Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dahoning bolalari: Lev Tolstoy merosxo‘rlarining taqdiri qanday kechdi?

Dahoning bolalari: Lev Tolstoy merosxo‘rlarining taqdiri qanday kechdi?

Lev Tolstoy xotini va bolalari bilan, 1903 yil 28 avgust.

Lev Nikolayevich Tolstoy — rus yozuvchisi.  1828-yil 28avgust (eski sana bo‘yicha 9 sentyabr), Tula gubernyasi Yasnaya Polyana qishlog‘ida tavallud topgan — 1910 yil Yasnaya Polyanadan bosh olib chiqib ketadi va yo‘lda shamollab, vafot etadi. Yasnaya Polyanada dafn etilgan).

Rossiyadagi kadimiy dvoryanlar sulolasidan, graf. Peterburg Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1873), faxriy akademigi. (1900). 1844—47 yillarda Qozon universitetining arab-turk va huquqshunoslik fakultetlarida o‘qigan. 

O‘tgan yili Lev Tolstoy tavallud topganiga 193 yil to‘ldi. Tolstoy hayot yo‘li, ijodi, uning asarlari taqdiri haqida ko‘pchiligimiz ma’lumotga egamiz. Biroq uning oilasi, farzandalari taqdiri haqida kam sonli kishilar bilsa kerak. Bugun sizga adibning farzandlari taqdiri haqida ma’lumot taqdim etamiz.

Sofiya Andreyevna Bers bilan turmush qurgan  adibning 13 nafar farzandidan atigi 8 nafari voyaga yetgan, ularning taqdiri nima bo‘lgan, tarix va adabiyotda qanday iz qoldirdi? Ushbu maqola orqali sizga bu haqda ma’lumot taqdim etamiz.

Sergey Lvovich Tolstoy, 1863 yilda tug‘ilgan.

To‘ng‘ichi o‘zining iste’dodi va yozuvchining akasi Nikolay Nikolayevichga o‘xshashligi bilan otasini juda xursand qilgan.  U uyda fan asoslarini o‘rgandi va keyinchalik Tula gimnaziyasida o‘qishga kirish sertifikati uchun imtihonlardan a’lo darajada  topshirgan.  Murakkab neft moylari bo‘yicha ilmiy ishini ajoyib tarzda himoya qilib, Moskva universitetini fan nomzodi unvoni bilan tamomlagan.  Shu bilan birga, u nafaqat raqs texnikasini, balki nazariya, garmoniya, rus milliy qo‘shiqlarini ham o‘zlashtirib, musiqani takomillashtirdi.

 Sergey Lvovich Tolstoy.  / Foto: www.tolstoy.ru

Sergey Lvovich iste’dodli bastakor, musiqiy etnograf, maqolalar va o‘quv materiallari muallifi sifatida mashhur bo‘ldi.  U Moskva konservatoriyasining fahriy professori edi.  Shundan so‘ng u otasi qoldirgan merosini asrab-avaylash bilan shug‘ullandi, S.Brodinskiy taxallusi bilan musiqaning Lev Tolstoy hayotidagi o‘rni haqida xotiralar va maqolalar yozdi.  U har yozni Yasnaya Polyanada o‘tkazardi.  U ikki marta uylangan, birinchi nikohidan o‘g‘il farzandi bo‘lgan. Sergey Lvovich 84 yoshida Moskvada vafot etdi.

 Tatyana Lvovna Suxotina (Tolstaya), 1864 yilda tug‘ilgan.

Lev Tolstoy Tatyana bilan alohida yaqinligi va uning atrofida quvnoq, xayrixoh muhit yaratish qobiliyati haqida yozib qoldirgan.  Tatyana Moskva rassomchilik, haykaltaroshlik va arxitektura maktabida tahsil olgan.  Keyinchalik u otasining 30 ga yaqin grafik portretlarini chizgan. Tatyana otasidan yozuvchi iste’dodini meros qilib olib, 14 yoshidan boshlab o‘zi uchun kundalik daftar tutib, bir qator ocherk va xotiralar bitgan.  U Tolstoy uy-muzeyining qo‘riqchisi edi.

1870 yil Lev Nikolayevichning bolalari: Ilya, Lev, Tatyana va Sergey.  / Foto: Yasnaya Polyana ko‘chmas mulk muzeyining yodgorlik bo‘lmagan fondidan.

1925 yilda u okrug zodagonlarining rahbari va birinchi Davlat Dumasi deputati Mixail Suxotinning nikohida tug‘ilgan qizi Tatyana bilan chet davlatga ko‘chib ketdi. Tatyana Lvovna 85 yoshida Rimda vafot etgan.

 L.N.  Tolstoy o‘g‘li Ilya Lvovich bilan.  1903 yil / Surat: S.A.  Sergeyenko, www.litena.ru.

Ilya Lvovich Tolstoy, 1866 yilda tug‘ilgan. Ilya bolaligida ota-onasiga juda ko‘p muammolarni keltirib chiqardi, muntazam ravishda o‘ziga qo‘yilgan taqiqlarni buzdi va zarracha bo‘lsada ilm-fanga dahldorlik hissini ko‘rsatmadi.  Biroq, uni Lev Tolstoy eng qobiliyatli adabiyotchi deb hisoblagan.  U o‘rta maktabni tugata olmadi, harbiy xizmatda bo‘ldi, keyin mansabdor shaxs, mulklarni tugatish agenti bo‘lib ishladi, bankda xizmat qildi. Amerikada  ijod namunalari turli nashlarda faol nashr qilinganiga qaramasdan, asosiy daromadi otasining ijodi haqidagi ma’ruzalari orqali edi.

U ikki marta turmush qurgan, Sofiya Filosofova bilan birinchi nikohida yetti farzand tug‘ilgan.  67 yoshida Amerikada saraton kasalligidan vafot etgan.

 Lev Lvovich Tolstoy, 1869 yilda tug‘ilgan. 

Yozuvchining uchinchi o‘g‘li otasidan ko‘ra ko‘proq onasi bilan yaqinroq edi.  Keyinchalik oilaviy nizolarda doimo onasining tarafini olib kelgan.  Lev Lvovich o‘zi haqida juda ziddiyatli deb yozgan. Onasi Sofiya Andreyevna uning asabiyligini va quvnoq emasligini ta’kidlagan.

Unda ilm-fanda alohida bir iqtidor ko‘rinmadi, balki adabiy iste’dod, musiqa va badiiy iste’dod bilan ko‘zga tashlandi.  U bolalarga bag‘ishlangan ko‘plab asarlar, otasi haqidagi xotiralar muallifi sifatida tarixda o‘z izini qoldirdi.  1918 yildan boshlab Shvetsiyada yashay boshladi. Ikki marta turmush qurdi, Dora Vesterlund bilan birinchi nikohida 10 farzand tug‘ilgan, ikkinchisida Marianna Solskaya bilan kechgan nikohidan bir o‘g‘il farzandli bo‘lgan.  1945 yilda Shvetsiyada vafot etgan.

 Mariya Lvovna Obolenskaya (Tolstaya), 1871 yilda tug‘ilgan.  Surat: www.persons-info.com

Mariya bolaligidan kasalmand bola edi.  U adib mehr-muhabbatining  tashqi belgilarini ko‘rsatgan, zavqlanishi mumkin bo‘lgan bolalarining yagonasi edi.  Qiz onasi bilan munosabatlarda aytarli iliqlik o‘rnatmadi, lekin bolaligidan otasining sodiq yordamchisi, hamrohi va sevimlisiga aylandi.  Mariya Lvovna ta’lim ishlari bilan shug‘ullangan, eng ko‘p vaqt va shijoatini muhtojlarga yordam berishga sarflagan. Yasnaya Polyanada 35 yoshida pnevmoniyadan vafot etgan.

 Andrey Lvovich Tolstoy, 1877 yilda tug‘ilgan. Surat: www.interesno.cc

Pyotr, Nikolay va Varvaraning o‘limidan keyin tug‘ilgan kichik bolalarni tarbiyalashda Lev Nikolayevich juda kam ishtirok etdi.  Bu ularni sevmasdi, degani emasdi. Onasi Andreyni o‘zgacha yaxshi ko‘rar edi.  Ammo u o‘zining juda erkin turmush tarzi, sharob va ayollarga ishqibozligi bilan otasini juda ko‘p ranjitdi.  Andrey Lvovich hech qanday alohida iste’dod ko‘rsatmadi, u rus-yapon urushida qatnashdi, yarador bo‘ldi va jasorati uchun Georgiyevskiy xochi bilan taqdirlandi.  Xuddi mana shuning ortidan yuqori martabali amaldor lavozimni egalladi.

U ikki marta uylandi, ikkita nikohdan uchta farzandli bo‘ldi.  Sepsis (qon tarkibidagi zararli mikroblar vaqti kelib butun tanani zaharlashi) natijasida 39 yoshida Petrogradda vafot etdi.  O‘limidan biroz oldin u bashoratli tush ko‘rdi va u tushida o‘zining dafn marosimida qatnashgani haqida aytib o‘tgan.

Mixail Lvovich Tolstoy, 1879 yilda tug‘ilgan. / Foto: www.report.if.ua

Musiqiy iste’dod va musiqa yozish istagi Mixailning hayotida o‘z aksini topmadi.  U harbiy yo‘lni tanladi, Birinchi jahon urushida qatnashdi.  1920 yilda u chet elga ko‘chib ketdi.  So‘nggi yillarini Marokashda o‘tkazdi, u yerda o‘zining yagona asari «Mitya Tiverin» (Mixail Lvovichning Yasnaya Polyana hayoti haqidagi xotiralar)ni yozib tugatdi.  Uning yagona nikohidan  9 farzand tug‘ilgan. 65 yoshida Marokashda vafot etgan.

 Aleksandra Lvovna Tolstaya.  / Foto: www.lj-top.ru

Aleksandra Lvovna Tolstaya, 1884 yilda tug‘ilgan.

Yozuvchining kenja qizi 16 yoshida otasining shaxsiy kotibi sifatida faoliyat olib bordi.  Ko‘pchilik uning iste’dodini va hayotga jiddiy munosabati haqida aytib o‘tishgan.  Birinchi jahon urushida ko‘ngilli sifatida qatnashgan, harbiy tibbiy otryadning boshlig‘i bo‘lgan.

1920 yilda u hibsga olingan va uch yilga hukm qilindi, muddatidan oldin ozod qilinganidan keyin Yasnaya Polyanaga qaytib, 1924 yilda muzey kuratori va bir vaqtning o‘zida ma’rifiy ishlar bilan shug‘ullangan.  1929 yilda Amerikaga ko‘chib ketgan.  U faol ravishda ma’ruzalar o‘qigan, otasi haqida xotiralar yozgan, Tolstoy fondini yaratib, uni boshqargan. U rus muhojirlarining AQShda joylashishga astoydil yordam ko‘rsatgan.

Uning sovetlarga qarshi bayonotlari sababli hatto muzey ekskursiyalarida ham uning ismini tilga olish taqiqlangan, u ishtirok etgan fotosuratlar va kinoxronikalar ko‘rgazmalardan butunlay olib tashlangan. Aleksandra Lvovna 95 yoshida Amerikada vafot etgan.

Nuriddin Ziyo To‘raqulov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring