Maoshingiz qancha, janob bosh vazir? Yaponiyada parlament deputatlarining daromadlari xalqqa e’lon qilindi
Yaponiya parlamenti deputatlari 2021-yilda olgan daromadlar haqidagi ma’lumotlar ochiqlandi. Bu haqda «Japan Today» xabar berdi.
«Kunchiqar yurt» parlamenti quyi palatasi 465 nafar deputatdan iborat. Ular o‘tgan yili olgan jami daromadlar (moliyaviy aktivlar, yer, mulk) o‘rtada taqsimlanganda bir deputatga o‘rtacha 29,24 mln iyena (234 ming AQSh dollari)dan tushgan.
Bosh vazir hamda yetakchi Liberal-demokratik partiya rahbari Fumio Kisida 2021-yili 49,8 mln iyena (398 ming AQSh dollari atrofida) ishladi. Kisidaning daromadi o‘zidan oldingi bosh vazirlar — Yosixide Suga (62,85 mln iyena) va Sindzo Abe (101,04 mln iyena)larnikidan birmuncha oz.
Yaponiyada bosh vazirning daromadlari hukumat rahbari uchun belgilangan maosh va boshqa to‘lovlardan shakllantiriladi.
Daromadning eng zo‘rini esa Fumio Kisida rahbarlik qilayotgan partiyadagi vitse-prezident, ilgari bosh vazir bo‘lgan Taro Aso oldi — 614,17 mln iyena yoki 4,9 mln dollar. Chunki Tokiodagi eng qimmat Sibuya tumanida hamda mamlakat markazidagi kurort shaharchada ko‘chmas mulklari bor.
Yaponiya parlamentidagi 465 deputatdan 45 nafari yoki 9,67 foizi — ayollar. Ularning jami daromadi o‘rtada taqsimlanganda bir ayolga 14,9 mln iyena (119 ming dollar)dan tushdi. Erkak deputatlarning daromadlari esa o‘rtacha — 30,78 mln iyenadan.
Gender tenglik va bolalar siyosati vaziri Seyko Noda qonun chiqaruvchi ayollar orasida daromadi 100 million iyenadan oshgan yagona ayol kishi bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter