Chet tili kichik guruhlarda o‘qitiladi. Ammo o‘zbek tili-chi?
Chet tili (ingliz,nemis, fransuz, rus) maktablarda kichik guruhlarga bo‘lib o‘qitiladi. Bu o‘sha tilni tez, samarali o‘rganish, nutqni tilga moslashtirishda qulay. Xorijiy tilni o‘rganayotgan bola begona tilda ko‘proq muloqot qilishi, yangi so‘zlarni yodlashi, gap tuzishi, grammatik va leksik tomonlarini puxta o‘zlashtirishi uchun o‘n-o‘n besh tengdoshining orasida bo‘lgani ma’qulroq. Bu o‘zini oqlagan, natijasi yuqori tadbirlardan. Lekin anchadan beri bir savolga yechim topolmayman.
Xorijiy tillarni o‘qitish uchun qo‘llayotgan usulimizni nega o‘zbek tili va adabiyotini o‘rgatishda ishlata olmaymiz? Aytaylik, biror asar muhokamasi yoki ona tilidagi biror mavzuni 25–30 o‘quvchiga baravar tushuntirish mushkul. Ayniqsa, o‘zbek tilining o‘ziga xos qirralari, shevalar, tilshunoslik bo‘limlari, maqol, matallar, nozik ifodalarni izohlash, tahlil etish uchun bolalarning bari bilan birdek ishlash mashaqqatli. Til jozibasini bolaga yuqtirish uchun u bilan alohida shug‘ullanish, yozgan insho, diktant, bayonini yuzma-yuz tahlil etib, xato-nuqsonlarini batafsil ko‘rsatish birgina muallimga og‘irlik qiladi.
Adabiyot darslarini kichik guruhlarda o‘tish berilgan mavzuni puxta o‘zlashtirish, asarlar ma’no-mag‘zini chuqurroq anglashga ko‘maklashadi. Eng muhimi, o‘qituvchi har bir bola bilan individual shug‘ullanishga, o‘quvchining muammo-kamchiligi nimada ekanini to‘liq ko‘rsatishga ulguradi. She’r aytishga iymanadigan, asar ma’nosini tushunishga qiynaladigan, kitob o‘qishga qiziqmaydigan bola bora-bora tengdoshlaridan ort¬da qolmaslikka, ular bilan hamqadam ketishga odatlanadi. Asosiysi, o‘quvchilarda fikr o‘sadi, nutqi ravonlashadi, do‘stini tinglashga, boshqaning fikrini qadrlashga odatlanadi.
Muhiba RAJABOVA,
Uchtepa tumanidagi 283-maktab o‘qituvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter