Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolangizni nega «ayti»ga o‘qishga bermaysiz?

Bolangizni nega «ayti»ga o‘qishga bermaysiz?

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 11 dekabr kuni Davlatimiz rahbari Toshkentdagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki – IT-Parkni borib ko‘rdi.

Prezident mazkur texnologik parkka 2019 yil 20 noyabrda ham kelgan va majmua qurilishiga start bergan edi. Xo‘sh, davlat rahbari nega bunchalik bu sohaga katta e’tibor bermoqda? Sabablar ko‘p. Birinchisi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mamlakatlarning tez rivojlanishi, iqtsodiyotini ko‘tarishda yetakchi sohaga aylangan. Ikkinchisi, aholi bandligini ta’minlash, ishsizlikni kamaytirishda bu sohaning o‘rni katta. Eng muhimi, «ayti» sohasi yoshlarga zamonaviy kasb egallashlarida judayam katta imkoniyatlar beradi.

Shu sababli ham Prezident Yuqori Chirchiq tumanida «Astrum» IT akademiyasida yoshlar bilan muloqot davomida «Agar zamonga munosib bo‘laman, o‘z ishimni topaman, yaxshi yashayman desalaringiz, shu sohani o‘rganing. Kelajakka investitsiyangiz – shu. Ham bilim olib, ham amalda tatbiq qilib, oilangiz, el-yurtimizga ko‘makdosh bo‘lasizlar, deb ishonaman»,  degandi.

Mamlakatimizda dasturchi, frilanser, startapchi, robototexnik  yoshlar ko‘pmi, ularning natijalari zo‘rmi?

Keling, bilganlarimiz haqida bir-ikkita misol keltiraylik.

Buxorolik, dasturchi frilanser sifatida ish boshlagan Saidravshan Shokirov dastlabki mablag‘i – 100 dollarni 15 yoshida topgan.

25 yoshli frilanser «Toptal.com» jahon frilanserlar dasturchisi sanaladi. Ayni paytda u toptal.com autsorsing platformasida dunyoning eng kuchli dasturchilaridan biri sifatida top-3talikdan o‘rin olgan. Hozirgacha 38 ta yirik loyiha ustida ish olib borgan. U ishlab topayotgan yillik mablag‘ miqdoriga mintaqaning eng kuchli AT-tadbirkorlari ham havas qiladi.

2020 yil boshida Saidravshan Shokirov «Monday Labs» dasturchilar maktabini tashkil qildi. «Monday Labs» dasturchilar maktabini shu vaqtgacha 214 nafar o‘quvchi tamomlagan. Ular orasidan 10 nafari Saidravshan Shokirov rahbarlik qilayotgan «Monday Labs» MChJga ishga olingan. U 2023 yilgacha xalqaro talablarga javob beradigan 250 nafar kuchli dasturchi tayyorlashni rejalashtirgan.

Buxoroning yana bir farzandi Navro‘z Ergashev birinchilardan bo‘lib viloyatda robototexnika bo‘yicha o‘quv markazi ochgan. Navro‘z Buxorodagi 34-maktabdan so‘ng shahardagi politexnika kasb-hunar kollejida tahsil olgan. 2013-2019 yillarda Moskva elektron ilmiy-tadqiqot universitetining bakalavr va magisturasida o‘qigan. O‘qish bilan birga «Informunity» kompaniyasida veb-dasturchi hamda uch yil davomida Moskva IT-parkida robototexnika bo‘yicha o‘qituvchilik qilgan. U Moskvada qolishi, karerasini o‘stirishi yo bo‘lmaganda moddiy tarafdan yaxshigina pul ishlashi mumkin edi. Ammo Navro‘z 2019 yilning sentyabr oyida ona shahriga qaytib, o‘quv markazi ochishga kirishdi.

Navro‘z Ergashev «ko‘pchilik robototexnika harakatlanadigan o‘yinchoq, degan yangilish fikrga boradi, aslida unday emas, uni barcha sohalarda qo‘llab yuqori natijalarga erishish mumkin», deb hisoblaydi.

Shu o‘rinda, kuchli robototexnik bo‘lish uchun nima qilish kerak, ular dasturchilardan kam mablag‘ topadimi, robototexnikaning qanday turlari bor, degan savollarga javob, umuman, robototexnika olami haqida bilishni istasangiz videointervyuni bilan tanishishni tavsiya qilamiz: «Bu harakatlanadigan o‘yinchoq emas». Xorij kompaniyasidagi ishini tashlab kelgan robototexnik bilan suhbat (video).

Mustafo Muhammadov 14 yoshda. 2007 yilda Marg‘ilonda tug‘ilgan. Hozir poytaxtimizdagi 246-maktabning 7-sinfida o‘qiydi. Grafik dizaynga qiziqadi. Toshkentdagi INHA universitetidagi kurslarda bir yarim yil davomida o‘qigan. Kamiga internet orqali dasturlash bo‘yicha kurslarda bilimini oshirib boryapti.

– Karantin davrida «ayti» yo‘nalishidagi qiziqishlarim bo‘yicha ko‘p narsani  o‘rgandim, – deydi Mustafo. – Tanishlarim ish taklif qilishdi. Bo‘sh vaqtimda tayyor dizaynni «jonlantirib», ya’ni animatsiyalashtirib berdim.

E’tiborlisi, o‘n to‘rt yoshli Mustafo har oyda 300-400 dollar ishlab topadi.

Toshkentlik 37 yoshli Nodir Ikromov oilada to‘rt o‘g‘ilning ikkinchisi. Tinib-tinchimas bu yigit o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygandi. Ammo avtofalokat tufayli birinchi guruh nogironiga aylandi.

Shaxsiy biznesiga, ya’ni onlayn biznesiga ega, u «NEMAKLER» loyihasiga asos solgan. Yaxshigina pul topadi. Ana shu topayotgan mablag‘larning ko‘p qismini xayriya ishlariga sarflaydi.

Bu biz bilgan yosh yurtdoshlarimiz, bilmaganlarimiz qancha.

Har yili mamlakatmizda million nafardan ziyod abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun hujjat topshiradi yoki chet el OTMlariga kirishga harakat qiladi. Ammo hammasi ham talaba bo‘laolmaydi. Xo‘sh, unda nima qilish kerak? Bu borada yoshlarga axborot texnologiyalari yordam beradi. Misol uchun, respublikamiz bo‘ylab qariyb 200 taga yaqin Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari – IT-markazlar bor. Ana shu markazlarda turli muddatli guruhlarda o‘qish imkoni mavjud. O‘qishni bitirib IT-Parkka rezident sifatida ishga kirish, frilanserlik faoliyati bilan shug‘ullanish mumkin. Yoki markaz bitiruvchisi startap jamoasini shakllantirishi, axborot texnologiyalari bo‘yicha kompaniya tashkil qilib, IT-Park rezidenti bo‘lishi, imtiyozlardan foydalanishlari mumkin. Qisqa muddatda «ayti»ning biror yo‘nalishida o‘qib, malaka oshirib, juda katta mablag‘ ishlab topishlari mumkin bo‘ladi.

IT-Park rahbari Farhod Ibragimov biz bilan suhbatda «Men bir surxondaryolik frilanser yigitni bilaman. Uning yillik daromadi 150 000 dollarga yaqin. Frilanserlar asosan loyihalar orqali pul olishadi. Bu soha vakillari o‘ziga xon, o‘ziga bek bo‘ladi. Korxonalardagi xodimlar haqida gapiradigan bo‘lsak, yetakchi «ayti» korxonadagi xodimni bilaman, bir oyda 10 000 dollar oylik oladi», degan edi. Bu osmondagi gap emas, haqiqatda oramizda mana shunday katta mablag‘ ishlab topadigan «aytishnik»lar ko‘p.

«Ayti» sohasi xotin-qizlar uchun ham eng qulay soha hisoblanadi. Elektr, tezkor internet va zo‘r kompyuter bo‘lsa, bo‘ldi, uyda o‘tirib ham buyurtmalarni bajarib, yaxshigina mablag‘ topish mumkin.

Xo‘sh, yoshlarimiz, shu jumladan, xotin-qizlar yoppasiga «aytishnik» bo‘lishsa nima bo‘ladi? Birinchidan, ishsizlik sezilarli darajada kamayadi, mamlakatimiz iqtisodi ko‘tariladi, ikkinchidan, chetga borib qora ish qilishga ehtiyoj qolmaydi. Uchinchidan, mamlakatimizning ko‘plab reytinglarda o‘rni ko‘tariladi. To‘rtinchidan, masalan, xorijga mashina sotuvida moddiy resurs, ya’ni temir chetga chiqib ketadi, uning zaxirasi kamayib boradi, o‘rnini to‘ldirish esa murakkab jarayon. Ammo dasturiy mahsulot yetkazib berishda faqat aqliy mehnat sarflanadi.

Hozir butun dunyoda axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislarga talab judayam katta. Bu talab oshsa oshadiki, aslo kamaymaydi. Kuzatishlarimizga ko‘ra, hozir dunyoning eng yetakchi «ayti» kompaniyalari rahbarlari hindistonliklar. Xo‘sh, nima uchun hind «aytishnik»lari talabgir? Ular arzonga ishlaydimi yo... Javob turlicha, ammo bir narsa ayon: bu yo‘nalishda hind mutaxassislari zo‘r, degan tushuncha paydo bo‘lgan. Talab ham shunga yarasha ko‘p.

Sizu biz, umuman, butun dunyo hozirda foydalanayotgan smartfonlarda buyuk vatandoshimiz Muhammad al-Xorazmiyning xizmati katta. Buni anglashimiz va his qilishimiz uchun ozgina e’tibor bersak, yoshlarimizni shu yo‘nalishga tortsak, motivatsiya bersak bo‘ldi. Qonimizda bor, bizdan ham zo‘r dasturchilar, startapchilar, frilanserlar, robototexniklar chiqishi aniq.

Xo‘sh, unda nega, bolangizni «ayti»ga o‘qishga bermaysiz?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring