Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chalkashlik: haydovchi yonidagi yo‘lovchi kamar taqmasa, kim jazolanadi?

Chalkashlik: haydovchi yonidagi yo‘lovchi kamar taqmasa, kim jazolanadi?

Foto: Xabar.uz

2022 yil 1 maydan yo‘l harakatining yangi qoidalari amalga kiritiladi. 2022 yil 12 apreldagi hukumat qaroriga ko‘ra esa YPX xodimi biror mashinani to‘xtatsa, aniqlangan har qanday qoidabuzarlik bo‘yicha chora ko‘rishga haqli etib belgilandi.

Shuningdek, 1 maydan kuchga kiradigan yangi qoidalarga ko‘ra, endilikda haydovchi yoniga, old o‘rindiqqa o‘tirgan yo‘lovchi ham xavfsizlik kamarini taqishi shart deb ko‘rsatildi. Ya’ni agar haydovchi va yo‘lovchi kamar taqmasa, qoidaga amal qilmagan bo‘ladi. Kamar taqmagan haydovchiga jarima bor, hozir 135 ming so‘m. Xo‘sh, yo‘lovchi kamar taqmasa, nima bo‘ladi?

Birinchisi, agar yo‘lovchi kamar taqmasa (taqishni istamadi, yoqtirmaydi va hokazo), haydovchi jazolanishi kerak, deyishingiz mumkin. Yaxshi, qanday asosga ko‘ra jazolanadi? Huquqiy asosi keltirilganmi? Yo‘lovchi kamarsiz bo‘lsa, haydovchi palon hujjatga ko‘ra qoidabuzar deb hisoblansin va palon jazoga tortilsin, degan me’yor bormi?

Ikkinchisi, kamar taqmagan yo‘lovchining o‘zi javobgarlikka tortilishi kerak, deydiganlar ham bo‘lishi mumkin. Mantiqan olib qaraganda, buyam to‘g‘ri, chunki haydovchi unga majburlab yo kuch ishlatib kamar taqtira olmaydi-ku. Lekin buning-da huquqiy asosi yo‘q.

Uchinchisi, kimdir jazolanishi shartmi o‘zi, deyishingiz mumkin. Albatta, chunki yo‘l harakati qoidalarida kamar taqish shartligi ko‘rsatilgan. Taqmagan odam, demak, qoidaga amal qilmaydi va u qoidabuzar bo‘lib qoladi. YPX xodimlari kamar taqmagan qanchalab haydovchilarga bayonnoma rasmiylashtirib, jarimaga tortib kelmoqda.

Mana shu yerda rasmiy hujjatlarda chalkashlik, chala ish ko‘zga tashlanadi. Qoida ishlab chiqilganu, ammo oxiri yoki oqibatlari to‘liq o‘ylanmagan. Bu yerda fuqarolar va YPX xodimlari o‘rtasida salbiy holatlar va oqibatlar ham yuz berishi mumkin. Chunki, masalan, taksichi mashina old o‘rindig‘iga o‘tirgan mijozga (yo‘lovchiga) kamar taqishni aytsayu, u keskin rad etsa, haydovchi yo tirikchiligidan, yo qoidadan voz kechishi kerak. YPX xodimi shu holatda ularni to‘xtatsa ham, tushunmovchilik battar avj oladi.

Shuning uchun Ichki ishlar vazirining «kursisi baland» matbuot kotibi mana shu holatga va YPX xodimlarini suratga olib, internetga tarqatish taqiqlangani haqidagi feyk xabarlarga aniqlik kiritib berishiga umid qilib qolamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring