Buxoro shahrida 7 qavatli «dom» qulab tushmagan. Ammo qulash ehtimoli yuqori...
Ijtimoiy tarmoqlarda «Buxoro shahar, Nizomiy ko‘chasi Endokrinologiya shifoxonasi yaqinidagi 7 qavatli dom qulab tushdi» xabari tarqaldi. Bu ko‘pchilikning e’tiborini qaratdi. «Xabar.uz» muxbiri holat bilan qiziqdi.
Buxoro shahar Bahouddin Naqshband ko‘chasi yoqasida yangi qurilayotgan uy-joylar atrofida yashayotgan aholining so‘ziga ko‘ra, «7 qavatli «dom» qulab tushmagan. Ammo qulash ehtimoli yuqori...»
«E’tibor berib qarasangiz, yuqori qavatlardagi gazobloklar notekis terilgan. Bu birgina plitalarning ko‘chib tushishiginamas, balki «dom»ning ham qulab tushishini ta’minlashi mumkin. Shundoq ko‘rinib turibdi-ku...»,—deydi muxbir bilan suhbatda bo‘lgan fuqaro.
«Holat sodir bo‘lgan tunning o‘zida Buxoro shahar hokimi tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilib, uning tarkibiga FVB, IIB, prokuratura, qurilish inpeksiyasi va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlari jalb etildi. Maxsus ishchi guruh vakillari tomonidan holat o‘rganib chiqildi. Ma’lum bo‘lishicha bino beshinchi qavatga qadar pishiq g‘isht, oltinchi va yettinchi qavatlari gazablok terish yo‘li bilan qurilgan. Qurilishi yakunlanmagan binoning yettinchi qavati tom yopmasi beton plitalari ostida bo‘lgan temir beton belgilangan mustahkamlikka ega bo‘lmagan to‘sin (rigelga) ortiqcha yuklanishni berilishi sababli rama konstruksiyaning to‘sin (rigel) qismida buzilish yuzaga kelgan»,-deydi Buxoro shahar hokimi axborot xizmati rahbari.
Bildirilishicha, holat sodir bo‘lgan vaqtning o‘zida quruvchi tomonidan egilgan beton plitalar xavfsiz joyga tushirilib, xavf bartaraf etilgan. Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda binoda quruvchilar bo‘lmagan. Tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Buxoro viloyati kurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini baaruvchi Bahodir Toshevning bildirishicha, ajratilgan 1,7 ga yer maydonida ushbu ko‘p qavatli uyni tiklash, bolalar maydonchalari qurish va atrofini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish Buxoro shahar hokimining 2015-yil 30-dekabrdagi № 2147-sonli qaroriga muvofiq, «Ingenering stroy-montaj servis» MChJga ajratib berilgan. Mazkur qarorga asosan, Buxoro shaxar Arxitektura va qurilish boshqarmasi tomonidan 2015-yil 31-martdagi № 61-sonli arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i (ART) hujjati tayyorlab berilgan. «Loyihasuvqurilish» MChJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari, Buxoro shahar qurilish bo‘limi tomonidan ushbu binoning bosh reja va fasad ko‘rinishlari 7 qavatli etib kelishilgan.
«Kelishilgan 7 qavatli binoning loyiha-smeta hujjatlari uchun ekspertiza tashkilotining ijobiy xulosasi olinib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 370-sonli qarorning 5-ilovasiga asosan, «Qurilish-montaj ishlarini boshlash to‘g‘risida» DXA orqali xabarnoma yuborilgan. Viloyati kurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan 2020-yil 48-son bilan ro‘xatdan o‘tgan. 2021-yil mart oyida notarial oldi-sotdi shartnoma asosida ushbu hududdagi 400m2 yer maydonidagi qurilma fuqaro Akmal Sayfiddinov sotilgan. Va mazkur obektlarning qurilish jarayonlari hududiy inspeksiya tomonidan doimiy nazorat qilingan bo‘lib, «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi orqali buyurtmachi, loyihachi tashkilotlariga inspeksiyaning elektron yozma ko‘rsatmalari taqdim etilgan,— deydi Bahodir Toshev.
Biroq, mazkur obektda loyiha nazoratchisi tomonidan belgilangan kalendar reja-jadval asosida nazorat ishlari to‘liq amalga oshirilmagan. Natijada joriy yilning 27-dekabr kuni tungi vaqtda binoning 7-qavatida rigellarga tayangan
5 ta plita tushib ketishi bilan bog‘liq avariya holati yuzaga kelgan.
«Plitalarning qulab tushish sabablari o‘rganilganda, binoning asosiy yuk ko‘taruvchi konstruksiyasi ramaning regil qismlari quyma-betondan emas, mahaliy qum-shag‘al aralashmasidan (GPS) tayyorlangani aniqlandi. Beton ishlari qurilish maydonining o‘zida qum-sement aralashmasi tavakkalchilikka asoslangan holda tayyorlangan. Bundan tashqari, rigellar yetarlicha mustahkamlik darajasiga yetmay turib, uning ostidagi yog‘ochli tayanch ustunchalari (opora opalubki) olib tashlangan. O‘rnatilgan plitalarning ustiga ortiqcha yuk ortilgan va konstruksiyada zo‘riqish yuzaga kelgan. Oqibatda shunday avariya holati yuzaga kelgan», — deydi Bahoir Toshev.
Mazkur holat yuzasidan, hududiy inspeksiya tomonidan qurilish talablarini buzgani uchun Akmal Sayfiddionov O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 99-moddasiga asosan, javobgarlikga tortilgan.
Qayd etilishicha, mazkur binoning yuk ko‘taruvchi asosiy devor-konstruksiyalarida ham nosozlik mavjud. Temir-beton kolonna va rigellarning mustahkamlik ko‘rsatkichlari shmid asbobi orqali sinab ko‘rilganda, mustahkamlik darajalari past ekani ham aniqlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter