Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Samuraylar» jangga tayyor

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat «yapon samuraylari»ga!
Laqabi: «ko‘klar», «samuraylar».
Konfederatsiya: OFK.
Bosh murabbiy: Akira Nisino.
Sardor: Makoto Xasebe.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Yasuxito Endo (152).
To‘purar: Kunisige Kamamoto (80).
FIFA reytingida: 60-o‘rin (2018-yil 12 aprel).
Ilk o‘yin: Yaponiya – Xitoy 0:5 (Tokio, Yaponiya; 1917-yil 9-may).
Eng yirik g‘alaba: Yaponiya – Filippin 15:0 (Tokio, Yaponiya; 1967-yil 27-sentyabr).
Eng yirik mag‘lubiyat: Yaponiya – Filippin 2:15 (Tokio, Yaponiya; 1917-yil 10-sentyabr).
Jahon chempionatidagi ishtiroki: 5 marta.
Osiyo kubogi g‘olibi: 4 marta.
Konfederatsiyalar kubogi: 1 ta kumush.
Tanishuv
Yaponiya terma jamoasini odatda «Sakka Nippon Dayxyo», «Nippon Dayxyo» yoki oddiygina «Dayxyo» deb atashadi. Garchi terma jamoaning rasmiy laqabi bo‘lmasa-da, uni bosh murabbiy nomi bilan qo‘shib aytish odat tusiga kirgan. Masalan, Takesi Okada boshchiligidagi Yaponiya «Okada Japan» (Okadaning Yaponiyasi) yoki Zakkeroni davrida «Zaccheroni Japan» (Zakkeronining Yaponiyasi) deb atalgan. So‘nggi paytlarda ko‘proq «ko‘k samuraylar» deyish urfga kirdi. Yaponiya Osiyodagi eng unvonli jamoalardan biri sanaladi. Ular qit’aning 4 karra chempionidir. Samuraylar ikki marta jahon chempionati 1/8 finaliga chiqishgan. Shuningdek kunchiqar yurt vakillari 2001-yilda bo‘lib o‘tgan Konfederatsiyalar kubogining finalchisi hisoblanadi.
Ilk yutuq va yana 30 yil
Yaponiya o‘zining ilk yutug‘iga 1968-yilda Meksikadagi olimpiadada erishgan. O‘shanda kutilmaganda bronza medallariga ega chiqqan jamoa ko‘pchilikning hayratiga sababchi bo‘lgan. Hattoki ana shu yutuqdan keyin ham mamlakatda professinal liga tashkil etilmadi. Mahalliy ligasiz esa rivojlanib bo‘lmasdi. Shuning uchun ham jahon chempionatiga chiqish masalasi yana 30 yil keyinga qoldirildi.
1991-yilga kelib mamlakatda birinchi marta professional liga tashkil etildi. Jey liga yapon futbolining shiddat bilan rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Aholi orasida futbolga qiziqish keskin ravishda oshib ketdi. Biroq jahon chempionatiga chiqish dastlabki urinishda amalga oshmadi.
JChdagi ishtirok
1994-yilgi jahon chempionatida Yaponiya Iroq to‘sig‘idan o‘ta olmay, AQShga borolmadi. 1998-yil Fransiya maydonlaridagi chempionatda yaponlar garchi birorta ochko jamg‘ara olmay, guruh bahslaridan so‘ng uyga qaytgan bo‘lsalar-da, katta tanqidga uchrashmadi. Zero, Argentina va o‘sha paytdagi Xorvatiya bilan tengma-teng bellashishning o‘zi oson emas edi.
To‘rt yildan so‘ng jahon chempionati Yaponiya Janubiy Koreya maydonlarida o‘tkazildi. Guruh bahslaridagi ikki g‘alaba «samuraylar»ni «pley-off» bosqichiga olib chiqdi. Nimchorak finalda bo‘lajak bronza medal sovrindorlari – Turkiya terma jamoasiga imkoniyat boy berildi.

Germaniyada bo‘lib o‘tgan chempionat yaponlar uchun ancha omadsiz bo‘ldi. Yana o‘sha Xorvatiya bilan bir guruhga tushgan samuraylar bu safar durangga imzo chekishdi. Ammo qolgan ikki bahs mag‘lubiyat bilan tugadi.
2010-yilgi jahon chempionatining mezbon JARdan keyingi ilk ishtirokchisi aynan Yaponiya bo‘ldi. Esingizda bo‘lsa, o‘shanda ular O‘zbekistondagi g‘alabadan keyin jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgan edi. Afrika safari kunchiqar yurt vakillari uchun ancha omadli keldi. Guruh bahslarida Kamerun va Daniyani mag‘lub etgan samuraylar nimchorak finalda Paragvayga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lishdi.
Braziliyada o‘tgan chempionatda bor-yo‘g‘i bir ochkoni qo‘lga kiritgan Yaponiya terma jamoasi guruh bahslaridan keyin uyga qaytdi. Bu safar ularning yo‘liga Gretsiya va Kolumbiya vakillari to‘g‘anoq bo‘lishdi.
Asosiy yulduz

Bugungi kunda Yaponiya terma jamoasida Shunsuke Nakamura yoki Xidetoshi Nakata singari yulduzlar yo‘q. Ular Yevropa jamoalarida doimiy o‘yin amaliyoti va yetakchiligi orqali ko‘pchilikning nazariga tushgan edi. Yuta Nagatomo va Shinji Kagavaning doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgani boshqa bir yulduzni yuzaga chiqardi. Gap «Lester» a’zosi Shinji Okazaki haqida ketmoqda. U so‘nggi paytlarda o‘zining yetakchiligi bilan yapon hujumchilariga o‘rnak bo‘layotgani bor gap. Bir paytlar Takeshi Okadaning yoshlar jamoasida porlagan yigit terma jamoadagi ilk yilidayoq raqiblar darvozasiga 15 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan edi. Aynan Okazaki Yaponiya terma jamoasi libosida uch marta «xet-trik»ka erishgan yagona futbolchi sanaladi. Shinjining «Lester» safidagi o‘yinlari jamoa Angliya chempioni bo‘lganligi uchun ham tezda ko‘zga ko‘rindi. U dahshatli chempionlik yo‘lida Raneri «mashinasining» Vardi, Mahrez va Kante kabi ajralmas qismlaridan biriga aylandi.
So‘nggi beshta o‘yin
№ |
Sana |
Raqib |
Hisob |
Gol mualliflari |
Shahar |
1 |
2017-yil 10-oktyabr |
Gaiti |
3:3 |
Kurata, Sugimoto, Kagava |
Yokogama |
2 |
2017-yil 10-noyabr |
Braziliya |
1:3 |
Makino |
Lill, Fransiya |
3 |
2017-yil 14-noyabr |
Belgiya |
0:1 |
– |
Bryugge, Belgiya |
4 |
2018-yil 23-mart |
1:1 |
Nakazima |
Lej, Belgiya |
|
5 |
2018-yil 27-mart |
Ukraina |
1:2 |
Makino |
Lej, Belgiya |
Raqiblar
Qur’a natijasiga ko‘ra yaponlar xuddi to‘rt yil oldin bo‘lgani kabi teng jamoalar guruhiga tushdi. Bu yerda yaqqol yetakchi yo‘q. Guruhda «samuraylar»ga jiddiy qarshilik ko‘rsatish uchun Janubiy Amerikadan kelgan Falkao boshchiligidagi Kolumbiya, Yevropa saralashining kutilmagan lideri Polsha va Afrika vakili Senegal mavjud. Ularning qay biri guruh g‘olibi bo‘lishini taxmin qilish juda qiyin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter