Sunamidan qutulib qolish yo‘li: tabiiy ofat vaqtida suvda suza oladigan elektromobil yaratildi
Yaponiyalik ixtirochi Xideo Surumaki 2011-yilda Yaponiyaga sunami yopirilguniga qadar «Toyota» kompaniyasida ishlagan, biroq tabiiy ofatdan so‘ng ishdan bo‘shab, bu kabi noxush hodisalarga qarshi suzadigan avtomobilni yaratishni niyat qilgandi, deb xabar berdi «Hi-News».
«Toyota»dan ketganidan so‘ng Surumaki ikki yil davomida suvda suza oladigan «Fomm» elektromobilini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Uni namoyish etish orqali ixtirochi bir qator investorlarni o‘ziga jalb qila oldi. Hozirda u bir marta quvvatlanish orqali 160 kilometr masofani bosib o‘tishga qodir elektromobilning to‘rtinchi prototipi ustida ish olib bormoqda.
Avtomobilning yana bir ahamiyatli jihati — o‘zgaruvchan batareyalar bo‘lib, ular har bir o‘rindiq ostida joylashgan — muhandislar shu orqali suvdagi muvozanatni ushlashga harakat qilgan. Mashina suvda suv kuchi (suv oqimini itarish orqali yuzaga keladigan kuch) ko‘magida ishlaydigan dvigatel yordamida harakatlanadi, o‘ziga xos konstruksiya yordamida yaratilgan g‘ildiraklari orqali esa burilishlarni amalga oshiradi.
Hozircha bu turdagi avtomobilning narxi 18 ming dollar turadi. Surumaki Tailanddagi zavod bilan bir yilda o‘n mingtagacha avto-amfibiyalarni seriyali ishlab chiqarish borasida kelishib oldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter