Cho‘lpon haqidagi «Tegirmon» romani nashrdan chiqdi (foto)
Taniqli yozuvchi va shoir Nabi Jaloliddin qalamiga mansub Abdulhamid Cho‘lpon hayoti va ijodi haqidagi «Tegirmon» romani kitob holida nashrdan chiqdi.
«Cho‘lpon» nashriyot-matbaa uyida nashrga tayyorlangan ushbu kitob ikki qismdan iborat bo‘lib, unda o‘sha zamonda yashagan ko‘plab mashhur kishilarining hayoti haqida ham so‘z boradi.
Mavzuga doir:
Yangi davr Cho‘lponni sog‘inmoqda. Nega uning yubileyi nishonlanmayapti?
«Tegirmon» romani respublika kitob bayrami doirasida rastalarga chiqdi. Uni hozircha Sayilgoh ko‘chasidan, tez kunlarda esa barcha kitob do‘konlarida sotib olish mumkin.
Quyida mazkur romandan parcha keltiramiz:
«Tegirmon» romanidan parcha
Supa uzra o‘n chog‘li odam tizildi: eng basavlat va viqorlisi general-gubernator Kuropatkin edi. Duma a’zosi Kerenskiy esa pastroq bo‘yli, yelkasi biroz qunishgandek ko‘rinadi. Pogonsiz oq kiteli o‘ziga yarashgan, o‘ng qo‘lining to‘rt barmog‘ini tugmalar orasidan kiteli ichiga tiqib, atrofga sinovchan boqadi. Ularning yonida ikki katta unvonli zobit, Mirolimboy, Chaykin, Asadullaxo‘jayev, tilmoch va shu yerlik bir-ikki zodagonlar.
Xaloyiq mudom tinchimas, umumguvillash kishi ko‘ngliga vahm soladi. Guvillash bedor vujudlarning junbushlarida turtina-turtina supaga yovuq kelib qolgan Cho‘lponning yuragiga qattiq sanchildi. Yuragi ingrandi, «Bu mening xalqim! Mening jon xalqim!», deya chiyilladi og‘riq pinjida. Yurakdagi to‘lg‘oq, to‘fon shuuriga qalqdi: «Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir, Xalq isyondir...» Birdan o‘ylariga ham, tug‘yoniga ham zavol yetdi, shoir yuragi g‘ayb olamidan fanoga qaytgandek bo‘ldi. So‘l qo‘lida yog‘och-hassa tutgan chol uning chap bilagini changallagancha turardi. Faqatgina ustixon, etdan iborat, tomirlari shoxlagan bu qo‘l qora kosovni eslatardi. Ammo bag‘oyat taftli edi. Chol haddan ortiq ozg‘in, g‘ijim yaktagi yashirishga uringan jussasi holsiz va zabun, yo charchaganidanmi, yoki nafasi qisarmidi, yelkalari siltanib-siltanib, tinsiz harsillardi. Shuning asnosida madorsizlikdan yanada ingichkalashgan bir tutam soqoli titrardi. Cho‘lpon uning tomir urishini nafaqat sezdi, balki eshitdi.
– Xalq olovdir!.. – dedi ovoz chiqarib, cholning qo‘lini o‘ng kafti bilan ohista bosarkan.
Vallohki, olamga xojaday turgan Kuropatkinning ko‘zi mana shu cholga tushdi: lablari qayrildi, yuzlari har yon tortilib, tirishdi, sadafday tishlari ko‘rindi-da, tilmochga ishorali qarash qilib qo‘ydi.
– Hoy, poshsho! – dedi chol qo‘lini Cho‘lponning bilagidan olib, ojizona sermarkan. – Oqposhshoga ayt, meni ulimni (o‘g‘limni) qaytarsin! Ulim kelmasa, meni kim ko‘madi, ballarimni kim baqadi? O‘zi bitta ulim bor idi, shuyniyam obketti oqposhsho. – Endi chol majolsiz oyoqlarida qolib, ko‘krak kerishga urinarkan, hassasini Kuropatkinga no‘qdi. – Ulimni qaytar, onag‘ar!..
Mavzuga doir:
Yana bir og‘riqli nuqta! Cho‘lpon yo‘liga g‘ov bo‘layotganlar hozir ham topilmoqda
Cho‘lponning shuurini hamon xayolida aylanayotgan misraning so‘nggi jumlasi zabt etdi: «Xalq o‘chdir...»
Kuropatkin nimalardir dedi, qandaydir imo-ishoralar qildi, tilmochga, yonidagilarga nelarnidir yozishni buyurdi, va’dalar ham berdi, hatto oxirida cholga boqarkan,
– O‘g‘lingni qaytaraman, mujik! – dedi.
So‘ng hamma narsani unutdimi, yana boshi osmonni o‘ygan ulug‘vor kimsa kepatasiga kirdi. Xalqqa va’z ayta boshladi. Aslida u va Kerenskiy xufiyalar, Asadullaxo‘jayevu Chaykinning arzu shikoyatlari orqali hamma narsadan xabardor edilar.
Kuropatkin avvaliga oqposhshoning madhida ancha so‘z aytdi. So‘ngra Kerenskiyga bir qarab olgach, «mardikor oldi»ning yil oxiriga borib, balki ertaroq tamom bo‘lishini bildirdi. Oxirida polkovnik Brzejitsskiy va bir qancha ellikboshiyu yuzboshilarning mansablaridan bo‘shatilganliklarini ma’lum qildi.
So‘ngra Kerenskiyga so‘z berildi. Endi xalq unga umid ko‘zini tikdi.
– Aziz fuqaro, – Kerenskiy tugmalari orasidagi barmoqlarini tashqariga chiqarib, to‘xtalib, tomoq qirib oldi. Hayajonlanardi shekilli, qo‘li titrardi. Buni yashirish uchun barmoqlarini darrov yana joyiga tiqdi. – On hazrat podshohi olamimiz, imperiyaning suyanchi va tayanchi, pushti panohimiz har daf’a fuqaroning tashvishi, el-yurt g‘amida yashashi barchangizga ayon. – U tarjima qil deganday tilmochga qaradi. Tilmoch tutila-tutila tarjimani tugatgach, davom etdi. – Biroq dunyo ahlini tobora domiga tortayotgan mal’un urush ko‘plab yumushlarimizga xalal berayotgani ham rost. Hademay podshohi olam urush domidan ayrilib, faqat va faqat mardum tashvishi ila yashamoq umididadir. Ayniqsa, ortiq jabru sitam og‘ushida qolgan Turkistonga, uning ahliga qutlug‘ nazarini solmoq niyatidadir. Tez orada «mardikor oldi» siyosati barham topadi. So‘ngra yangi zavodu fabrikalar quriladi, maktablar ochiladi, el bola-chaqasini bemalol boqa olishi uchun imkonlar yaratiladi. Faqat buning uchun Turkiston xalqi podshoh janobi oliylariga sadoqatli bo‘lmoqlari lozim. Har xil fitnachi kimsalarning so‘ziga kirmay, isyonu janjallarga barham berib, bugungi qiyinchiliklarga sabr etmoqlari zarur. Xalqni hurmat qilmagan amaldorlar esa bugungidek mansablaridan olinib, jazoga tortilaveradilar. Zero, adolat tarozusi podshohimiz ilkidadir... Yashasin Turkistonning ozod xalqi! Podshohi a’zam oliy hazratlariga shon-sharaflar bo‘lsin!..
Amaldorlar Kuropatkinga ergashib, qarsak chalib yubordilar. Ularga yana kimlardir qo‘shildi.
«Tomosha» adog‘ida haligi chol yana Cho‘lponning bilagiga tirmashdiyu, yerga quladi. Hassasi bir yon, bir siqim jussasi bir yon qoldi. Buni hech kim payqamadi. Xalq hafsalasiz qo‘zg‘olib, tarqala boshladi. Cho‘lpon tuproqqa belangan chol bechoraning bilagidan tutdi. U jon taslim qilgandi, ammo ko‘zlari ochiq edi. «Bir qo‘zg‘olur...», deya pichirladi Cho‘lponning lablari...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter