassasiga mablag‘ to‘langan sana.
Jismoniy shaxslar – O‘zbekistonning rezidentlari hisoblab chiqarilgan daromad solig‘ini xorijiy davlatda joylashgan bank hisobvarag‘idan chet el valyutasida to‘lashi mumkin. Bunda jismoniy shaxslardan olinadigan, milliy valyutada ifodalangan soliq jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘langan sanada Markaziy bank tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha chet el valyutasida qayta hisoblab chiqiladi.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisoblab chiqariladigan daromad solig‘ini jismoniy shaxslar to‘lov xabarnomasida ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lashi kerak.
Eslatib o‘tamiz, soliqni to‘lash muddatlarini buzish to‘lovning belgilangan muddatidan keyingi kundan e’tiboran muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun (to‘lov kuni ham shunga kiradi) 0,033 foiz miqdorida penya hisoblashga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani o‘z vaqtida taqdim etmaslik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 174-moddasi uchinchi qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortib, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shularni e’tiborga olgan holda daromadlaringiz to‘g‘risidagi deklaratsiyani oxirgi muddat – 1 aprelni kutmasdan yashash joyingizdagi davlat soliq inspeksiyasiga o‘z vaqtida taqdim etishingizni maslahat beramiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter