Prezident haq bo‘lib chiqdi. Buxorodagi MXX va soliq mulozimlarining tomoshalari
«Bu tashkilot quturgan it edi. Xohlagan odamni nima qilsa qilar, kyerak bo‘lsa, stolbani ham olib borib qamardi».
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning
Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida 16 fevral kuni
Peshku tumanida viloyat faollari ishtirokida
yig‘ilishdagi ma’ruzasidan.
Ali bobo va qirq qaroqchi» filmini ko‘rgansizlar. Kunduzi podshohlik qilgan Abu Hasan kechasi qaroqchilik qiladi.
Bugun sizlarga zamonaviy Abu Hasan va uning vazirlari Buxoroda ko‘rsatgan tomoshalar haqida hikoya qilamiz.
Tomoshaning avvali
Voqealar 2009 yilda boshlanadi. MXXning odami hisoblanadigan Rauf ismli yigit Toshkentning «Roison» zavodidan shu nomdagi 90 dona sovutgich(konditsioner)ni hech qanday hujjatsiz Buxorogacha yetkazib keladi. Ammo shaharga kiraverishda, ogohlantirilmagan shekilli, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) xodimlari mashinani to‘xtatishadi. Rauf negadir sekin g‘oyib bo‘ladi. Tabiiyki, mashina haydovchisi DYHXX xodimlarining savollariga mum tishlab turaveradi. DYHXX xodimlari soliq idorasiga qo‘ng‘iroq qilib, hujjatsiz yuk qo‘lga tushirilganini aytishadi. Soliq idorasidan vakillar kelib, DYHXX xodimlari bilan birga qiymati 40.000.000 so‘m bo‘lgan 90 dona sovutgichni buxorolik tadbirkor Shavkat Qudratovning «Ruxsat Shahnoza» xususiy firmasi omboriga joylaydilar va kerak bo‘lganda o‘zlari olib ketishini aytadilar.
Shu bilan sovutgichlar Shavkat Qudratovning omborida yarim yil turadi.
Kutilmagan «bosqin» tomoshasi
Qurbon hayiti kuni qurbonlik uchun qo‘y so‘yib turgan Shavkat Qudratovning korxonasiga MXX xodimi B.Xudoynazarov boshchiligida soliq idorasi xodimlari bostirib kirishadi. Xudoynazarovning «Hibsga olinsin!» degan buyrug‘i bilan Shavkat Qudratov mahbusdek olib ketiladi.
Butun dunyo qurbon hayitini bayram qilayotgan kunda Qudratovlar xonadoni tashvish va xavotirda qoldi. Eng yomoni, bu ola-tasirning qo‘rquvidan sakkiz yildan beri davolanib, ne-ne umidda farzand kutayotgan ayolining homilasi nobud bo‘ldi.
Buxoro shahar prokuraturasiga olib borilgan Shavkat Qudratovni MXX xodimlari B.Xudoynazarov, I.Muhammedov, A.Qulmatov prokuraturaning SVOJJDLQK departamenti boshlig‘i O.Himmatov bilan birgalikda «Sening valine’matlaring kim?», «Kim seni qo‘llab-quvvatlaydi?», «Shahar IIB boshlig‘i Sh.Aminov bojangmi?» kabi bema’ni, ammo o‘zlari uchun bama’ni savollar bilan allamahalgacha ushlab turishdi.
Qiziq tomosha
Shavkat Qudratovning korxonasida esa antiqa tomosha bo‘layotgan edi. Buxoro shahar davlat soliq idorasi boshlig‘i N.Mustafoyevning g‘irt qalbaki buyrug‘i asosida buyruqda ko‘rsatilgan xodimlar emas, boshqa xodim B.To‘xtayev tomonidan mutloqo qonunga zid ravishda Shavkat Qudratovning korxonasida tekshiruv boshlandi. Tekshiruvga na korxona rahbari, na uning oila a’zolari, na korxona ishchilari yaqinlashtirildi.
Nega Mustafoyevning buyrug‘i qalbaki dedik?
Buyruqqa asos bo‘ladi. Shahar DSI boshlig‘i bir emas, ikkita buyruq chiqargan va ularga soliq idorasi xodimlari S.Davlatov va A.Muhammedovning bildirishnomalarini asos qilib ko‘rsatgan. Qizig‘i, S.Davlatov ham, A.Muhammedov ham adliya boshqarmasiga chaqirilganida hech qanaqa bildirishnoma yozmaganini o‘z qo‘llari bilan yozib berishgan. N.Mustafoyev bu xodimlari hatto keyin ham shu bildirishnomani yozib qo‘yishlarini shart deb hisoblamagan. Soliq inspeksiyasida haligacha bu bildirishnomalar yo‘q.
Undan ham qizig‘i, N.Mustafoyev buyrug‘idagi «buyruqni tayyorladi», «kelishildi» bandlarida ko‘rsatilgan X.Atoyev, Sh.Xo‘jayev, N.Boltayev, O.Kamolovlarning har biri adliya boshqarmasiga chaqirilganida buyruqdan mutloqo xabarsiz bo‘lishganini, boshliq ularga keyin, hamma ishlar bo‘lib o‘tganidan so‘ng bu hujjatlarga qo‘l qo‘ydirib olganini o‘z qo‘llari bilan yozib berishgan.
Yana bir qiziq joyi shundaki, tekshirishda N.Mustafoyev shaxsan qatnashgan va kamomad chiqishini ta’minlash uchun ayrim mahsulotlarni sanoqda ko‘rsatmaslikni o‘z xodimidan talab qilgan.
Eng qizig‘i va qonunga zidi shuki, N.Mustafoyev tekshiruv dalolatnomasiga doimo o‘zi tarafidan navbatchi xolis sifatida shay tutib turiladigan «xolis»lari — soliq kolleji talabasi M.Yo‘ldoshev, iqtisodiyot kolleji talabasi D.Nurullayev, hech qayerda ishlamaydigan A.Atoullayevning ism-familiyalarini ko‘rsatgan va ularga keyinchalik imzo qo‘ydirgan.
«Men to‘qqiz oydan beri shu ishga jalb qilinganman va shu vaqt mobaynida kamida 16 ta korxonada o‘tkazilgan tekshiruvda xolis sifatida qatnashganman. Bundan tashqari kamida 10 ta o‘zim qatnashmagan tekshiruvning dalolatnomasiga ham xolis guvoh sifatida qo‘l qo‘ydirishgan», − deb yozadi Muhiddin Yo‘ldoshev adliya boshqarmasiga yozgan tushuntirish xatida. — Men «Ruxsat Shahnoza» korxonasiga umrimda bormaganman, Shavkat Qudratovni ham tanimayman. Soliq idorasi boshlig‘i N.Mustafoyev «Dalolatnomaga ham qo‘l qo‘yasan, sudda ham tekshirishda qatnashganman, kamomadlarni ko‘rganman deb guvohlik beraverasan, qo‘rqma, orqangda men turibman, mening orqamda bilasan-a kim turganini? Senga hech narsa bo‘lmaydi, keyin seni o‘zim soliq idorasiga ishga olaman dedi».
«Xolis» guvohlardan yana biri Dilmurod Nurullayev ham 20 ga yaqin tekshiruvda «xolis» bo‘lib ishtirok etganini, doimiy «xolis» ekanini, ko‘p tekshiruv dalolatnomalariga o‘zi bormasa ham qo‘l qo‘yib berganini, «Ruxsat Shahnoza» korxonasiga esa bormaganini, tekshiruvda qatnashmaganini o‘z qo‘li bilan yozib bergan.
Akmal va Yusuf ismli «doimiy xolislar» ham soliq idorasi tomonidan yollanganliklarini, hamisha ularning tekshiruvlarida «xolis» bo‘lib qatnashganlarini, ular tutqazgan dalolatnomalarga doim imzo qo‘yib berishganini ta’kidlashdi.
N.Mustafoyev Muhiddinga bergan va’dasida turolmadi, uni yolg‘on guvohlik berganlikda ayblab sud qilishdi, o‘qishdan haydashdi. U endi hech qachon soliq idoralarida ishlamaydi. Uning otasi esa sudda o‘g‘lini jinoyatga undagan, aslida undan jinoyatchi yasagan soliq idorasi rahbari N.Mustafoyevga munosib baho berdi:
— Hayf senga O‘zbekiston gerbi! Sen rahbar emas, jinoyatchisan!
Gazeta do‘konlaridagi tomosha
Soliqchilar ham gazeta o‘qishar ekan. Eng qizig‘i, o‘zlari yoqtirgan gazetani bitta-ikkita emas, hammasini sotib olib o‘qishar ekan. Ana muxlislik!
2010-yilning 30-iyunida «Buxoro yoshlari» gazetasi Saidburhon Qodirovning «Nopok yo‘l yoki g‘irrom soliqchilarning noxolis shotirlari haqida» nomli maqolani e’lon qiladi. Maqolada biz yuqorida tilga olgan soliqchilarning g‘aroyib hangomalari atroflicha yoritiladi.
Bu soliqchilarning ko‘pdan beri kutib yurgan maqolasi bo‘ladi, shekilli, ikki soatning ichida Buxoro viloyatidagi barcha gazeta do‘konlaridagi «Buxoro yoshlari» gazetasini sotib olishadi. Jonbozlikni qarang! Boshqa ishlarni ham ana shunday tezkorlik va fidoyilik bilan bajarganlarida Buxoro allaqachon yer yuzining jannati bo‘lib ketgan bo‘lardi. Afsus...
Sud tomoshasi
Albatta, sud degani adolatni o‘rniga qo‘yadigan, birovni beayb jazolamaydigan, haqni qaror toptiradigan mahkama. Buni jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi raisi ham yaxshi biladi. Sudya sifatida qasamyod ham qilgan bo‘lsa kerak. Ammo jabrlanuvchidan ayblanuvchiga aylantirilgan Shavkat Qudratov aybsizligini isbotlovchi behisob dalillarni taqdim etishiga qaramasdan, shahar adliya boshqarmasi bu ishda qator soxtaliklar borligini ko‘rsatib hujjatlar taqdim etishiga qaramasdan jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi raisi Otabek Toshev Shavkat Qudratovni Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a» bandi va 187-moddasi 3-bandi bilan aybli deb topdi, ya’ni Shavkat Qudratov mansabini suiiste’mol qilganlikda va davlat mulkini talon-toroj etishda ayblanib, eng kam ish haqining 310 baravari miqdorida jarimaga tortildi va uch yil rahbarlik lavozimidan chetlatildi.
Tomoshadan keyingi tomosha
Sud va huquq-tartibot idoralarining sovuqqonligi, voqea-hodisalarga munosib baho bermaganligi oqibatida jinoyat sodir bo‘ldi. Vaholanki, qiyshiq o‘sa boshlagan nihol vaqtida to‘g‘rilab qo‘yilsa, butunlay egri bo‘lib ketmas edi. Soliq idoralari bilan hamtovoqlikka o‘tgan «soxta xolis guvoh» Dilmurod Nurullayev aynan shu sohadagi faoliyati tufayli, ya’ni Shuhrat ismli soliq idorasi xodimining topshirig‘iga binoan, unga olib borib berish uchun bir tadbirkordan 100.000 so‘m porani olish chog‘ida IIB JQB xodimlari tomonidan qo‘lgan olindi.
Shundan keyin supertomosha boshlandi. Pora olgan D.Nurullayevni qo‘lga olgan ichki ishlar boshqarmasining korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi tezkor xodimlari Yoqub Ochilov va Tursun Shodmonovlarning o‘zlariga jinoiy ish ochildi. Ular g‘ayriqonuniy ravishda ish ko‘rganlikda ayblandi. Pora olayotgan odamni jinoyat ustida ushlagan xodimlar ishdan ketdi. Ana tomosha!
Qiziq tomoshaning qiziq yakuni
Noqonuniy mahsulotni saqlaganlikda va sotib yuborganlikda (?) ayblangan Shavkat Qudratovning korxonasi omboridagi tomoshalarga sabab bo‘lgan 90 dona sovutgichni yana aynan MXX xodimlari va soliqchilar kelib, haqiqiy egalariga (?) qaytarishni talab qilishgan. To‘qqizta ishbilarmonning ism-familiyasini aytib, o‘shalarga qaytarishni buyurishgan va sovutgichlarni siz gumon qilib turganingizdek... Rauf olib ketgan. Qayoqqa olib ketgani, sovutgichlarning taqdiri nima bo‘lgani noma’lum...
Ma’lumi shuki, o‘zlari olib kelib qo‘yib, o‘zlari olib ketgan sovutgichlar uchun Shavkat Qudratovning bo‘ynida sudlangan degan tavqi la’nat osilib turibdi.
Sakkiz yildan beri Shavkat Qudratovning O‘zbekiston prezidentiga, prezident devoniga, Bosh vazirga, Davlat soliq qo‘mitasi raisiga, Oliy sudga, O‘zbekiston bosh prokuroriga, Oliy majlisga, viloyat hokimi, viloyat sudi, viloyat prokuraturasi, viloyat soliq boshqarmasiga yozgan shikoyat xatlari va ulardan olgan javoblari beshta kitob bo‘ldi. Ammo birgina natija yo‘q: Shavkat Qudratovning nomi oqlangani yo‘q!
Shavkat Qudratov prezident Shavkat Mirziyoyevning «Baribir adolat o‘rnatamiz, aybdorlar bulbuldek sayraydi» degan so‘zlariga ishonadi va o‘ziga nisbatan adolatni qaror toptirishlarini, oqlov hukmi chiqib, undan undirilgan noqonuniy jarimalar o‘ziga qaytarilishini, unga g‘ayriqonuniy tarzda aziyat yetkazganlar jazosini olishini, undan kechirim so‘rashlarini, unga yetkazgan ma’naviy zararni ham to‘lab qo‘yishlarini istaydi.
Karimberdi To‘ramurod
Buxorodan «Xabar.uz» uchun maxsus tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter