Falastinning bosib olingan hududlarida qurilgan Isroil aholi punktlari noqonuniy deb topildi
BMT Bosh assambleyasining 9-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan 78-sessiyasida Yaqin Sharqdagi vaziyat va Falastin masalasiga bag‘ishlangan oltita rezolyusiya loyihasi ko‘rib chiqildi. Jumladan, «Isroilning bosib olingan Falastin hududidagi aholi punktlari» nomli rezolyusiya loyihasi 145 ta davlat tomonidan yoqlandi. Ular orasida O‘zbekiston ham bor.
Okkupatsiya qilingan hududlarga Sharqiy Quddus, Iordan daryosining g‘arbiy sohili, G‘azo va xalqaro hamjamiyat Isroil tomonidan bosib olingan yerlar deb hisoblaydigan Suriyaning Jo‘lon tepaligi hududi kiradi.
7 ta davlat, xususan, Kanada, Vengriya, Isroil, Marshall orollari, Mikroneziya, Nauru, AQSh rezolyusiyaga qarshi chiqqan bo‘lsa, 18 ta davlat betaraf qolgan, 22 davlat vakillari esa ovoz berish jarayonida qatnashmagan. Qayd etilishicha, yakuniy ovoz berish natijalari yuridik kuchga ega bo‘lmaydi. Chunki rezolyusiyaga qarshi ovoz bergan AQSh veto huquqiga ega.
BMT Bosh assambleyasi, o‘z shartlariga ko‘ra, bosib olingan Falastin hududida, jumladan, Sharqiy Quddusda va Suriyaning Jo‘lonida aholi punktlarini qurish hamda yerlarni musodara qilish, tinch aholini majburan ko‘chirish, de-fakto yoki milliy qonunchilik orqali yerning anneksiya qilinishi va boshqa har qanday faoliyatni qoralaydi.
Oktyabr oyi oxirida 120 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston BMT Bosh assambleyasining G‘azo sektorida o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyusiyasini yoqlab ovoz bergandi. 14 ta mamlakat bunga qarshi chiqqan bo‘lsa, 45 ta mamlakat betaraf qolgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter