Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentga maktub yozgan qiz javob xatini oldi

Prezidentga maktub yozgan qiz javob xatini oldi

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Xovos tumanining «Xovosobod» mahallasida istiqomat qilayotgan Odinaxon Abdulhamidova endigina 12 yoshni qarshi oldi.

U Respublika Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida 4 yoshidan buyon davolanib keladi.

Yaqinda u Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu markazga tashrifi arafasida Prezidentga maktub yo‘llagandi.

Odinaxon maktubida o‘zi va boshqa davolanayotgan bolalar nomidan, kasallikdan aziyat chekayotgan bolalarni sog‘lig‘ini tiklash, ularga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida yaratilgan shart-sharoit uchun Prezidentga o‘z tashakkurini izhor etib, bolalarcha beg‘ubor istaklarini bildirgan edi.

Musiqa va rasmga qiziqishini, rus tilini mukammal o‘rganishi va kelajakda shifokor bo‘lishi uchun kompyuter sovg‘a qilishlarini so‘ragan.

Odinaxonning bu istagi ijobat bo‘ldi. Bugun erta tongdan viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi bir guruh faollar uning xonadonida bo‘lib, Prezidentimizning javob maktubi va sovg‘asini topshirdi. Shu bilan birga unga o‘quv qurollari va darsliklar, qo‘shimcha sovg‘alar ham tuhfa etildi.

Prezident maktubida jumladan shunday deyiladi:

«Qadrli Odinaxon qizim!

Xatingni o‘qib, bugungi kunda mamlakatimiz bolalari naqadar beg‘ubor orzu-intilishlar bilan yashayotganini yana bir bor chin yurakdan his etdim.

Kelajakda oshpaz bo‘lmoqchi ekaning, «Mehrli maktab» da musiqa va rasm chizishni yoqtirib qolganing haqida yozibsan.

Til o‘rganishga ishtiyoqing balandligini bilib, yanada xursand bo‘ldim.

Axir, biz orzu qilgan barkamol avlod mana shunday zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallaydigan yosh o‘g‘il-qizlardan tashkil topadi!

Ishonchim komil, yuksak intilish va tirishqoqlik bilan o‘z maqsad muddaolaringga albatta yetasan. Bu yo‘lda senga sovg‘a qilinayotgan kompyuter ham yordam beradi, deb o‘ylayman.

Dilingdagi ezgu orzu-niyatlaring doimo senga hamroh bo‘lsin!»

— Oldiniga ishonmagandim. Prezidentimiz qizimni xatiga javob maktubi yo‘llapti. Bundan butun oilamiz mamnun, — dedi hayojon bilan qizaloqning onasi Dildora Abdusamatova. — Qizim, 3 yoshida o‘tkir limfoblast leykoz kasalligi bilan kasallanib qoldi. Sirdaryolik shifokorlarga murojaat etdik. Ular bizni shu markazga yo‘naltirishdi. Mana 9 yildirki, qizim ushbu markazda davolanib keladi. Bundan bir necha yil muqaddam, hozirgidek sharoit qayerda deysiz. Prezidentimizning e’tibori tufayli markaz qiyofasi va shart-sharoiti butunlay o‘zgardi. Zamonaviy tibbiy jihoz, ilg‘or texnologiya davolanish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Bundan nafaqat davolanayotgan bolalar, ularning men singari ota-onalari rosa xursand. Eng muhimi, Prezidentimizni ushbu markazga tashrifi chog‘i, har bir bola va ularning onalari bilan o‘tkazgan muloqoti, otalarcha bergan maslahati va ko‘rsatmasi, qolaversa, kerak bo‘lsa eng yaxshi mutaxassislarni xorijdan olib kelib ko‘rsatamiz va davolatamiz, deya aytgan so‘zlari menga va qizimga yanada kuch bag‘ishladi.

— Prezidentimiz maktubidagi «Ishonchim komil, yuksak intilish va tirishqoqlik bilan o‘z maqsad muddaolaringga albatta yetasan», degan so‘zlari menga kuch, shijoat va g‘ayrat berdi. Orzularimga qanot, ko‘nglimga halovat va taskin bag‘ishladi. Maktubni o‘qir ekanman, mening mehribon, jonkuyar, taqdirimdan xavotir oladigan Prezidentim borligidan g‘ururlandim, — dedi bolalarcha beg‘ubor tabassumini yashira olmagan Odinaxon Abdulhamidova.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring