Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalar puli karantin vaqtida tanaffussiz davom ettirilsa qanday tartibda to‘lanadi?

Bolalar puli karantin vaqtida tanaffussiz davom ettirilsa qanday tartibda to‘lanadi?

Foto:«Xabar.uz»

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva karantin davrida aholida tug‘ilayotgan ayrim savollarga javob berib o‘tdi. 

- Oilada 5 kishi yashaymiz. Otam I guruh nogironi. Hech kim ishlamaydi. Mahalladan kam ta’minlanganlik nafaqa olsak bo‘ladimi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-fevraldagi 44-son qarori bilan tasdiqlangan “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a’zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (679 330 so‘m) ning 52,7 foizidan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi.

Hozirgi davrda bu 358 ming so‘mni tashkil etadi.

O‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oilaning jami daromadiga, oila a’zolari tomonidan olingan quyidagi daromadlar kiritiladi:

- mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar;
- mulkiy daromadlar;
- yakka tartibdagi tadbirkorning daromadi;
- chet elda ishlaydigan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan oila a’zolaridan pul tushumlari summasi;
- pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar;
- shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritishdan olingan daromad;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa daromadlar.
Shunga ko‘ra, nafaqa olish uchun yashash joyingizdagi mahallaga murojaat qilishingiz lozim.
Mahallada tashkil etilgan komissiya tomonidan ariza beruvchining murojaati barcha mezonlarga asosan o‘rganib chiqilib, tegishli dalolatnoma tuziladi.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, moddiy yordam tayinlash yoki uni tayinlashni rad etish to‘g‘risidagi qaror fuqarolar yig‘ini (Komissiya) tomonidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi.

- Karantin boshlanishidan oldinroq farzandli bo‘lgandik. Ammo bizning qishloq tuman markazidan uzoqdaligi sababli suyunchi puliga qanday qilib masofadan ariza topshiramiz?

Javob: Bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa (suyunchi) bola tug‘ilgan kundan boshlab 6 oy muddat ichida murojaat qilinganda to‘lanadi. Bola tug‘ilganda beriladigan nafaqaga huquqingiz karantin davrida paydo bo‘lgan bo‘lsa, karantin tadbirlari tugagandan keyin 1 oy davomida ushbu nafaqani olish uchun o‘rnatilgan tartibda murojaat etishingiz mumkin.

- Bog‘chada tarbiyachi yordamchisi bo‘lib ishlayman. (mening vazifam bolalarni ovqatlantirishga olib borish va xonalarni ozoda saqlash) Karantindan oldin ta’tilga chiqdim. Mehnat ta’tilim tugadi ammo karantin haligacha davom etmoqda. Ish beruvchi tomonidan menga ish haqi saqlanmagan mehnat ta’tiliga chiqishni so‘ramoqda. Shu mumkinmi?

Javob: Bunday holatda Siz ish beruvchi bilan kelishgan holda masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga vaqtincha o‘tishingiz yoki ish haqi saqlanmagan holda ta’til olishingiz mumkin.

Har ikkala holatda ham Siz va ish beruvchi o‘rtasida o‘zaro rozilik bo‘lishi lozim.

-14 yoshgacha bolalar puli karantin vaqtida tanaffussiz davom ettirilsa, 6 oygacha beriladimi yoki karantin tugagunchami?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-apreldagi Farmoniga asosan, joriy yilning mart — iyun oylarida to‘lash muddati tugaydigan bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordamlar to‘lash ularni to‘lashni yangi muddatda davom ettirish to‘g‘risidagi ariza hamda boshqa hujjatlarni talab qilmagan holda 6 oy muddatga (biroq bola tegishlicha 2 yoshga va 14 yoshga to‘lgunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda) tanaffussiz davom ettiriladi, ya’ni keyingi 6 oy muddatga uzaytirib qo‘yiladi, agar bu davr ichida bola 14 yoshga to‘lsa, nafaqa to‘xtatiladi.



Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring