Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT: Suriyada tinch aholi hayotiga zomin bo‘lganlar jazosiz qolmasligi kerak

BMT: Suriyada tinch aholi hayotiga zomin bo‘lganlar jazosiz qolmasligi kerak

Bag‘uz shahrida jangarilarga qarshi reydlarda 60 dan ziyod bolalar va ayollar halok bo‘lgan.

Foto: AFP

BMT komissiyasi AQShni Suriyaga berilgan havo zarbalari payti tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgan holatlar bo‘yicha batafsil tergov-tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi. Xalqaro tashkilotning harbiy jinoyatlar bo‘yicha tergovchilariga ko‘ra, taftish xulosalari jamoatchilikka oshkor etilishi va begunoh aholi joniga zomin bo‘lganlar qonuniy jazolanishi lozim.

Bu o‘rinda gap AQSh qurolli kuchlari tomonidan Suriya hududidagi «Islom davlati» (IShID) terrorchi guruhi ob’yektlariga hujum qilish payti halok bo‘lgan tinch aholi vakillari xususida ketmoqda. Masalan, The New York Times 2019-yilda AQSh harbiy samolyotlarining Bag‘uz shahrida jangarilarga qarshi reydlarida 60 dan ziyod bolalar va ayollar halok bo‘lgani haqida xabar bergan. 

BMTning Suriyadagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi hisobotiga ko‘ra, bir paytlar obod-ma’mur sanalgan arab mamlakati gumanitar inqiroz chohida qolmoqda.

O‘n yildan oshiq vaqtdan buyon davom etayotgan qurolli to‘qnashuv va xunrezliklar aholining tinka-madorini quritgan. Garchi faol harbiy harakatlar nisbatan kamaygan bo‘lsa-da, mamlakat bo‘ylab qonunsizlik va boshboshdoqlik hukm surmoqda.

Hisobotga ko‘ra, 12 mln kishi och-nahor kun ko‘rmoqda. Qimmatchilik va qashshoqlik hukm surayotgan bir pallada odam o‘g‘irlash va buning evaziga pul talab qilish jinoyati ham ko‘paygan. BMT ekspertlariga ko‘ra, huquqbuzarliklar ham Bashar Asad armiyasi, ham turli nomdagi qurolli to‘dalar tomonidan sodir etilmoqda.

Mustaqil ekspertlar Suriyada vaziyat og‘irligi, qolaversa, sanksiyalar asosan o‘rtahol va qashshoq qatlamga zarba berayotganini inobatga olib, G‘arb mamlakatlarini moliyaviy-iqtisodiy cheklovlarni yumshatishga undagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, 2011-yildan buyon davom etayotgan urush davomida aholi bor-budidan, hatto qora kunlar uchun saqlab qo‘ygan bisotidan ham mosuvo bo‘ldi. Millionlab odamlar tirik qolish uchun gumanitar yordamga ko‘z tikib turibdi.

Boz ustiga, mamlakat giyohvandlik moddalari eksport qiluvchi o‘lkaga aylanib qolgan.

2011-yildan buyon Shom tuproqlarida, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 400-500 ming kishi halok bo‘ldi, millionlab aholi kindik qoni to‘kilgan shaharu qasabalarni tark etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring