Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat xizmatlari markazlari soni yana bittaga ko‘paydi (foto)

Davlat xizmatlari markazlari soni yana bittaga ko‘paydi (foto)

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

Bugun, 30-yanvar kuni Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida yangi, zamonaviy Davlat xizmatlari markazi o‘z eshiklarni ochdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Davlat xizmatlari agentligining Jamoatchilik va OAV bilan ishlash bo‘limi ma’lum qildi. Mazkur tumanning 51 mingdan ortiq aholisi endi qulay va sifatli davlat xizmatlari olish imkoniga ega. Viloyatga tashrif buyurgan yurtboshimiz bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Yuqori xizmat ko‘rsatish standartlari, davlat xizmatlarini olish tartibini soddalashtirish va tezkorligini, fuqarolarni kutish vaqtlari unumli o‘tishini ta’minlash — Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini tashkillashtirishda bularning barchasiga alohida e’tibor qaratiladi.

An’anaga ko‘ra, har bir ochilayotgan Davlat xizmatlari markazi avvalgisidan qo‘shimcha yaratilgan sharoitlar va joriy etiladigan va sinov tariqasida ko‘rsatiladigan yangi xizmatlar bilan farqlanadi. Mirzacho‘l tumani markazi ushbu an’anani davom ettirdi.

Navbatlari kelguncha yaratilgan kutubxonada fuqarolar qiziqarli kitob o‘qishi, bolalar esa maxsus jihozlangan maydonchada vaqtlarini o‘tkazishi mumkin. Bundan tashqari, markazning o‘zida «Baxt uyi», tuman adliya bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi ham joylashgan.

Shuningdek, Markaz eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish, fuqarolik pasportini olish va almashtirish uchun zarur bo‘lgan texnika bilan jihozlangan. Barcha xizmatlar elektron navbat tartibida ko‘rsatiladi.

2019-yil mamlakatimizda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e’lon qilindi. Mazkur nomlanish barcha sohalarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan mezonlarni belgilaydi. Davlat xizmatlari tizimi ham bu jarayondan chetda qolgani yo‘q. Ilk bor yangi Markazda tashkil etilgan investorlar uchun tashkil etilgan maxsus xona — buning yaqqol misolidir. Bu yerda tadbirkorlar yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, imtiyozlar, O‘zbekistonda biznesni ochishning o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil ma’lumot olishlari mumkin.

Ta’kidlash joizki, Mirzacho‘l tumani aholisining turmush darajasini bosqichma-bosqich yaxshilash, qishloqlar qiyofasini tubdan yangilab, ularning yashash tarzi va turmush darajasiga ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, shuningdek, aholi uchun yangi ish joylarini yaratishga qaratilgan «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan ilk hududlar safiga kiradi.

Shubhasiz, ochilgan Davlat xizmatlari markazi, sahrolar o‘rtasida barpo etilgan zamonaviy va obod Mirzacho‘lning yana bir ajoyib ziynatiga aylanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring