«Bu – demokratiyaga hujum demakdir» – Yevroittifoq dolzarb masala bo‘yicha bayonot berdi
Butun dunyoda mustaqil jurnalistlarning ovozini o‘chirishga urinish hali-hamon davom etmoqda, ularga nisbatan tahdidlar, hujumlar kamaygani yo‘q. Bu haqda Yevropa komissiyasi vitse-prezidentlari Jozep Borrel (u ayni paytda YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili sanaladi) hamda Vera Yourova tomonidan 2-noyabr – Xalqaro jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning jazosiz qolishiga barham berish kuni munosabati bilan berilgan bayonotda so‘z boradi.
UNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda 44 nafar jurnalist o‘ldirildi, yana ko‘plab OAV xodimlari tahdid va ta’qib nishoniga aylandi.
«Mustaqil jurnalistlar so‘z erkinligni himoya qiladilar, barcha fuqarolarning axborot olish huquqi kafolatini ta’minlaydilar. Ular demokratiya va ochiq jamiyatlar qaror topishiga hissa qo‘shadilar. Uyda bo‘ladimi (Yevropa Ittifoqi nazarda tutilmoqda – S.S.) yoki butun dunyodami, jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning jazosiz qolishiga barham berilmog‘i shart», – deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi ma’muriyati o‘z hududida jurnalistlarni himoya qilish tizimini muntazam takomillashtirmoqda. Xususan, joriy yil sentyabr oyida YeIga a’zo mamlakatlar uchun jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tavsiya ishlab chiqildi. Bu Ittifoq hududida OAV xodimlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan jiddiy qadam sanaladi.
Mazkur hujjatda «to‘rtinchi hokimiyat» vakillari haq-huquqlarini himoya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, jumladan, jabrlanuvchilarga tezkor ko‘mak ko‘rsatish, bu boradagi jinoyatlarning jazosiz qolmasligi borasida talablar belgilangan.
«YI 2021 yil mobaynida ham jurnalistlar dunyo bo‘ylab tahdidga uchragan vaziyatlarda qat’iy bayonotlar berishda davom etdi. Yuzlab jurnalistlarga YeIning inson huquqlarini himoya qilish loyihalari doirasida ko‘mak ko‘rsatildi, ko‘plab OAV xodimlari kasbiy bilim olish imkoniyatidan foydalandi», – deyiladi Yevrokomissiya vitse-prezidentlari bayonotida.
Ta’kidlanishicha, mustaqil OAVni qo‘llab-quvvatlash, murakkab sharoitda faoliyat yuritayotan soha vakillari kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga bundan keyin ham jiddiy e’tibor qaratiladi.
«Biz, qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, jurnalistlarga yelkadoshmiz va ularni himoya qilamiz. Biz mustaqil va rang-barang media muhitini qo‘llab-quvvatlash, hamkor-hamfikr, chegaralar oshgan jurnalistikani dastaklash hamda OAV erkinligi buzilishiga qarshi kurashni davom ettiramiz. OAV erkinligi va plyuralizmsiz demokratiya ham bo‘lmaydi. OAVga hujum demokratiyaga hujum demakdir», – deyiladi Jozep Borrel hamda Vera Yourovalarning qo‘shma bayonotida.
Yevropa komissiyasi YI hududida so‘z va matbuot erkinligini himoya qilishga ustuvor vazifalardan biri sifatida e’tibor qaratmoqda. Bu boradagi qonunchilikka yanada mustahkamlash maqsadida 2022-yili Yevropada OAV erkinligiga doir qonun loyihasi taqdim etilishi kutilmoqda. YeIning 2022-2024-yillarda Inson huquqlari va demokratiya bo‘yicha harakatlar strategiyasida ham OAV xodimlari xavfsizligi masalasi e’tibordan chetda qolmagan.
Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh assambleyasi 2013-yilda 68/163-sonli rezolyusiya asosida 2 noyabr sanasini Xalqaro jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning jazosiz qolishiga barham berish kuni deb e’lon qilgan.
Mazkur sana tanlangani bejiz emas. 2013-yilning 2-noyabrida Malidagi qurolli mojarolarni yoritayotgan fransiyalik jurnalistlar – Gislen Dyupon va Klod Verlon jangarilar tomonidan o‘ldirilgan edi. BMT o‘z rezolyusiyasida dunyo mamlakatlarini jurnalist va OAV xodimlariga qarshi jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish, aybdorlarni qonuniy jazolashga chaqirgan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter