Szinpin va Putin Samarqandda uchrashdi
15-sentyabr kuni Xitoy rahbari Si Szinpin hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Samarqandda uchrashdi. Tahlilchilar bu Ukraina bosqini boshlangandan buyon ikki davlat rahbarining dastlabki yuzma-yuz muloqoti ekaniga e’tibor qaratmoqda.
Xitoy tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, rasmiy Pekin dunyodagi beqarorliklarning oldini olishda Moskva bilan hamkorlik qilishda sobit ekani ma’lum qilgan. Xitoy tomoni buyuk davlat sifatida mas’uliyatni zimmaga olib, Rossiya bilan birgalikda jahonda tartib o‘rnatish istagini bildirgan.
Kreml matbuot xizmatiga ko‘ra, Putin Xitoy rahbariga dunyoda bir qutbli nizomni yaratishga urinish bo‘layotgani haqida gapirib, bu holni nomaqbul deb atagan. U, ayni choqda, Tayvan masalasida Xitoyni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.
Rasmiy Pekin tarqatgan xabarda muhokama etilgan masalalar qatorida Ukraina mavzusi tilga olinmagan. Ammo Kreml xabarida Putin «xitoylik do‘stlarning Ukraina inqirozi borasidagi vazmin pozitsiyasini yuksak baholagani» qayd etilgan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Xitoy rahbari bilan uchrashuv, avvalo, kollektiv G‘arb tomonidan yakkalab qo‘yilgan Putinning xalqaro maydondagi nufuzini yaxshilash uchun muhim. Qolaversa, Ukraina bosqinidan keyin misli ko‘rilmagan sanksiyalarga duchor bo‘lgan Rossiya Xitoyning sarmoya, texnologiyalari va siyosiy daldasiga muhtojdir. Kreml Ukraina urushidan keyin mamlakat bozorini tark etgan G‘arb shirkatlari o‘rnini Xitoy kompaniyalari egallashiga ham umid qilmoqda. Qolaversa, so‘nggi paytlarda Ukraina frontida muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgan Rossiya Xitoyning harbiy ko‘magiga ko‘z tikmoqda.
Qayd etish joizki, Xitoy rahbariyati garchi Ukraina urushining kelib chiqishida AQSh va NATOni ayblagan bo‘lsa-da, amalda xalqaro sanksiyalarga rioya qilib, Rossiyaga yaqin ko‘makchi bo‘lishdan o‘zini tiymoqda.
AQShdagi Stimson tahlil markazi Xitoy tadqiqotlari dasturi direktori Yun Sunning fikricha, urush qanday yakun topishidan qat’i nazar Pekin baribir yutadi: agar muhorabada Rossiyaning qo‘li baland kelsa, Xitoy qudratli ittifoqchiga ega bo‘ladi; Putin mag‘lubiyatga uchrasa, mamlakat de-fakto Xitoyning vassaliga aylanadi.
Szinpin va Putinning Samarqandda uchrashgani rasmiy Vashington tomonidan xavotir bilan qarshilangan.
«Biz Xitoy va Rossiya munosabatlari chuqurlashuvidan xavotirimizni izhor etib kelmoqdamiz. Bu hol hatto Rossiya Ukrainada beayov, agressiv urush boshlaganidan keyin ham kuzatilmoqda. Bu uchrashuv ana shu iliqlikning namunasidir», – deya izoh bergan Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per 15 sentyabr kungi matbuot anjumanida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden Xitoy va Rossiya rahbarlarini muqoyasa etar ekan, «Unda (Szinpin nazarda tutilmoqda – tahr.) demokratiyaning “d” harfi ham yo‘q. Biroq u aqlli, aqlli yigit. U ham xuddi Putin kabi avtokratiya – bo‘lg‘usi trend deb o‘ylaydiganlar sirasidan», – degan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter