Tolstoyning kaltaklab o‘ldirilgan o‘zbek do‘sti
1909-yilning yoz oylari. Tula guberniyasi. Chor imperiyasi tuzumiga qarshi harakatlari uchun surgun qilingan dog‘istonlik Qoziyev, Magomed Efendiyev va toshkentlik Abduvohidqori ertalabgacha mashhur inson bilan gurunglashdilar. Musulmon ziyolilarining suhbatdoshi o‘rmon ortidagi Yasnaya Polyana qishlog‘ilik yelkalari keng, sersoqol, shlyapa kiygan qariya edi. U dunyoga tanilgan yozuvchi Lev Tolstoy bo‘lib, uyiga borgach, kundaligiga shunday so‘zlarni bitib qo‘ydi: «Men bugun bug‘doyrang o‘rta osiyolik bilan tanishdim...»
Tolstoy yozgan bug‘doyrang O‘rta osiyolik biz yuqorida tilga olgan Abduvohidqori edi.
Jangu jadallar sababli zax yerlarda yotib-turaverib o‘pkasini shamollatgan zobit, taniqli adib Lev Tolstoy 1862-yili shifokorlar maslahatiga ko‘ra Boshqirdistonga boradi. G‘oyat xushmanzara Qoraliq qishlog‘ida o‘pkasini qimiz bilan davolatib yurganida shu yerlik Sofya ismli qizni sevib qoladi va unga uylanadi. Endi oddiy qishloq shifokorining qizi Sofya Andreyevna Bersni (1844–1919) garfinya Tolstaya deya chaqira boshladilar.
Xotinining yurtida Tolstoyni, eng avvalo, joy nomlari hayratlantirdi. Masalan, Qoraliq atamasi. Keyin atrofda nafaqat boshqird, tatarlar, balki buxorolik, xorazmlik va toshkentliklarning ko‘pligi, ularning tili, urf-odatlari adib uchun qiziq edi.
Oradan yillar o‘tib, 1909-yili Tulada bo‘lgan uchrashuvda Tolstoy bir paytlari xotinining yurtida so‘zlarini eshitib, kiyimlaridan hayratlangan O‘rta Osiyolik musulmon bilan tonggacha gurunglashdi.
Suhbat chor tuzumi, yer-suv, din masalasidan tortib, O‘rta Osiyo musulmonlari hayoti haqida bo‘ldi. Lev Nikolayevich Abduvohidqoriga islom dini to‘g‘risidagi o‘z tushunchalarini bayon qildi. Shuningdek, Muhammad payg‘ambar bilan bog‘liq hadislarni to‘playotganini gapirdi:
– Balki, eshitgandirsizlar, kunlardan birida xurmo daraxti ostida uxlab qolgan Muhammad payg‘ambar uyg‘onsalar, qo‘lida bir qilich bilan uning ustida dushmani Du’suur turibdi. U so‘raydi: «Ey Muhammad, endi seni o‘limdan kim qutqaradi? Shunda Muhammad payg‘ambar javob beradilar: «Alloh!»
Du’suurning qilichi yerga tushdi. Uni qo‘lga olgan Muhammad payg‘ambar o‘z navbatida so‘raydilar: «Ey Du’suur, endi seni o‘limdan kim qutqaradi?» Du’suur : «Hech kim!» – deb javob beradi. Shunda payg‘ambar uni ozod qilib: «Bil, seni ham o‘limdan menim Allohim qutqardi», deydilar va uning qo‘liga qilichini qaytarib berdilar». Du’suur ketayotib: «Sen mendan xayrliroqsan», deydi. Muhammad payg‘ambar esa unga qarata «Men bunga sendan ko‘ra haqliroqman», deya javob qaytaradilar.
Du’suur: «Men Allohdan boshqa iloh yo‘qligiga va sen Uning rasuli ekaninggga ishondim», deya shahodat keltiradi va musulmon bo‘ladi. Du’suur shu tariqa payg‘ambarning do‘stlaridan biriga aylanadi. Mana, islom ma’rifati, – deya Lev Nikolayevich shu kabi o‘zi to‘playotgan yana boshqa hadislardan ham so‘z ochdi.
– «Jahannam nafsga xush kelgan narsalar bilan, jannat esa nafs istamagan narsalar bilan o‘ralgandir», «Kishilarning qusurlarini, agar u qusurlar ularning o‘zlarida bo‘lsa ham yuziga solmoqdan saqlan», «Hamma kishilar uchun yaratilgan narsalardan faqat o‘zi uchun foydalangan kimsa aybdor va qonun oldida javobgardir», «Haqiqat insonlar uchun naqadar achchiq bo‘lsa-da, haqiqatni so‘ylagin. Shu va shu kabi Muhammad payg‘ambarning hadislari naqadar hayotiy, haqqoniy. Ularda inson umrining mazmuni mujassam. Men bir necha yillardirki, Abdullooh Suhravardiyning «Hazrati Muhammadning hadislari» kitobi orqali hadislarni to‘plab rus tilida o‘quvchilarga taqdim etdim.Qozon universitetida o‘qiyotganimda, Ufaga xotinim bilan har gal borganimda o‘sha yerlik va u yerga borgan musulmon savdogarlar bilan suhbatlashib, ko‘nglimda islom diniga muhabbat uyg‘ondi, – dedi Tolstoy.
– Aytsam g‘alati bo‘lar, lekin hamma narsadan masihiy g‘oyalarni va chin ma’noda masihiylik ta’limotini yuqori qo‘yadigan menday bir odam ham Muhammad dini o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan cherkov masihiyligidan qiyoslab bo‘lmaydigan darajada baland turadi, deb bilaman. Shunday ekan, bordi-yu, odam oldida cherkov dinini yo islom dinini tanlash masalasi ko‘ndalang bo‘lsa, har qanday ongli odam ikkilanib o‘tirmay Muhammad payg‘ambar dinini tanlaydi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Chunki, cherkov dini troitsa. Gunoh yuvish, yashirin topinishlar, xudoning onalari, avliyolar va ularning suvratlari... singari qiyin va tushunarsiz ibodatlar, marosimlardan iborat ilohiyotdir. Islomda esa bu narsalar yo‘q, u yakka Xudoning bitta yo‘lini va U yuborgan payg‘ambarlarnigina tan oladi. Boshqacha aytganda, cherkov diniga kirib qolgan hamda ta’limot mohiyatini xiralashtiradigan ko‘plab irim-sirimlardan xoliligi jihatidan ham Muhammad dini masihiylikdan yuqori turmasligi mumkin emas. Loaqal islom masihiylikdan 600 yil keyin paydo bo‘lgani uchun ham shunday.
Dunyoda hamma narsa rivojlanadi, takomillashadi. Alohida bir odam qanday komillashib borsa, butun insoniyat ham shunday komillashib boradi. Odamlar hayotining bosh asosi ularning diniy onglaridir. Dinning takomillashuvi esa, uning soddalashishidan, anglana borishidan, o‘zidan yashirib turgan barcha g‘uborlardan tozalana borishidan iboratdir. Diniy harakatning o‘zini yashirib turgan g‘uborlaridan bu singari qutulib borishini barcha katta dinlarning asoschilari bo‘lmish insoniyatning buyuk mutafaakirlari eng qadim zamonlardan beri amalga oshirib kelmishgan. Bizga ma’lum boshqa dinlardan avval dinni bu xil yangicha va xiyla yuksak tushunish Hindistonda Veda kitoblarida, keyinroq Muso, Budda, Konfutsiy, Laotse, Iso va Muhammad ta’limotlarida ko‘rinadi. Dinni qadimgicha qo‘pol tushunishlardan tozalab, o‘rniga ancha teranlik, soddalik va oqilonalikni kiritgan yangi din asoschilarining hammasi, shubhasiz, buyuk odamlar edi. Lekin har holda odam edilar va shuning uchun ham haqiqatning butun ravshanligi, teranligini, o‘tmishdagi har qanaqa adashuvlardan pokligini ifodalab berolmasdilar. Ammo bu odamlar xato qilishlari mumkin emas, ularning barcha aytganlari shak-shubhasiz haqiqat, deb xayol qilganimizda ham, ularning o‘zlaridan ancha past turadigan izdoshlari u haqiqatni bor teranligi bilan anglab olmay, uni bejash, hamma uchun majburiy qilish istagidan kelib chiqib, unga yana ko‘p keraksiz, ayniqsa, g‘aroyib narsalarni tiqishtirib buzib yuborganlar. Oqibatda ko‘p odamlar haqiqatning o‘zini bor ahamiyati bilan ko‘ra olmay qiynala boshladilar. Bunday buzilishlar dinlar qancha uzoq yashagan sari asoschilar ochgan haqiqatga shuncha suqilib kirib olgan va bu hol haqiqatning yuzini xiralashtirgan. Shuning uchun ham eng qadimgi dinlar har xil g‘aroyibotlar va turli irim-sirimlar bilan to‘lib toshgan: eng ko‘pi eng qadimiy braxmanlikda, yahudiy dinida undan kamroq. Budda, Konfutsiy, Taosit dinlaridan yanada kam, masihiylikda undan ham kam, eng oxirgi katta din – islomda esa butunlay kamdir, – deya Lev Nikolayevich o‘zining islom va nasroniylik borasidagi qarashlarini davradagilarga bayon qildi.
Suhbatdosh musulmonlar buyuk adibning islom dini va Muhammad payg‘ambar to‘g‘risidagi bu so‘zlaridan mag‘rurlanish hislarini sezdilar. Ammo har uchala suhbatdosh ham Tolstoyning so‘zlariga aralashmay, jim o‘tirganicha uni tinglashardi. Zero, dunyoga taniqli keksa adibni hadeb turli savollar bilan bezovta qilavermay, uni tinglashni afzal bilishardi. Qolaversa, shundog‘am suhbat mavzusini Tolstoy islom dini, musulmonlar yashayotgan O‘rta Osiyo bilan bog‘layotgan edi.
Ayniqsa, Tolstoy janoblari Abduvohidqorining shunchaki oddiy musulmon emasligi, madrasa mudarrisi, qozi, Rossiya davlat dumasiga deputat bo‘lib saylangan jamoat arbobi, islohotlar va chor mustamlakachiligi zulmiga qarshi keskin fikrlar bildirgani uchun badarg‘a etilgan isyonkor ekanligini angladi. Mavzu o‘z-o‘zidan O‘rta Osiyoga qilingan chor bosqini, Pyotr 1 harakatlari-yu, Perovskiydek istiloparast generalning Xorazmga yurishi va sharmandalarcha chekinganiga bog‘landi.
Suhbatda Perovskiy nomi tilga olinishi bilan, Tolstoy «Dekabristlar» romanida XIX asrdagi Rossiya hayoti, aslzodalar, zobit va saroy amaldorlari o‘rtasidagi ziddiyatlar, isyonkorlik, bosqinchilik, xullas real hayotni yoritganini so‘zlab berdi. «Asar qahramonlaridan biri general Perovskiydir». – dedi Tolstoy suhbatdoshlariga.
Shundan keyin Tolstoy musulmon suhbatdoshlariga general Perovskiy to‘g‘risida ma’lumot berdi.
– Orenburg general gubernatori Vasiliy Alekseyevich Perovskiy (1794–1857) XIX asrda Rossiyaning eng dongdor kishilaridan, imperatorning esa arzanda generallaridan bo‘lgan. U O‘rta Osiyoni bosib olish tashabuskorlaridan edi. Ayni paytda adib, olimlar bilan do‘st bo‘lib, hatto Pushkinga ancha yaqin edi. U 1833 yilning 20 sentyabrida Pushkinni Orenburgdagi uyida mehmon ham qilgan. Pushkinning general bilan yaqinligiga sabab, gubernatorning akasi Aleksey Perovskiy (1787–1836) yozuvchi bo‘lib, Antoniy Pogorolskiy taxallusi bilan shuhrat qozongandi.
General Perovskiy, shuningdek, Orenburgdagi V.Dal, Shternberg, A.Bryullov, N.Xanikov, G.Danilevskiy singari rassom va olimlarni taklif qilib, ularga sharoit yaratib berdi. Bu tadqiqotchi ziyolilar 1839 yili Perovskiyning Xiva xonligiga qilgan yurishida ishtirok etishdi. Hujum muaaffaqiyatsizlikka uchrab, Orenburgga qaytishgach, N.Xanikov «Xiva yurishi» nomli asarini yozdi.
«Xiva yurishi»da yoritilgan voqealar meni hayratga soldi. Perovskiy shaxsini o‘rganish asnosida Xorazm bilan bog‘liq boshqa asarlarni, chorizm bosqinchiligini aks ettirgan tadqiqotlarni o‘qib chiqdim.
Hatto, 1876 yili yuqoridagi voqealar yuz bergan Orenburgga borib, «Dekabristlar» asari uchun hujjatlar to‘pladim.»Xiva yurishi»ni chop etgan «Rus arxivi» nashri bosh muharriri P.Bartenevga xat yozib, mavzu bo‘yicha meni qiziqtirgan savollarga javob izladim—dedi Tolstoy.
Ma’lumki, «Dekabristlar» romanini yozish jarayonida adib qarashlarida keskin o‘zgarishlar yuz berdi. Hatto, nasrni qo‘yib, publitsistkada ijod qildi. «Odamga ko‘p yer kerakmi?», «Inson nima bilan tirik?», «Xudo haqiqatni ko‘rsa ham tezroq ayta olmaydi» singari maqolalar yozdi. Dehqonchasiga yashab, yer chopdi, etigini o‘zi tikib, go‘shtsiz ovqat yeya boshladi. Tekinga ovqat beradigan oshxona ochdi.
Qoziyev, Efendiyev va Abduvohidqori bilan 1909- yilda kechgan suhbat oqshomida Tolstoyning ana shu e’tiqodi yaqqol aks etib turar, shu bois gurung ertalabgacha davom etgandi. Keyinchalik yozuvchi bo‘lib yetishgan va o‘sha suhbatdan g‘oyat ta’sirlangan Magomed Efendiyev oradan yillar o‘tib, Tolstoy bilan qilgan gurunglarini qog‘ozga tushirdi. Abduvohidqori Magomed orqali Tolstoy bilan tanishgan edi. Bu uchrashuvdan bir yil o‘tib, 1910- yilning noyabrida Tolstoy vafot etdi. Abduvohidqori mashhur adibning dafn marosimida ham qatnashgan. «Abduvohidqori Abduraufqoriyev Tolstoy bilan suhbatlashgan birgina o‘zbek kishisi edi» (V.Bulgakov, «L.Tolstoy v posledniye godi jizni» M, 1960, str 390–391).
Oradan yetti yil o‘tib, 1917-yilning fevralidagina Abduvohidqori surgundan vataniga qaytdi. Shundan so‘ng ham doimo sovet hukumatining ta’qiblari ostida yashaydi. 1923-yilda Said Hamza ismli arabistonlik bilan uchrashgani uchun uni Qozog‘istonda uch oy hibsda saqlashdi. Keyin ozod qilishdi. E’tiborlisi, uch yil muqaddam xorijlik arab bilan shunchaki suhbatlashgani bois qamalgan qori, 1926-yilda Moskva ruxsati bilan xalqaro anjumanda qatnashish uchun Arabistonga yuborilgan.
Anjumandan qaytib kelgach, Toshkentda yashay boshladi. Biroq 1937-yil qatag‘oni uni ham o‘z domiga tortdi. 1938-yil 12-yanvar kuni esa qamoqxonada... kaltaklab o‘ldirildi. Bu vaqtda Abdulvohidqori 83 yoshga kirgan qariya edi.
Tolstoy bilan suhbatlashgan, xalqini ma’rifatli qilishga hayotini bag‘ishlagan jadid ziyolisining umri shunday fojiali yakun topdi.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter