Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Suv adolatli taqsimlanadi» (video)

2020 yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolangan edi. Oradan bir yil vaqt o‘tdi. Demak, belgilangan topshiriqlar ijrosi bilan qiziqsak ham bo‘ladi.

Xo‘sh, elektron hukumatni rivojlantirish va raqamli iqtisodiyotga o‘tish bizga nima beradi? Buni har bir davlat tashkilotida amalga oshirilib, joriy etilayotgan loyihalardan ham bilish mumkin.

Qishloq xo‘jaligi bizning eng e’tibor markazimizda turuvchi tarmoqlardan biri. Bu soha rivojlansa, bozorlarimiz, xonadonlarimizda to‘kin-sochinlik bo‘ladi. Mahsulotlarimizni chet davlatlarga eksport qilamiz. Dehqon va fermerlarimiz yaxshi daromad topadi. Demak, bizning birinchi tashrifimiz Qishloq xo‘jaligi vazirligiga bo‘ldi.

Bugun qarorda belgilangan davlat dasturi doirasida nima ishlar qilinmoqda? Bu haqda Vazirlikning Agrar sohada raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Fozil Teshayev bilan suhbatlashamiz.

– Agrosanoat sohasida yagona integratsion platforma joriy etilayotganini eshitdik. Ayting-chi, u orqali qanday jarayonlar amalga oshiriladi?

– Haqiqatan, hozirgi kunda agrosanoat sohasida yagona integratsion platforma tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Mazkur platforma qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish, turli idoralarning axborot tizimlarini bir joyga jamlagan holda asosiy ko‘rsatkichlarning monitoringini yuritish hamda zarur qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Ayni kunlarda platformani tashkil etish bo‘yicha arxitektor konsalting kompaniyani tanlash, Jahon banki tomonidan moliyalashtirish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.

– ArcGIS dasturiy ta’minoti haqida ham ma’lumot bersangiz. U nima?

– Endilikda qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish maqsadida ularning raqamli xaritasi ishlab chiqilishi, ekin turi, holati hamda texnik ishlov berish jarayonlarini muntazam kuzatib borish uchun har bir konturning geoaxborot ma’lumotlari yaratiladi. Bu loyiha ArcGIS dasturiy ta’minoti deyiladi.

Hozirda geoaxborot tizimiga kiritiladigan ma’lumotlar to‘plami, ularga ishlov berish orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxati hamda tizimni joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilyapti.

– Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish doirasida amalga oshirilgan loyihalarga ham qisman to‘xtalsangiz. 

– Hozirgi kunda «Davlat sinovlaridan o‘tgan, import qilingan va respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi va meloratsiya texnikalarning yagona davlat reyestri» axborot tizimini ishlab chiqib, sinov tariqasida ishga tushirganmiz.

Mazkur tizim qishloq xo‘jaligi va meloratsiya texnikalar to‘g‘risida ma’lumotlarni saqlaydi. U orqali fermerlar o‘z texnikalarini sinovdan o‘tkazish jarayonida qulayliklarga ega bo‘lishadi. Shu vaqtgacha ular bu masalani hal etish uchun tegishli idoralarga bir necha bor qatnashga majbur edilar. Endilikda ular qimmatli vaqtini bekorga ketkazmay, elektron ariza berish va navbati kelganda tezda ko‘rikdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

– Shu vaqtgacha biz subsidiyani asosan uy-joy olish, ta’mirlash ishlari uchun ajratiladi deb bilardik. Buni qarangki, qishloq xo‘jaligida ham subsidiya berish tartibi bor ekan. Sizning yo‘nalishingizdagi subsidiya kimlarga va nima maqsadda ajratiladi?

– Haqiqatan, agrar sohada ham subsidiya berish tartibi bor. Yagona integrator «UZINFOCOM» MChJ tomonidan agrar sohada ajratiladigan subsidiyalar yagona davlat axborot tizimi ishlab chiqilib, birinchi bosqichda uning suv xo‘jaligi qismi ishga tushirildi. Xo‘sh, mazkur tizim nima beradi?

Misol sifatida tushuntiradigan bo‘lsam, bilamizki, qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishga katta e’tibor qaratilyapti. Ularni qo‘llagan fermerlarga esa hukumat qarorida sarflagan xarajatlarining bir qismini qoplab berish topshirig‘i belgilab qo‘yilgan. Ammo subsidiyani olishdagi hujjatlashtirish jarayoni ko‘pchilikka qiyinchilik tug‘diradi. Endi bunga berham berish maqsadida hujjatlarni taqdim etish va ko‘rib chiqish avtomatlashtirilgan onlayn shaklga o‘tkazilib, axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Hozirda loyiha pilot hududda sinovdan o‘tkazilyapti.

– Fermerlar ishini yengil qiladigan yana qanday yangi loyihalar bor?

– Katta loyihalarimizdan biri Suv resurslarini boshqarish axborot tizimini joriy etish bo‘lib, hozirgi kunda uning ustida ishlayapmiz. Bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi «Agrosanoatni raqamlashtirish markazi» DM hamda «ITU Uniservices» MChJ («RUBICON» kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy hamkori) o‘rtasida shartnoma imzolanishiga erishildi.

Bu loyiha Qishloq xo‘jaligi yerlarida suv taqsimotini to‘g‘ri va samarali boshqarish imkonini beradi. Ya’ni kanaldan suv oluvchi fermerlarga suvni adolatli taqsimlash, qaysi yo‘nalishga qachon, qancha suv ochilishini masofadan ko‘rish va boshqarish mumkin bo‘ladi.

Bugungi kunda ushbu loyiha Qashqadaryo viloyatida sinov tariqaida yo‘lga qo‘yilib, Mirishkor kanali (3,6 km), Qamashi kanali (10,2 km), umumiy uzunligi 13,8 km, 6500 ga sug‘oriladigan yer maydonida 43 mln. litrlik suvga bo‘lgan talab qondiriladi. Bunda:

  • kompozit materiallardan ishlab chiqilgan va tashqi ta’sirga o‘ta chidamli shlyuz va avtomatik qurilmalarni o‘rnatish;
  • cuv resurslarining iqtisod bo‘lishi, suv tejamkorligini 70 foizgacha yetkazish;
  • irrigatsion kanallar orqali ekinlarga suv yetkazish darajasini
    37% dan 90% gacha oshirish;
  • suv resurslarini boshqarishning barcha tizimlarini avtomatlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

– Sohada «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha nima ishlar qilindi?

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2020 yil 5 oktyabrdagi Farmoniga muvofiq Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining yagona davlat reyestrining integratsiyalashgan axborot tizimi ishlab chiqilib, sinov tariqasida ishga tushirildi (reestr.agro.uz).

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishishning yagona axborot tizimi ishlab chiqildi va sinov tariqasida ishga tushirildi (subsidiya.agro.uz).

Hozirgi kunda Qishloq xo‘jaligi vazirligida telekommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish, ijro.gov.uz tizimini to‘liq joriy etish, Ochiq ma’lumotlar (data.gov.uz) portaliga ma’lumotlarni taqdim qilish orqali Vazirlikning raqamlashtirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash choralari kabi qator vazifalar ustida ishlar olib borilmoqda.

Shohida Isroilova suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring