«Biz birga yozgan kitob nihoyasiga yetmoqda». Buffonning xayrlashuv maktubi
«Yuventus» afsonasi Buffon muxlislarga xayrlashuv maktubini yozdi. U bugun jamoani rasman tark etadi.
«6111 kun.
6111 haqiqiy ehtirosga to‘la daqiqa. Quvonch, ko‘z yosh, mag‘lubiyat va g‘alaba.
Rahmat. Barchangizga rahmat. Barchangiz oq-qora libosdagi hayotimning har lahzasi mazmunli o‘tishiga yordam berdingiz. Bu ranglar go‘yoki tanamning ikkinchi rangiga aylandi. Men uni doimo mehr bilan, faxr bilan ko‘tarib yurdim va e’zozladim. E’tibor bilan parvarishladim va bor ehtirosim bilan himoya qildim.
Ertaga yo‘l tamom bo‘ladi. Biz birgalikda yozgan kitob nihoyasiga yetadi. Qalbim hissiyotga to‘la, ular son-sanoqsiz.
Endi esa yangi yo‘l boshlanayotgani muqarrar. Yangi kitob. U boshlanishi kerak. Har qanday futbolchidan muhim «Yuventus» uchun ham. Uning kitobida muhim sahifalar hamisha, mening nazarimda, abadiy yozilaveradi. Chunki «Yuventus» – noyob, takrorlanmas va sehrli DNK. «Yuventus» – bu oila, mening oilam. Men uni sevishdan, unga minnatdorchilik bildirishdan va uni o‘z oilam deb atashdan hech qachon to‘xtamayman. U menga juda ko‘p narsa berdi. Men unga bergandan ko‘ra ancha ko‘p.
Yangi yo‘l boshlanayotgani muqarrar. Yangi kitob. U boshlanishi kerak. Men kelajakka boshqa ko‘z bilan boqishni o‘rganaman. Hayot menga taklif etadigan, meni «o‘yindan tashqarida» his etishni istamaydigan yangi chorlovlarni tabiiy qo‘rquv bilan qabul qilaman. Chunki ko‘plab janglarda qon kechgan, mag‘lubiyat va g‘alabalarni boshdan kechirgan har bir inson yangi kurash oldingisidan farq qilishini, bunisi qiyinroq bo‘lishini yaxshi biladi.
Bu stadionga birini marta velosipedda kelganman. O‘shanda juda yosh edim. Ertaga esa piyoda ketmoqchiman. Ayriliq, vidolashuv va cheksiz hayajonni yana bir bor his etish uchun. Men hamisha o‘z uyim deb ataydigan joydan uzoq bo‘la olmasligimni tushunish uchun. Men uchun hamisha aka va uka bo‘lib qoladigan jamoadoshlarim, do‘stlarim bilan xayrlashish uchun».
Bugun Buffon «Yuventus» tarkibidagi eng so‘nggi o‘yinini o‘tkazadi. «Yuventus» futbolchilari «Verona»ga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 18:00da boshlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter