Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT komissari «larzaga soluvchi» raqamlarni oshkor qildi

BMT komissari «larzaga soluvchi» raqamlarni oshkor qildi

Isroil bombardimonidan keyin. G‘azo, Dayr al-Balah shahri.

Foto: Anadolu

G‘azo sektorida so‘nggi besh oy davomida Isroil bombardimonlari oqibatida 12300 dan ziyod bolalar halok bo‘ldi. Bu oxirgi to‘rt yil ichida butun dunyodagi urushlarda halok bo‘lgan bolalar sonidan (12193 nafar) ham ko‘proqdir.

Mazkur raqamlarni ochiqlagan BMTning Falastin qochqinlari bo‘yicha bosh komissari Filipp Lazzarini G‘azoda zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qilgan.

Xalqaro tashkilot vakili bolalar o‘limi ko‘rsatkichining oshib borayotganini «larzaga soluvchi» holat deb baholagan. «Bolalarga, ularning bolalik davriga, kelajagiga qarshi urush» deb atagan u G‘azoda 2023 yil 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan xunrezlikni.

Ma’lumot o‘rnida, BMT komissari Filipp Lazzarini keltirgan raqamlar 2023 yil 7 oktyabrdan 2024 yil fevralga qadar bo‘lgan o‘limlarni o‘z ichiga oladi. Isroil harbiylarining mart oyi davomidagi bombardimonlarida yana 1200 dan ziyod bolalar nobud bo‘ldi va fojiaviy statistika 13500 dan oshdi.

YuNISEF ochlik tufayli bolalar o‘limi keskin oshishidan ogohlantirmoqda. Foto: Reuters

Kuni kecha BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi boshlanganiga qaramay, G‘azo sektorida qirg‘in davom etayotganini tanqid qilgan va tomonlarni otashkesimga chaqirgan edi.

Xalqaro tashkilotlar gumanitar halokat yoqasidagi G‘azo sektoriga quruqlik orqali muntazam ko‘mak yetkazish lozimligini talab qilmoqda.

BMT Bolalar jamg‘armasining (YuNISEF) Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha direktori Adel Xodr Isroil blokadasi tufayli G‘azoda bolalar, xususan, chaqaloqlar o‘limi xavfi keskin oshganidan ogohlantirdi.

So‘nggi vaqtlarda G‘azoda ochlik darajasi 12 baravarga ortgan.

BMT Ramazonda xunrezlikni to‘xtatishni talab qildi. Foto: Reuters

Dunyo siyosati oqsoqollaridan biri, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 12 mart kuni BMT Xavfsizlik kengashidagi chiqishida Isroil G‘azo sektoriga gumanitar ko‘mak yetkazishga to‘sqinlik qilayotganini qoraladi.

«G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishi shart va Yevropa Ittifoqi bu borada imkon qadar harakat qilmoqda. Ammo bu insoniy bo‘hrondir, tabiiy ofat emas. Bu suv toshqini emas. Bu zilzila emas. Bu inson faoliyati oqibatidir. Ko‘mak ko‘rsatishning dengiz yoki havo kabi muqobil yo‘llari haqida gap borar ekan, biz bunga majbur ekanimizni unutmaslik kerak. Chunki avtomobil yo‘li orqali ko‘mak yetkazish sun’iy ravishda to‘sib qo‘yilgan. (G‘azoda) ochlik urush quroli sifatida ishlatilmoqda. Ukrainada ro‘y berayotgan hodisalarni qoralar ekanmiz, G‘azoga ham aynan shunday munosabatda bo‘lishimiz kerak», – dedi YeI bosh diplomati.

17 yil qisman blokada sharoitida yashagan G‘azo sektori 2023 yil oktyabr oyidan buyon to‘liq qamal ostida. Hududga suv, oziq-ovqat, yonilg‘i kirishi cheklangan.

Ayni paytda 2,3 million aholi hayotiga Isroil bombalaridan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solib turibdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring