«Chrome» brauzerini internet yo‘qligida ham ishlatsa bo‘ladimi?
Hozir internetsiz «yashash»ni tasavvur qilish qiyin. Shunga qaramasdan internet uzilib turishi bor gap. Nima qilish kerak?
Tashvishlanmang, agarda kompyuteringizda «Google Chrome» veb-brauzeri bor ekan, internetsiz ham ishlab, ham vaqtingizni ko‘ngilli o‘tkaza olasiz.
Elektron pochta
Aksariyat foydalanuvchilar brauzerdagi pochta akkauntini onlayn rejimida ochishadi. Bu qulay, hech qanday qo‘shimcha o‘rnatmalar kerakmas, ammo internet uzilib qolsa-chi? «Gmail» foydalanuvchilari «Chrome» brauzeriga «Gmail Offlayn» kengaytmasini o‘rnatib olishlari mumkin, shunda elektron pochta qutisiga kelgan xatlar lokal diskda avtomatik ravishda saqlab boriladi. Kengaytma offlaynda yangi xatlarni jo‘nata olmaydi, lekin foydalanuvchi kelgan xatlarni internet uzilgunicha ko‘rishi va hatto ularga javob yozishi mumkin. Bu xatlar internet yonganidan keyin avtomatik tarzda jo‘natiladi. Kengaytmani o‘rnatgandan so‘ng offlayn rejimini yoqish, sozlamalardan sinxronizatsiya davriyligini (bir, ikki hafta, oy) tanlang. Shundan keyin har safar internet ulanganida ilova lokal diskdagi nusxalarni pochta qutisidagi bilan sinxronlashtirib boradi.
«Google Disk»
«Google Disk» va uning ilovalari — Hujjatlar, Jadvallar va Taqdimotlarni, agarda internet uzilib qolguniga qadar Disk sozlamalarida faollashtirib qo‘yilsa, muqobil rejimda ham ishlatsa bo‘ladi. Faollashtirilganidan keyin «bulut»da saqlanayotgan oxirgi fayllar kompyuter lokal saqlagichi bilan sinxronlashadi, biroq katta o‘lchamga ega video va musiqa kabi ob’yektlarni diskka qo‘lda ko‘chirishga to‘g‘ri keladi. Offlayn rejimida yangi fayllar yaratish, mavjudlarini esa tahrir qilish mumkin. Internet yoqilganidan keyin bu o‘zgartirishlar «bulut»dagilari bilan sinxronlashadi.
Video va musiqa
Muqobil rejimda ishlayotgan «Chrome» brauzeri bilan internetdagi film va musiqalardan foydalana olmaysiz. Biroq brauzer uchun lokal fayllar cho‘t emas. Xoh kompyuter, xoh fleshkadan bo‘lsin istalgan film yoki musiqani brauzerning bo‘sh «vkladkasi» (yorlig‘i) ustiga olib kelsangiz namoyish boshlanadi — xullas, tappa-tayyor pleyer.
Maqolalar
«Chrome» do‘konida qiziqarli maqolalarni o‘qish va saqlash imkonini beruvchi «Pocket Web» ilovasi bor. «Pocket»ning o‘ziga xosligi shundaki, saqlangan hujjatlarni muqobil rejimda o‘qisa bo‘ladi. Internet yoniqligida keyinchalik o‘qish uchun juda ko‘p kitoblarni ko‘chirib olish mumkin.
O‘yinlar
«Chrome» foydalanuvchilarga Super Mariodan tortib afsonaviy tetrisgacha o‘yinlarni taqdim etadi. Faqat bularni internet o‘chmasidan avval o‘rnatib olish kerak. Umuman, «Chrome» do‘konida juda ko‘plab bepul foydali ilovalar qatorida o‘yinlar ham bor. Ularni tanlash uchun offlayn-ilovalar bandini belgilab qo‘yish kerak. Qachon internet uzilganida «Chrome»ning «Internetga ulanish mavjud emas» degan standart oynasi ekranda paydo bo‘ladi. Va aksincha, bir paytning o‘zida “sirli” o‘yin ham ishga tushadi. Sahifaning tepa qismidagi dinozavrcha «jonlanadi». U probel yordamida boshqariladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter