Guljahon Yo‘ldosheva qamoqdan chiqqan kuni boshqa shifokor «tiqib» qo‘yildi
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori — viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qo‘llanilgan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, uy qamog‘iga o‘tkazilgan kuniyoq uning o‘rni «to‘ldirib qo‘yilgan»ga o‘xshaydi. Ya’nikim, shu kuni (6-oktyabr) Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi infeksionisti — 30 yoshli Shixnazar Ro‘zmetov qamoqqa olindi. Bu haqda «Xabar.uz»ga hibsdagi yosh shifokorning yaqinlari ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Sh. Ro‘zmetovga Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (Shaxsning og‘ir oqibatga sabab bo‘ladigan darajada o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi) va 228-moddasi (hujjatlarni soxtalashtirish) bilan ayb e’lon qilinib, joriy yilning 6 oktyabr kuni JIB (jinoyat ishlari bo‘yicha) Chirchiq shahar sudi ajrimi bilan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Albatta, ayblovlarning asosli yo asossiz ekani haqida hozircha bir nima deb bo‘lmaydi.
Hozir gap qo‘llangan ehtiyot chora haqida ketmoqda.
Shifokorning qamoqqa olinishi uning tergovdan qochib yashirinishi yoki dalillarni yo‘q qilishi ehtimolidan kelib chiqib qo‘llanadi. Shu nuqtai nazardan Sh. Ro‘zmetov shifoxonadagi holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan sana — 11 avgustdan beri tergovga kelib-ketayotgani, bu oradan bosh shiforkor G. Yo‘ldosheva qamoqqa olinganidan keyin ham «juftakni rostlab» qolmagani e’tiborga olinsa, uning «tergovdan qochib yashirinishi» ehtimoli «0» (nol)ga tengligi oydinlashadi. Ikkinchidan, e’lon qilingan asosiy ayblov (JK, 116-modda) ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyatlar sirasiga kiradi, ayni ayblov sudda tasdiqlangan taqdirda ham (tasdiqlanishiniga ayni paytda hech kim kafolat berolmaydi!) eng baland jazo «besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish» ekani inobatga olinsa, qo‘llangan ehtiyot chora katta savol tug‘diradi. Chunki, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha besh yildan ortiq (!) jazo tayinlanishi ehtimoli bo‘lgan taqdirdagina shaxsga «qamoqqa olish» chorasi qo‘llanishi mumkinligi Oliy sud Plenumi qarorida alohida qayd etiladi.
Yuqorida qayd etilganlarga Sh. Ro‘zmetov endigina shifkor sifatida ish boshlagani, boz ikki nafar voyaga yetmagan farzandning (ikkinchi farzandi endigina bir oylik bo‘lgan) otasi, oilaning yagona boquvchisi ekani ham qo‘shilsa, unga nisbatan qo‘llangan ehtiyot chora navbatdagi shoshma-shosharlik natijasi emasmikan, degan yana bir savol tug‘diradi.
Chunki, joriy yilning 8 sentyabr kuni Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori G. Yo‘ldosheva «olti nafar voyaga farzandning onasi ekani, ularning kenjasi endigina ikki yoshga to‘lganiga» qaramay «tergovdan qochib, yashirinishi va dalillarni nobud qilishi mumkinligi» ehtimolidan kelib chiqib, JIB Chirchiq shahar sudi ayolni qamoqqa olish haqida ajrim chiqargandi. Oradan bir oy o‘tgach esa, ayni holatning teskarisi bo‘ldi: shu sudning o‘zi uning «tergovdan yashirinishi va dalillarni yo‘q qilishi ehtimoliga» qaramay «ayol ekani, olti nafar voyaga yetmagan farzandning onasiligini» e’tiborga olib, qamoqqa olish ehtiyot chorasini uy qamog‘iga o‘zgartirish haqida navbatdagi ajrimini chiqardi...
Ajab, JIB Chirchiq shahar sudi prokuror kiritgan iltimosnomalarni «ko‘zni chirt yumib», qanotlantiraveradigan muassasaga aylanib qolganmi yo?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter