Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolangiz kitob so‘rayaptimi?

Bolangiz kitob so‘rayaptimi?

Foto: Xabar.uz

«Oyijon, kitob do‘koniga ajoyib yangi kitoblar kelgan ekan. Ertaga mustaqillik bayrami. Darslar boshlangunga qadar, bayram bahonasida o‘qituvchimga kitob sovg‘a qilmoqchiydim, o‘zimda biroz yetmayapti, pul bering»,— Malika xursand bo‘lib bozordan to‘lib-toshib kelgan oyisiga peshvoz chiqdi.

«Nim-ma, pul?! Yana yetmaganiga «o‘qituvchimga sovg‘a qilmoqchiydim»mish,—ko‘zlari olaydi Dilbar opaning,— bekorlarni beshtasini aytibsan. Bitta kitobning puliga falonta narsa olaman, uqdingmi?! Maktab direktorining oldiga borib, poraxo‘r o‘qituvchilaringni po‘stagini qoqib kelmasam, otimni boshqa qo‘yaman»,-oldi-veriga qaramay, jag‘i tinmay jovrayotgan oyisining jahlidan Malikaning ko‘ngli cho‘kdi.

«Ustozimni poraxo‘r, deb haqoratlamang, oyi! Bu ustozimga kitob-ku kitob, tilla sovg‘a qilsam arziydi»,—ko‘zlari yoshlandi qizning.

«Voy-voy-voy, tilla, ti-il-la, dedingmi, hozir senimi, o‘sha tilla, degan tillaringni sug‘urib olaman»,—Dilbar opa shang‘illab, erini chaqirdi.

Voqeadan xabar topgan ota ham qizini koyidi. Malika behol o‘tirib qoldi.

«Meni kechiringlar,—sekin shivirladi u,—oyoqlaringiz ostida qo‘sha-qo‘sha mashinalar, bir dasturxon yozganda, har birimiz qariyb birmas, o‘nta kitob pulidan ortiq ovqatlanamiz, o‘qituvchimga bittagina kitob sovg‘a qilsam, nima bo‘pti?! Dang‘illama bu hovlida har kun bazm, ziyofatni kanda qilmaysiz, oshnoyu-dugonalaringiz boshidan pullarni yomg‘irdek sochasiz. Kiyimlarning eng zamonaviylarini kiyib-kiydirasiz, rahmat, ammo, ustozimga bittagina kitob sovg‘a qilsam, nima bo‘pti?!»- Malika shu so‘zlarni takror-takror so‘zladi.

Uning gaplarini eshitib, dong qotib qolgan ota-onasining «hay-hay»lashiga qaramay, Malika sumkasini oldi-da, darvozadan chiqib ketdi.

Ayrim oilalardagi bunday noxushliklar ilm istab, ziyoga talpinayotgan farzandlarni shu oilada yolg‘izlanib, odamovi bo‘lib qolishiga turtki bo‘ladi. Va ota-ona tarbiya jarayonida farzandlari qalbiga qanday urug‘ ekkan bo‘lsa, keyinchalik shunday achchiq-chuchuk mevalarni o‘zlari terishadi.

«Ota-ona, farzandlar o‘rtasidagi ishonch, hurmatga asoslangan munosabatlar — oila mustahkamligining ko‘rinishlaridan biridir. Agar oilada ota-onaning boylikka hirs-havasi balandu, farzandlarning odamiylik va insoniylikka ishtiyoqi sezilarli bo‘lsa, unutmaslik kerakki, bu yerda maktab, mahalla tarbiyasining ta’siri kuchliroq. Farzandlardagi bu xislatlarni asrash va o‘z o‘rnida uning ota-onasidagi ma’naviy qashshoqlik, ma’rifatsizlikni madaniyat bilan yo‘qotishga erishish zarur. Buning uchun musulmonchilik zaminidagi qadriyatlarga, ya’ni yaxshi so‘z, yaxshi amal, yaxshi xulq va yaxshi ma’rifat kabi muqaddas tamoyillarga suyanish kerak»,-deydi Buxoro shahar bosh imom xatibi Otabek Avezov.

Nisbatan olib qaralganda, oilaviy muammolar yuzasidan kelib chiqadigan kelishmovchiliklar aksariyat hollarda ota-onalarning o‘z bolalari bilan, deyarli, fikrlashmay, ularning nomidan o‘zlari qaror chiqarishlarida kuzatiladi. Kattalarning aybi bilan sodir bo‘ladigan nizolar asta-sekin bolada salbiy xulqning shakllanib borishiga sabab bo‘ladi.

Ishdan qaytayotib, beixtiyor ikki ayolning suhbatiga guvoh bo‘ldim. Ularning o‘zi yoxud yaqin kishilari durustgina daromadli joyda ishlashi shundoqqina ko‘rinib turibdi. Bo‘yni va barmoqlarida  qo‘sha-qo‘sha tillalar, egnida qimmatbaho libos...

«Dugonajon, maktab boshlanyapti, o‘g‘lim o‘qiydigan maktabga bir borib kelmasam bo‘lmaydi?»

«Tinchlikmi?»

“Shu sinf rahbari jonimga tegdi. Hali maktab boshlanmay turib, agar uylaringda o‘qilgan kitoblaringiz bo‘lsa ham mayli, olib kelinglar, yangi o‘quv yilida sinfimizda kutubxona ochamiz, debdi»

«Har qalay, ko‘p kitob so‘ramagan-ku. Bittagina bo‘lsa, berib yuboring edi, axir, qimmatbaho narsa so‘ramagan!»

«Qiziqsiz-a, siz aytayotgan o‘sha qimmatbaho narsa topiladiku-ya, tilla boldoqmi, yangi matolardanmi, shu o‘lgur uyda badiiy kitobning o‘zi yo‘q-da!»

«Nim-ma-a?»

«Ha, namuncha hayron qolmasangiz, xuddi o‘zingizda bir dunyo kitob bordek...»

Ikki ayol jim qolishdi.

Ularning suhbatidan so‘ng o‘ylanib qoldim. Uyida aqalli bitta kitob bo‘lmagan boy xotin o‘g‘lining o‘qituvchisiga nima, deb jovrarkin?! Gap-so‘ziga qaraganda, uning o‘g‘liga bitta ham kitob sotib olib bermasligi aniq.

Siz-chi, bolangizga kitob sotib olib berganingizga eslay olasizmi? To‘g‘ri, kitoblarning narxi uncha qimmat emas, lekin uni sotib olishda o‘ylanib turadiganlar qancha...

Katta-katta ziyofatlaru, zar-zevarlar uchun pul topamiz. Nega kitobga kelganda, pul qolmaydi? Farzandning kamoli esa har qanday boylikdan afzal ekanini unutmaslik kerak.

Birgina yuqorida keltirilgan misol — qizning o‘qituvchisiga nisbatan o‘z mehr-muhabbat tuyg‘usini bayram arafasida kitob sovg‘asi bilan ifoda etish istagining ota-onasi tomonidan ruhiy zarba bilan qarshilanishi uning asabiy, qo‘rs va jahldor bo‘lib qolishini ta’minlaydi, xolos.

To‘g‘ri, ayrim ota-onalar o‘quvchining o‘qituvchiga sovg‘a berishini maktab tarbiyasidagi kamchiliklar sirasiga kiritar, ammo, milliy mentalitetimiz xususiyatlaridan kelib chiqib, harflarni hijjalab o‘rgatgan jafokash ustozlarning mehnatiyu-zahmatini sharaflab birgina kitob yoki gul taqdim etish — mukarram sanaladi.

Uzukkun tirikchilik ortidan quvadigan, har bir narsani mol, davlat bilan o‘lchaydigan ota-onasidan muomala ko‘rmagan farzand nopok yo‘llarga ketmay, e’tiborga tashna qalbini ustozining mehr bulog‘idan qondirsa, yaxshilikka!

Shunday ota-onalar borki, farzandining o‘qishi, tarbiyasi, tartibi bilan umuman qiziqishmaydi. Bozorga, to‘yga, ziyofatga, hatto, sanatoriyaga vaqt topiladi, ammo, maktabga birrov kirib, o‘qituvchisidan hol so‘rab, o‘z farzandining qanday o‘qishi natijalari bilan shug‘ullanishga vaqt ajratishmaydi. Axir o‘qituvchi ham temirdan emas, oladigan maoshi evaziga ertadan kechgacha tik oyoqda har kunini maktabda o‘tkazadi.

Farzandlar uchun, ularning kelajagi uchun g‘amxo‘rlik qiladi. Demak, unga ma’naviy madadkor bo‘lish, birgina rahmat izhor etish o‘qituvchining o‘z ishiga sidqidildan yondoshishiga yanada turtki bo‘ladi.

Bugun olib berilgan birgina kitob ertaga farzandingizning o‘qimishli, kelajagi yorug‘ bo‘lishini ta’minlaydi. Bolangiz sizdan kitob so‘rayaptimi, unda xursand bo‘ling. Demak, bolangiz ma’rifatga intilayapti. Bu sizning baxtingiz!

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring