Buxoro: Avariya holatidagi bog‘cha o‘rniga yangisi quriladigan bo‘ldi
Buxoro viloyati, Jondor tumanidagi 25-MTM binosi avariya holatiga kelib qolgani va shu ahvolda ham bolalarni qabul qilayotgani haqida xabar berilgan edi.
«Xabar.uz»ning Buxorodagi maxsus muxbiri Laylo Hayitova vaziyatni o‘rgandi.
Jondor tumanidagi 25-maktabgacha ta’lim muassasasi joriy yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlariga asosan, 3 mlrd. 375 mln. so‘m mablag‘ evaziga 125 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy ko‘rinishda faoliyat boshlaydi. Bu haqda Buxoro viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Farhod Latipov ma’lum qildi.
Buxoro viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tasarrufidagi Jondor tumani 25-maktabgacha ta’lim muassasasi ahvoli xususida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli xabarlar ko‘pchilik e’tiborini o‘ziga qaratdi.
Jondor tumanidagi «Ushod» mahalla fuqarolar yig‘ini binosi 1952-yilda hashar yo‘li bilan maktab sifatida qurilgan. 1998-yildan boshlab esa aholining talab va ehtiyojidan kelib chiqib, ushbu bino 70 o‘ringa mo‘ljallab, maktabgacha ta’lim muassasasiga moslashtirilgan. Muassasa binosi xabarlarda ko‘rsatib o‘tilganidek, haqiqatan ta’mirga muhtoj, devorlarining suvoqlari to‘kilgan. Issiq va sovuq kunlarda ham tashqi hojatxonadan foydalanib kelishgan. Shuningdek, elektr energiyasi hamda issiqlik ta’minotidan ham muammolarga duch kelishgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlardan so‘nggina mazkur maktabgacha ta’lim muassasasida qisman ta’mirlash ishlari olib borilgan.
«Ayni paytda Jondor tuman hokimligi ko‘magida hashar yo‘li bilan ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Muassasada qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida elektr energiyasi uzluksizligi ta’minlanib, qo‘shimcha yuqori bosimli tabiiy gaz quvuri tarmog‘i tortildi», — dedi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Rahmat Akobirov.
Bildirilishicha, muassasa binosi uzoq yillardan buyon shunday ahvolda. Holatni o‘rganib, bajarilgan ishlarni kuzatar ekanmiz, tuman hokimligi shu homiylik ko‘magini ilgariroq amalga oshirishi ham mumkin edi-ku, degan savol tug‘iladi.
«To‘g‘ri, muassasa binosi holati qoniqarsiz, ammo unga mablag‘ ajratib, mukammal ta’mirlash foydasiz bo‘lgani sababli ta’mirlash uchun yirik mablag‘ ajratilmagan. Yaqinda tumandagi korxona-tashkilotlarning beminnat ko‘magi bilan isitish pechlari belgilangan me’yorlar asosida qayta jihozlandi. Muassasa oshxonasi qo‘shimcha suyultirilgan gaz balloni bilan ta’minlandi. Bolalar kravatlari sanitar – gigiyena me’yorlari asosida joylashtirilib, yaroqsiz holga kelgan xonalardagi pol qoplamasi joriy ta’mirlandi. Binoning tom qismi esa shifer qoplamasi bilan qoplangan. Qish mavsumida muammolar yuzaga kelmaydi», — fikrini bayon etdi Jondor tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Ibodulla Sa’dullayev.
Muassasa mudirasi Venera Saidovaning bildirishicha, qishloq hududida 3-7 yoshli bolalar soni 188 nafar, ota-onalar talabi va ehtiyojidan kelib chiqib, 80 nafarga yaqin bola tarbiyalanib kelinmoqda.
«Aksariyat xonalar ta’mirga muhtoj. Bolalar tashqi hojatxonadan foydalanib kelishadi. Xonalarda kravatlarning yetishmovchiligi ham bor gap. Bir necha bor ma’nan eskirgan holatdagi binoni yiqitish maqsadi ko‘zlangan. Lekin arqonning ikkinchi uchi bor: qishloq hududida boshqa bog‘cha yo‘q. Joriy yilning sentyabr oyiga qadar aholining, ota-onalarning ehtiyoji, talabidan kelib chiqib, binodan foydalanib turishga to‘g‘ri kelmoqda», — dedi Venera Saidova.
Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida ota-onalar bilan suhbatlashdik.
«Men bolamni sharoit va imkoniyati yetarli bo‘lmasa-da, shu bog‘chaga qo‘yishga majburman. Ikkinchi farzandim ham erta-indin bog‘cha yoshiga yetib qoladi. Uni ham navbatga yozdirib qo‘yganman. Axir har kun tuman markaziga qatnash biz uchun qiyinchilik tug‘diradi», — dedi bog‘cha tarbiyalanuvchisi Shahinbek To‘ymurodovning onasi Sitora Sharipova.
«Farzandim Javlonbek Jumayev shu bog‘chada tarbiyalanadi. Men avariya holatida bo‘lsa-da, bolamni shu bog‘chaga berishga majburman. Ikki yildan buyon mahallada yangi bog‘cha tiklanadi, degan va’dani eshitib kelayapmiz. Lekin to yangi muassasa binosini topshirishmaguncha, biz ota-onalar binoning yiqitilishi yoki bog‘cha faoliyatining to‘xtalishiga qarshimiz», — deya fikrini bildiriladi Marjona Rahmatova.
«Qizim Mohiniso Bahodirova ikki yildan buyon mazkur 25-maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnaydi. Yangi bog‘cha shu yilning sentyabr oyida qurib, foydalanishga topshiriladi, deyishyapti. Shunga umid qilib turibmiz. Ammo, yangi bog‘cha tiklanguncha, ushbu muassasa faoliyati to‘xtatiladigan bo‘lsa, ayting-chi, biz bolamizni qayerga qo‘yamiz. Shunday-da ham mahallamizda bolasini bog‘chaga joylashtira olmay, navbat kutib turgan ota-onalar bir qancha», — deydi tumandagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Shahnoza Boltayeva.
Buxoro viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisining bildirishicha, viloyatda mavjud 430 ta maktabgacha ta’lim muassasalari binolarining 282 tasini joriy yildan boshlab, tegishli Davlat investitsiya, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari asosida rekonstruksiya qilinishi to‘g‘risida manzilli ro‘yxatlar shakllantirilgan. 2018 yil davomida viloyat bo‘yicha jami 388 ta maktabgacha ta’lim muassasalarining 48 tasi 126 mlrd. 700 mln so‘mlik rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan. Shundan Jondor tumanidagi jami 26 ta MTMdan 5 tasida kapital ta’mir va rekonstruksiya ishlari bajarilgan.
Buxoro viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Farhod Latipov maqolada ko‘rsatilgan ayrim holatlarga aniqlik kiritar ekan: «Ushbu binoda har qancha ta’mirlash, sozlash ishlari olib borilishiga qaramay, muammolarini to‘liq bartaraf etish juda qiyin. Ustiga-ustak, katta mablag‘ talab etadi. Vaholanki, bino ma’nan eskirgan. Biroq, bu bolalar xavfsizligini ta’minlashda salbiy oqibat keltirib chiqaradi, degani emas. 2019-yilda faqatgina Investitsiya dasturi asosida viloyat bo‘yicha jami 44 ta muassasa binosida 141 mlrd. 750 mln. so‘mlik rekonstruksiya ishlari bajarilishi belgilangan. 4 tasi Jondordagi maktabgacha ta’lim muassasalariga tegishli. Aynan 25-maktabgacha ta’lim muassasasi ham 2018-yil 19-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» PQ 4067-sonli qaroriga ko‘ra, 3 mlrd. 375 mln. so‘m mablag‘ evaziga 125 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy ko‘rinishda 0,50 gektar yer maydonidagi yangi binoda faoliyatni davom ettiradi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, joriy yilning 1-sentyabrida ushbu muassasaning foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan», — dedi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter