Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda «bebosh» va «uchar»larga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmoqda (video)

Buxoroda «bebosh» va «uchar»larga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmoqda (video)

Bir qo‘li bilan 10-11 yoshli bolasini mahkam ushlab, yetaklagan va bir qo‘li bilan bozor-o‘charini sudragudek bo‘lib katta Xalqaro avtomobil yo‘lini kesib o‘tishga uringan ayol ogohlantirishga ulgurilmay turib, uchib tushdi.

O‘g‘li chaqqonlik bilan yo‘l chetiga yugurib qaytdi. Ayol ham o‘rnidan turishga chog‘landiyu, qo‘rquvdanmi, qo‘zg‘ala olmadi. Bozor-o‘chari yer bilan bitta bo‘lgan ayolni turtib yuborgan mashina haydovchisi uni chaqqonlik bilan yo‘l chetiga olib chiqdi.

60-70 metrcha masofada turib, endigina hamkorlikdagi reydni boshlagan biz, jurnalistlar, bu vaqtda kameralar bilan voqea joyiga yetib keldik.

O‘zi kesib o‘tayotgan katta yo‘lning 5-6 metrcha ham uzoqlikda bo‘lmagan joyidan piyodalar o‘tishi uchun belgilab qo‘yilgan yo‘lakdan yoxud 50 metrcha uzoqlikda barpo etilgan yerosti yo‘lidan o‘tishni istamay, hayotini xavfga qo‘ygan ayol bizdan oilasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi vaji bilan tasvirga olmasligimizni so‘radi.

«Shoshib turgandim. Xato mendan o‘tdi. Tan olaman. Iltimos, videoga olmanglar. Shundog‘am kechikkanim uchun  erimdan gapga qolaman. Biror joyim jarohat olmadi, Allohga shukur, o‘g‘lim ham salomat. Boshqa qaytarilmaydi. Saboq bo‘ldi»,-dedi ayol yig‘lab.

Qoidabuzar piyoda yo‘lovchilar safidan o‘rin olgan ayol «bebosh»ligi uchun javobgar bo‘ldi. Holat aynan reyd davomida sodir bo‘ldi.

Buxoro viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, viloyat Majburiy ijro boshqarmasi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari hamkorligida tashkil etilgan reyd hududda piyodalar va haydovchilar ishtirokidagi noxush holatlarning oldini olish, shuningdek, yo‘l-transport hodisalari va huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari va sharoitlari tahlillariga qaratildi.

Buxoro shahrida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qator yerosti o‘tish yo‘llarining barpo etilayotgani ko‘plab insonlarning hayoti xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shunga qaramasdan, piyoda yo‘lovchilarning qoidani buzgan holda serqatnov avtomashinalar yo‘lining belgilanmagan joylaridan o‘tishayotgani yo‘l-transport hodisalarining batamom kamayib ketmasligiga xizmat qilmoqda.

«Barchamiz istaymizmi, yo‘qmi, deyarli, har kuni yo‘l harakati ishtirokchilariga aylanamiz. So‘nggi vaqtlarda atrofimizda yo‘l-transport hodisalari haqidagi xabarlar shunchalik ko‘paydiki, agar ular yaqinlarimizga taalluqli bo‘lmasa, e’tiborga olmaydigan holatga keldik. Ming afsuski, buning ortidan yuzlab insonlar vafot etayotgani yoki bir umrga nogiron bo‘lib qolayotgani ham boshqalarga dars bo‘lmayapti. Ko‘z oldimizda bir ayolning qoidabuzarligi sabab yuzaga kelgan holat, nafaqat, o‘zining, voyaga yetmagan bolasining ham umriga zomin bo‘lishi mumkin edi. Ustiga-ustak, bir haydovchi ham jinoyatchiga aylanib qolardi. Biz, ommaviy axborot vositalari xodimlari, keng jamoatchilik targ‘ibotni kuchaytirmas ekanmiz, noxush voqealar oshaveradi»,—dedi «Istiqlol» televideniyesi bosh muharriri Zilola Xudoyqulova.

Reyd davomida yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzib, qo‘llanilgan jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamasdan kelayotgan fuqarolarga nisbatan ta’sir choralari ko‘rildi.  Jarimalarni undirish ishlari olib borildi.

Qoidabuzar yo‘lovchilar hamda belgilangan tezlikka rioya qilmay, yeldek o‘tayotgan «uchar» haydovchilarning hatti-harakatlarini kuzatar ekanmiz, ayrimlari inspektorlar tomonidan xizmat olib borilayotganini ko‘ra bila turib, nopisand «surib» o‘tib ketaverishdi.

«Shu o‘rinda aytish lozimki, bu kabi huquqbuzarlar og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etib, odamlar o‘limiga sababchi bo‘lmasligiga ham hech kim kafolat bera olmaydi. Shunday ekan, har birimiz, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishni bugungi zamonning o‘zi taqozo qilayotganligini chuqur anglashimiz lozim. «Uchar» haydovchilarning esa hech bir xatti-harakati ularni qonun oldida javobgarlikdan qutqara olmaydi»,—deydi viloyat IIB JXX YHXB Axborot xizmati boshlig‘i kapitan Ulug‘bek Shukurlayev.

Shu kuni ma’muriy jarimalarni undirish bilan bog‘liq yuzlab avtomashinalarning qarzdorliklarini aniqlash va «qochoq» jarimadorlarning qarzlarini undirish ishlari   ta’minlandi. 144 ta avtotransport vositasi jarima maydonchasiga  joylashtirilib, qidiruvda bo‘lgan 52 ta avtotransport vositalari topildi. 79 ta avtotransport vositalari davlat ijrochilari tomonidan xatlandi.

Bir haydovchining 5 dan ortiq huquqbuzarlik sodir etib, to‘lamasdan kelayotgani va reyd davomida «hozir jarima to‘lashga ketayotgan edim» degan vaji ham uning «jarima maydonchasi»ga «yo‘llanma» olishiga sabab bo‘ldi. 

Buxoro viloyat IIB JXX YHXB katta inspektori Abdullo Jalolovning bildirishicha, bular orasida o‘n va undan ortiq marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzgan 27 nafar fuqaroning 48 ta ma’muriy jarimalari mavjudligi aniqlangan.  

«Qoidabuzar piyoda va haydovchilar o‘z hatti-harakatlari sabab oilaviy budjetga zarar keltirmoqda. Bu moddiy ziyon esa odamlar orasida: «Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari noo‘rin jarimalar undiryapti» degan noto‘g‘ri talqinlarning oshishiga sabab bo‘lmoqda. Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilgan piyoda ham, haydovchi ham hech qachon noto‘g‘ri jarimaga  tortilmaydi. Har bir fuqaro, har bir haydovchi xavfsizlik qoidalariga amal qilsa, bu bilan o‘zi va o‘zgalarning ham hayoti xavfsizligini ta’minlagan bo‘ladi»,—dedi Abdullo Jalolov.

Ma’lumki, Buxoro shahrining har bir manzilida ulug‘ qadamjolar hamda masjidlar mavjud. Har juma namozi vaqtida masjid yon atroflarida avtomashinalar tirbandligining oshishi turli ko‘rinishdagi noxush holatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu manzillardagi tirbandliklarning ham oldi olinmoqda. Avtomashinalarning masjiddan 70-100 metr masofagacha yaqin bo‘lgan manzilda to‘xtab turishi jarimaga sabab bo‘lishi va namozxonlarning bu qoidaga qat’iy amal qilishlari shartligi ta’kidlandi.

«Masjid asli piyoda, lozim bo‘lsa, oyoq kiyimini yechib kiradigan muborak joy. Juma namozlarida ayrim namozxonlarning o‘z avtomashinalarini masjid darvozasiga tirkagudek tarzda qo‘yishlari boshqa odamlarga kayfiyatsizlik uyg‘otmay qo‘ymaydi. Ba’zilar esa mashinasini masjidning yonida qoldirib, o‘zi soatlab qaysidir do‘konlarga kirib ketadi. Yo‘ldan o‘tayotgan odamlarga esa bu aziyat beradi. Musulmon kishi birovga aziyat bermasligi kerak, dinimiz ham  buni qaytaradi»,—deydi Buxoro shahar «Xo‘ja Orif Mohitobon» jome’ masjidi imom xatibi Azizbek Ashurov.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring