Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu biz uchun juda uyatli» — Sherzod Kudbiyev (video)

«Bu biz uchun juda uyatli» — Sherzod Kudbiyev (video)

Foto: Videolavhadan skrinshot

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda soliq organi xodimlari sotuvchi ayollarning buyumlarini tortib olishga urinib, ularni yerda sudragani, yosh bolani yig‘lashiga sabab bo‘lgani aks etgan video tarqaldi.

Videoda qayd etilishicha, soliq organi xodimlari 10 A 042 RA raqamli avtomobilda kelib, sotuvchi ayollarning buyumlarini tortib olishga uringan. Ayollar buyumlarini berishni xohlashmagan, soliq organi xodimlari ulardan majburan olib qo‘ygan.

«Uyimda non qolmadi, ber narsalarimni», deya baqiradi sotuvchi ayol. Soliqchi esa bu yer bozor emasligini aytadi.

Voqea Olmaliq shahrida sodir bo‘lgani aytiladi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev o‘z munosabatida bu holat tizim uchun juda uyatli ekanini ta’kidladi.

«Olmaliq shahrida bo‘lgan noxush hodisa juda uyatli biz uchun, bizning sha’nimizga, umuman, soliq organlari vazifalariga to‘g‘ri kelmaydigan holat. Men sizlarga o‘zim shaxsan va’da beraman. Hozir o‘zim Samarqand shahrida xizmat safaridaman, lekin qaytib borishim bilan o‘zim Olmaliqda o‘sha hodisa yuz bergan joyda bo‘laman. Lekin ungacha kutmasdan, biz bu hodisada o‘zini noo‘rin tutgan va noo‘rin xizmat vazifasini bajargan barcha xodimlarga nisbatan tegishli jazo choralarini ko‘riladi...

Soliq organlari kuch ishlatar tizim emas. Lekin bunday ayanchli holatlar yuz beryapti va biz buni ildizi bilan yulib tashlashimizga to‘g‘ri keladi. Ko‘rilgan choralar bo‘yicha sizlarga qo‘shimcha axborot beramiz.

Bunday holatning yuz berishi biz uchun uyatli va men hurmatli fuqarolarimizdan, umuman butun xalqimizdan kechirim so‘rayman. Soliq idoralarining hamma hodimlari ham bunday emas, afsuski, unaqalari ham yo‘q deyolmaymiz», – deya murojaatini yakunlagan Sherzod Kudbiyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring