Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Doniyor Ro‘zmetov

O‘qiganim va bilganim sari o‘qimaganim va bilmaganim qanchalar ko‘p ekanligini tushunib xijolat tortamen!

BMT xartiyasining «Ajal» bobi

BMT xartiyasining «Ajal» bobi

BMT logotipi.

Foto: «Acsor-surveys.com»

Afg‘oniston, Iroq, Suriya, Somali, Liviya deb sanaydigan bo‘lsak, insonlarning ko‘z oldiga darrov dunyodagi urush va notinchliklarning o‘choqlariga aylangan davlatlar keladi. Bir tomondan, bu davlatlarning hududlarida janglar va harbiy harakatlar davom etayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, u yerlarga «tinchlik o‘rnatuvchi» davlatlarning armiyalari borib joylashib olgan. 

Urush bor ekan, albatta, unga barham berish va u yerda tinchlik o‘rnatish kerak. Lekin dunyodagi «urush va tinchlik» munosabatlarini tushunib olish uchun «tinchlik o‘rnatish» yuzasidan paydo bo‘ladigan savollarga javob topish kerak bo‘ladi. Mazkur maqolada mavzuga oid asosiy savollarga qisqacha javoblar berishga va mavzuni tushunishga harakat qilamiz.

«Tinchlik o‘rnatuvchi davlatlar» kimlar ?

«Tinchlik o‘rnatuvchi» davlatlar, tabiiyki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bo‘lmish AQSh, Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya va Xitoy hamda mana shu davlatlar «belgilagan» boshqa davlatlardir.

«Tinchlik o‘rnatuvchi davlatlar» urush bo‘layotgan davlatlarning hududlariga qanday yuridik asoslarga ko‘ra qo‘shin kiritishlari mumkin?

BMT xartiyasining deyarli barcha boblari tinchlikni va kuch ishlatmaslikni yoqlaydi. Faqat xartiyaning bitta bobi «tinchlik o‘rnatuvchi davlatlar»ga o‘z qo‘shinlarini boshqa davlatning hududiga olib kirishga «ruxsat beradi». Bu BMT xartiyasining 7-bobi bo‘lib, u «Tinchlikka tahdid, tinchlikning buzilishi va tajovuz holatlarida qilinadigan harakatlar» deb nomlanadi. Noto‘g‘ri talqin qilmaslik yoki shaxsiy qarashimni aralashtirib yubormaslik uchun mazkur bobning dastlabki moddalarining matnini keltiraman.

Eslatma: tarjima norasmiy. Uni o‘zim tarjima qilganman. Tarjimada extimoliy xatolar bor bo‘lsa, ular ataylab qilinmagan bo‘ladi. Har ehtimolga qarshi, xartiyaning original versiyalari internetda mavjud ekanligini eslataman.

39-modda. Xavfsizlik kengashi tinchlikka tahdid, tinchlikning buzilishi yoki tajovuz holatlari mavjud ekanligini qayd etadi va o‘zining tavsiyalarini beradi yoki tinchlikni hamda xalqaro xavfsizlikni ta’minlash yoki tiklash maqsadida 41 va 42-moddalarga binoan qanday choralar ko‘rish lozimligi haqida qaror chiqaradi.

40-modda. Vaziyat yanada og‘irlashib ketmasligi uchun Xavfsizlik kengashi, tavsiyalar qilmasdan yoki 39-moddaga binoan choralar ko‘rmasdan oldin, tegishli tomonlarni zarur va joiz deb topilgan vaqtinchalik choralarga amal qilishga chaqirishi mumkin. Vaqtinchalik choralar tegishli tomonlarning huquqlariga, talablariga va egallagan pozitsiyalariga daxl qilmaydi. Vaqtinchalik choralar bajarilmasa, Xavfsizlik kengashi mazkur muvaffaqiyatsizlikni hisobga olib qo‘yadi.

41-modda. Xavfsizlik kengashi o‘z qarorlarini bajartirish uchun harbiy kuch ishlatmay turib qanday choralarni qo‘llash zarurlagi haqida qaror qabul qilishi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining a’zolarini mazkur choralarni qo‘llashga chaqirishi mumkin. Bu choralar iqtisodiy aloqalarni butunlay yoki qisman to‘xtatib qo‘yish, temir yo‘llar, suv yo‘llari, havo qatnovlari, pochta, telegraf, radio aloqalari va boshqa aloqa vositalarini uzib qo‘yish hamda diplomatik aloqalarni to‘xtatishdan iborat bo‘lishi mumkin.

42-modda.  Agar Xavfsizik kengashi 41-moddada ko‘zda tutilgan choralarni nomutanosib deb topsa, yoki shunday ekanligi aniqlansa, u tinchlikni va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash yoki tiklash uchun zarur deb topgan havodan, suv orqali va yerdan turib kuch ishlatish vositalarini qo‘llashi mumkin. Bu vositalar kuchlarni namoyish etish, qamal choralari va BMT a’zolarining havo kuchlari, dengiz kuchlari va yerdagi harbiy kuchlari tomonidan amalga oshiriladigan boshqa operatsiyalarni o‘z ichiga olishi mumkin.»...

BMT xartiyasining preambulasi
Foto: «Wikimedia.org»

«7- bob»ning ahamiyati va o‘ziga xosliklari nimada ?

 «7-bob» xartiyadagi bironta davlatning hududiga bostirib kirishga va harbiy kuch ishlatishga ruxsat beruvchi yagona bobdir. Albatta, bobning nomi jarangdor eshitiladi va uning maqsadlari ezguday tuyuladi. Bir tomondan shunday. Masalan, ikkita davlat o‘zaro urushib, u yerga qudratli davlatlar harbiy kuch yordamida aralashib, urushni to‘xtatishlari kerak bo‘lib qoladigan bo‘lsa, aynan mana shu moddaga tayaniladi. Lekin bu bobning shunday o‘ziga xosliklari borki, ular mazkur bob asosida aql bovar qilmas ishlarni qilishga imkon yaratadi.

Bu bobda ishlatilgan so‘zlar juda umumiy bo‘lib, ularni istagancha talqin qilish va o‘z maqsadlariga moslab olish mumkin. Vaziyatni baholash, urush va xavfsizlikka tahdidning mavjud yoki mavjud emasligini belgilash, qo‘shin kiritish zarur yoki zarur emasligi haqida qaror qilish va tinchlik o‘rnatish uchun qanday kuchlarni ishlatish kerakligini hal qilish Xavfsizlik kengashining erkin ixtiyoriga berilgan. Bir so‘z bilan aytganda, urush yo‘q bo‘lsa ham, agar ular «urush bor» desalar, urush bor bo‘lib ketaverishi mumkin.

Bobda urush, xavfsizlikka tahdid, tahdidlarning turlari, kuchlar va hokazolarning aniq va tiniq ta’riflari ko‘rsatilmagan. Bu ham Xavfsizlik kengashiga butunlay qaror va harakat erkinligini taqdim etadi.

Bobda «Adolat o‘rnatish», «Insonparvarlik qoidalarini hurmat qilish», «Ma’lum chegaralardan oshmaslik» kabi iboralar ishlatilmagan va majburiyatlar yo‘q. Ya’ni bu bobning maqsadi adolat o‘rnatish, haqiqatni qaror toptirish emas, aynan TINChLIK O‘RNATIShdir. Tinchlikni qanday o‘rnatishni esa Xavfsizlik kengashining o‘zi hal qiladi. 

Bu bobda «Xalqaro huquq normalari» yoki boshqa yuridik qonunlar ustuvor deyilmaydi. Ya’ni yagona yuridik norma, bu Xavfsizlik kengashi qabul qilgan qarorlar hisoblanadi.

Xavfsizlik kengashiga nisbatan hech qanday choralar ko‘rilishi ko‘zda tutilmagan. Ya’ni, Xavfsizlik kengashi nima qilishidan qat’i nazar qilgan ishlari uchun javob berishga majbur emas. Masalan, AQSh Iroqda yadro quroli bor deb urush boshlab, bitta davlatni vayron qilsa va uning aldaganligi ma’lum bo‘lib qolsa, 7-bob AQShga qarshi hech qanday jazo choralarini ko‘zda tutmaydi.

Bu bob xalqaro xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashadi, ya’ni agar xavf urush yoki muammo davlat hududining ichkarisida bo‘ladigan bo‘lsa, bu davlatning ichki ishi hisoblanadi. Shu sababdan bunday holatlarda 7-bobni qo‘llashning iloji bo‘lmaydi.

Xartiya qabul qilingandan beri 7-bob ko‘p marta qo‘llanganmi ?

Xartiya qabul qilinganidan (1945 yil) sobiq Sovet ittifoqi yo‘q bo‘lganiga qadar bu bob kam qo‘llangan. Chunki ikki qutbga bo‘lingan davlatlar Xavfsizlik kengashida bir-birlarining qarorlariga «Veto» qo‘yib, uni qo‘llashga bermaganlar. Ya’ni ularning har biri «o‘z» ta’siridagi davlatni «himoya» qilganlar. O‘sha davrlarda, 1950-yillar boshlaridagi Koreya urushida, keyinchalik 1977 yilda Janubiy Afrikada va yana bir necha holatlarda 7-bobga murojat qilingan.

Sovet ittifoqi parchalangach va uning merosxo‘ri bo‘lmish Rossiya zaiflashgach, 7-bobning qo‘llanish holatlari ko‘payib ketgan. Dastlab, Iroq-Quvayt urushida, keyinchalik Ruandada, sobiq Yugoslaviya davlatlari hududlarida mazkur bob qo‘llangan.

2001 yil 11 sentyabrda AQShda yuz bergan portlashdan keyin AQSh BMTda «Xalqaro terrorizm» haqidagi rezolyusiyani qabul qildirishga erishadi va shu asosda Afg‘onistonga qo‘shin kiritadi. 2003 yilda esa, ko‘pchilik davlatlar va BMT qarshi bo‘lishiga qaramasdan, AQSh bu bobni o‘zboshimchalik bilan Iroqqa qarshi qo‘llaydi.

Undan keyingi voqealar o‘zingizga ma’lum. Bu bob Liviya, Somali va nihoyat, Suriyada qo‘llaniladi.

«Tinchlik» bobimi yoki «ajal» bobimi?

Albatta, agar soddalik bilan ishoniladigan bo‘lsa, bobning nomi va uning maqsadlari tinchlik hisoblanadi. Lekin siyosatda soddalik bo‘lmaydi. Bu bob qudratli davlatlarga qo‘shin kiritish va harbiy kuch ishlatishga ruxsat beruvchi yagona bob bo‘lganligi sababli Xavfsizlik kengashining a’zolari bu bobning yuqorida sanab o‘tilgan «o‘ziga xosliklari»dan unumli foydalanishga intiladilar.

Masalan, 2008 yilda Gruziyada ichki hududiy muammo bor edi. Lekin Gruziya o‘z hududidan «tashqariga», ya’ni Janubiy Osetiyaga harbiy hujum qilib chiqishi bilan xavf «xalqaro»ga aylandi va bu Rossiyaga uning hududiga bostirib kirish va kuch ishlatish «huquqi»ni berdi. Bu yerda aynan nima bo‘ldi, kim haq va kim nohaq ekanligining ahamiyati yo‘q. Masalan, ko‘p ehtimol bilan Rossiya Gruziyani gij-gijlab, shu ishni qilishga ataylab majbur qilgan bo‘lishi mumkin. Asosiysi, Rossiya 7-bobni qo‘llashga asosni qo‘lga kiritdi va uni qo‘lladi.

Yana bir misol. 2011 yili Suriyada «Arab bahori» boshlangan paytlarda bu Suriyaning ichki muammosi edi. Bu muammo Suriyaning hududida ekanligida Bashar al-Asad qancha odamlarni otsa va o‘ldirsa ham qudratli davlatlar u yerga kira olmas edilar. Lekin AQSh va manfaatdor taraflar, Turkiyaning yordami bilan Suriyaning hududiga radikal islomchilarni olib kirishga, u yerda harbiy to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishga va nihoyat muammoni Suriyadan Iroqqacha chiqarib, «xalqaro» qilishga erishdilar. Natija o‘zingizga ma’lum. Hozirda deyarli barcha qudratli davlatlar o‘sha yerga joylashib olganlar.

Yanada tushunarli bo‘lishi uchun oxirgi misol. 2010 yilda Qirg‘izistonda yuz bergan voqealar asosan Qirg‘izistonning ichkarisida yuz berdi. U yerda haqiqatan ham o‘zbeklarga nisbatan qirg‘in uyushtirilayotgan edi va bu O‘zbekistonda yashovchi aholining ehtiroslari junbushga kelishiga sabab bo‘lgan edi. O‘shanda hukumatimizdan Qirg‘izistonga qo‘shin kiritish, millatdoshlarimizni qutqarish va qirg‘in qilayotgan gazandalarni jazolashni talab qilish holatlari bo‘lgan. Lekin O‘zbekiston barcha bosimlarga dosh berib, O‘zbekistondan Qirg‘izistonga bitta askarning qadamini qo‘ydirmagan va bironta o‘q ottirmagan edi. Aksincha, qochqinlarni o‘z hududimizda qabul qilib, ularga insonparvarlik yordamlari ko‘rsatish bilan mashg‘ul bo‘lgan edi. Nimaga o‘shanda O‘zbekiston muammoga aralashmadi ? Millatdoshlarini qutqarsa bo‘lar edi-ku! Gazandalarni jazolashga ham kuchi yetar edi.

Agar o‘shanda O‘zbekiston «ahmoqlik» qilib, Qirg‘izistonning hududiga bitta askar kiritganida yoki bitta o‘q ottirganida, Qirg‘izistonning ichki muammosi O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi xalqaro muammoga aylanar va 7-bobga to‘g‘ri kelib, hududimizga qo‘shin kiritilishiga yuridik asos paydo bo‘lgan bo‘lar edi. Masalan, hududimizga rasman kirib, bizga «tinchlik o‘rnatib berish» imkoniyati tug‘ilib qoladigan bo‘lsa, Rossiya yoki AQSh bu fursatdan foydalanmagan bo‘larmidi ? Javobni yozishim shart emas deb o‘ylayman...

Xulosa

7-bobga qanday nom berib, unga qanday buyuk maqsadlar belgilab qo‘yilgan bo‘lishiga qaramasdan, uning o‘ziga xosliklaridan va undan hozirga qadar foydalanilgan vaziyatlardan kelib chiqib, aytish mumkinki, bu bob hozircha «tinchlik bobi» emas, balki «Ajal bobi» bo‘lib qolmoqda. Bu bobga tushib qolganlarning holiga voy.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining samarasizligi haqida so‘nggi paytlarda ko‘p gapirilmoqda. Bu bor gap. «Ajal bobi» va uning xususiyatlari bunga yaqqol misol bo‘ladi.

Lekin BMTning mavjudligining boshqa asosiy roli bor. Bu tashkilot bir-birlarini ko‘rishga ko‘zlari yo‘q bo‘lgan, hatto dushman bo‘lgan davlatlarning «madaniyatli» bo‘lib, stol atrofiga kelishlariga va bir-birlariga aytdigan gaplarini aytib, so‘zlashishlariga imkon yaratmoqda. 

Kichik va roli muhim bo‘lmagan davlatlarning esa 7-bobga tushish yoki tushmasliklari, ko‘pincha, ularning o‘zlariga bog‘liq. Men dunyodagi hech bir davlat, ayniqsa, bizning jannatmakon O‘zbekistonimiz hech qachon «Ajal bobi»ning nishoniga aylanmasligini tilab qolaman.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring