Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat xizmatlaridan elektron foydalaning

Davlat xizmatlaridan elektron foydalaning

Bugun hayotimizni axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilish qiyin. Hukumatimiz ham aholiga har tomonlama qulay va yengil bo‘lishi uchun Elektron hukumat tizimida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)ning yangi talqinini ishga tushirdi.

Yagona portal faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan asosiy maqsad – aholiga davlat organlari tomonidan elektron davlat xizmatlarining sifatli va uzluksiz ko‘rsatilishini ta’minlashdir. Shu bilan birga davlat organlari faoliyati samaradorligi, tezkorligi va shaffofligini oshirish, aholi va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishning qo‘shimcha mexanizmlarini yaratish orqali mas’uliyat va ijro intizomini ham kuchaytirishdir.

Endi fuqarolar idoralar, korxona va tashkilotlararo sarson bo‘lmay, uy yoki ishxonasidan turib ham elektron davlat xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.

Xo‘sh, bu qanday amalga oshiriladi?

Avvalo, my.gov.uz portaliga kirib, yagona identifikatsiya tizimiga o‘tiladi.

Portalda ro‘yxatdan o‘tganlar esa taqdim etilgan shaxsiy login va paroli orqali Yagona portalda avtorizatsiyadan o‘tishlari mumkin.

Ilk foydalanuvchilar «Ro‘yxatdan o‘tish» bandini tanlab, havola etilgan so‘rovnomani to‘ldirishadi.

Dastlab jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami (JShShIR – bu fuqarolik pasportining quyi qismidagi 14 raqam) kiritiladi.

So‘ngra pasport seriyasi va raqami, elektron pochta manzili, telefon raqami yozilib, kodli «SMS olish»  tugmasi bosiladi.

Telefon raqamga SMS orqali kelgan kod tegishli maydonchaga yozilib, «Keyingi» jarayonga o‘tiladi.

Navbatdagi bosqichda Id.egov.uz tizimi uchun login va parol kiritiladi hamda «Ro‘yxatdan o‘tish» tanlanadi.

Shundan so‘ng Id.egov.uz tizimida ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi xabarnoma keladi va u jarayon yakunlanganini anglatadi.  

Endi murojaatchi my.gov.uz portali orqali shaxsiy kabinetiga kirib, kerakli davlat xizmatlaridan bemalol foydalanishi mumkin.

                                                  Muzaffar Abduraimov,

Angren shahar Davlat xizmatlari markazi katta mutaxassisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring