Daraxt kesganlik uchun jarima miqdori 5 baravarga oshirildi
«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunga asosan, daraxtlarni kesish yoki shikast yetkazganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi.
Xususan, MJtKning 79-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollar qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazgan fuqarolar BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha — 8 million 500 ming so‘mdan 17 million so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha), mansabdor shaxslar esa BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya’ni 17 million so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha) jarimaga tortiladi.
Shu bilan birga, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etish quroli bo‘lgan ashyo yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosi musodara qilinib, fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya’ni 17 million so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 75 baravaridan 100 baravarigacha, ya’ni 25 million 500 ming so‘mdan 34 million so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, MJtKning 79-moddasi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan mansabdorlar BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya’ni 17 million so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha jarimaga tortiladi.
Shu bilan birga, «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonun 49(1) va 49(2)-modda bilan to‘ldirildi. Ya’ni davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini g‘ayriqonuniy ravishda kesganlik, yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha (34 million so‘mdan 102 million so‘mgacha) miqdorda jarima tarzida moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.
Qonun 2024 yilning 1 mart sanasidan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter