Dasturchi qizlar forumi tashkil etildi
Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan «Raqamli avlod qizlari-2021» forumi tashkil etildi.
Qizlarning axborot-texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, tanqidiy fikrlash, yetakchilik qobiliyatlarini shakllantirish, tadbirkorlik va innovatsion yo‘nalishlarda loyihalarni boshqarish malakalarini rivojlantirish, shu bilan birga, o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlariga erishishda ularni (yoshidan va tajribasidan qat’i nazar) qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan forumda 1241 nafar qizlar qatnashish istagini bildirgandi.
Ulardan 45 nafari 2 bosqichli saralash asosida tanlab olindi. Bunda ularning bilim va tajribasi, jamoada ishlash qobiliyatlari, tashabbuskorligiga alohida e’tibor qaratildi. Chunki ular forumdan so‘ng, hududlarda IT sohasiga qiziqadigan qizlarga ta’lim berishadi. Shu orqali o‘z o‘rganganlarini ulashadilar.
Qatnashchilar hafta davomida malakali mentorlardan veb-dasturlash, grafik dizayn, loyihalarni boshqarish yo‘nalishlarida bilim olishdi hamda guruhlarga bo‘lingan holda, ta’lim, tibbiyot, turizm sohalarida ma’lum ijtimoiy muammo yechimiga yo‘naltirilgan loyiha ishlab chiqishdi.
Forumning yopilish marosimida 15 ta jamoa o‘z loyihalarini hakamlar hay’atiga taqdim etdilar. Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, eng dolzarb va innovativ deb topilgan loyihalar rag‘batlantirildi.
Nafosat Tojiboyeva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter