Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda talabani do‘pposlagan dekan o‘rinbosari ishdan olindi

Buxoroda talabani do‘pposlagan dekan o‘rinbosari ishdan olindi

Foto: Xabar.uz

Buxoroda talabani do‘pposlagan Turon Zarmed universiteti dekani o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi.

Turon Zarmed universiteti dekani o‘rinbosari davolash fakulteti talabasi B.Q.ni do‘pposlagan va unga tan jarohati yetkazgan.

B.Q.ning «Xabar.uz»ga bildirishicha, joriy yilning 31 yanvar kuni soat 09:30 da imtihon boshlangan. U tyutorga universitet avtoturargohida joylashtirib kelgan mashinasida oq xalatini unutib qoldirganini va zudlik bilan uni olib kelishiga ruxsat berishini so‘ragan.

Tyutor esa B.Q.ning imtihondan chalg‘imasligi uchun talabalar bilan ishlash bo‘limi xonasidagi shkafda oq xalat borligini va shundan foydalanib turishini aytgan. B.Q. talabalar bilan ishlash bo‘limi xonasiga kirgan va eshik yonida bo‘lgan shkafni ochib qaragan. Birorta oq xalat yo‘qligi bois, zudlik bilan ortiga qaytishga chog‘langan. Shu payt xonadagi kompyuter monitori ortidan dekan o‘rinbosari D.Ya. ko‘rinish berib, talabadan nima maqsadda kelib, ruxsat so‘ramasdan shkafni ochib, qaytib ketayotganini po‘pisa bilan so‘ragan.

B.Q. esa noqulay vaziyatda qolib, kompyuter monitori to‘sib turgani uchun uni ko‘rmaganini va imtihon sabab shoshayotganini tushuntirgan. D.Ya. esa talabani hurmatsizlikda ayblab, po‘pisa qila boshlagan va uning bu xatti-harakati uchun «bo‘laklab» tashlashini bildirgan.

Foto: Xabar.uz

Talabaning tushuntirishlariga qaramay, dekan o‘rinbosari jazolash uchun uning qo‘l va bilaklaridan ushlab, xona qarshisidagi hojatxonaga qarab tortqilagan. Shu vaqtda atrofda bir nechta talaba va o‘qituvchilar to‘planishib, ularni tartibga chaqirishgan. Dekan o‘rinbosari shunga qaramay, zo‘ravonlikni davom etishdan to‘xtamagan. Noo‘rin ayblanayotganidan asabiylashgan B.Q. esa  D.Ya.ni talabalar oldida janjalmaslikka, ko‘chada gaplashishga chaqirgan.

Har ikkisi ham zinadan pastga janjal va tortishuvlarsiz tushishgan. O‘zaro janjal universitet avtoturargohida davom etgan. Universitet videokamerasidagi tasvirga ko‘ra, B.Q. sababni D.Ya.ga tushuntirishga uringani sari dekan o‘rinbosarining jazavadan to‘xtamayotgani aks etgan. Chamasi, 10-15 daqiqali og‘zaki tortishuvdan so‘ng dekan o‘rinbosari talabani qo‘l, bosh va qorin qismlariga qattiq zarba berib, do‘pposlagan.

Foto: Xabar.uz

«Bir qo‘limda telefon, ko‘zoynak va ikkinchi qo‘limda noutbukim bor edi. Zarbalariga javob qaytarmadim, bunday niyatim ham bo‘lmadi. Hafsalam pir bo‘lgani dekan o‘rinbosariga tushuntirishlarim zoye ketdi. Talabani urishga, do‘pposlashga, o‘rinsiz ayblashga nima haqi bor uning?!»  — deydi B.Q.

Dekan o‘rinbosari tomonidan do‘pposlangan talaba bosh qismining ikki joyidan jarohat olgan va ko‘p qon yo‘qotgan. Avtoturargoh devorlari va yo‘laklarida qon izlari qolgan.

«Boshimdan otilib ketgan qon, hatto, devorlarni belab tashladi, — deya qon izlarini bir-bir ko‘rsatadi talaba,— ustiga-ustak, qo‘lim ham jarohatlandi. Zudlik bilan «Tez yordam» mashinasini chaqirishdi».

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali ambulatoriya bo‘limida sud-tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ushbu ko‘rik xulosasiga ko‘ra: «O‘ng chakka sohasida o‘lchami 4,0x3,0 smli noto‘g‘ri ovalsimon shakldagi ko‘kimtir-binafsha rangli qontalash bo‘lib, o‘rtasida o‘lchami 1,3x0,1 smli chokli yara, boshtepa sohasi o‘ng tomonda taxminan 1,5x0,5 smli yirtilgan jarohat, o‘ng qo‘l kaft usti sohasi lat yeyishi» tashxisi qo‘yilgan.

Foto: Xabar.uz

Shu kuni talabaning bosh o‘ng qismida yuzaga kelgan 2 ta chokli yara tikilgan va unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

«Oilaviy masalalarda muammolarim chiqib qolgani uchunmi, to‘g‘risi, ishda asabiy holatda edim. Har qanday vaziyatda ham talabaga qo‘pollik qilmasligim va uni do‘pposlashgacha bormasligim kerak edi. Men xatoimni va talabaga nisbatan noto‘g‘ri xatti-harakatda bo‘lganimni tan olaman, qilgan ishimdan pushaymonman», — deydi dekan o‘rinbosari.

Turon Zarmed universiteti mas’ullari holat yuzasidan olib borilgan jurnalistik surishtiruv davomida hali tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan mazkur oliygoh uchun bunday holat uning salohiyati uchun salbiy ta’sir ko‘rsatishini va bunday holat takrorlanmasligi uchun o‘qituvchi va talabalar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilishini ma’lum qilishdi.

Universitet direktori yordamchisining «Xabar.uz» ga ma’lumot taqdim etishicha, voqeadan keyin dekan o‘rinbosari o‘z ixtiyori bilan mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha ariza yozgan va u joriy yilning 5 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining turli moddalari bilan ishdan bo‘shatilgan.

Ayni paytda holat yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring