Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Osiyo yo‘lbarslari»

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Osiyo yo‘lbarslari»

Foto: protoday.uz

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat guruh bahslaridan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olgan Osiyoning so‘nggi jamoasi Janubiy Koreyaga!

Laqabi: «Osiyo yo‘lbarslari», «Teju jangchilari», «qizil iblislar».

Konfederatsiya: OFK.

Bosh murabbiy: Shin Txe Yon.

Sardor: Ki Sung Yong.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Xon Myon Bo (136).

To‘purar: Cha Bum Kun (59).

Uy stadioni: «Seul world cup stadium».

FIFA reytingida: 61 (2018 yil 12 aprel).

Eng yuqori o‘rin: 17 (1998 yil dekabr).

Eng past o‘rin: 69 (2014 yil noyabr, dekabr; 2015 yil yanvar).

Ilk o‘yin: Gonkong – Janubiy Koreya 1:5 (Gonkong, 1948 yil 6 iyul).

Eng yirik g‘alaba: Janubiy Koreya – Nepal 16:0 (Inchxon, Janubiy Koreya; 2003 yil 29 sentyabr).

Eng yirik mag‘lubiyat: Shvetsiya – Janubiy Koreya 12:0 (London, Angliya; 1948 yil 5 avgust).

Jahon chempionatidagi ishtiroki: 9 marta (4-o‘rin, 2002 yil).

Osiyo kubogidagi ishtiroki: 13 marta (2 marta chempion bo‘lgan).

Dastlabki taassurot

Janubiy Koreya Osiyo futbolining bayroqdor terma jamoasi hisoblanadi. «Osiyo yo‘lbarslari» ikki marta qit’a chempioni bo‘lgan. Koreyaliklar Osiyo chempionatida barchadan ko‘proq ishtirok etgan bo‘lsa-da, sovrin yutib olish bo‘yicha azaliy raqib Yaponiya va keyinchalik yetakchilikka qo‘shilgan Eron va Saudiya Arabistonidan ortda qolmoqda. Osiyoliklar ichida birinchilardan bo‘lib jahon chempionati ishtirokchisiga aylangan koreyslar 1950 yilgi jahon chempionatida Shveysariya, Turkiya va Vengriya terma jamoalariga umumiy hisobda 0:16 hisobida yutqazib, yana 32 yilga dunyo birinchiligini tark etgan.

Ilk durang

Navbatdagi chempionat bugungi kunga qadar mamlakat terma jamoasi to‘purari hisoblanib kelayotgan Cha Bum Kun nomi bilan bog‘liq. Meksika maydonlarida ham to‘g‘ri, ham majoziy ma’nodagi qaynoq chempionatda paydo bo‘lgan koreyaliklar Bolgariyaga qarshi bahsda o‘zlari uchun ilk ochkolarni qo‘lga kiritishdi. Amerika va Yevropa maydonlarida o‘tgan keyingi jahon chempionatlarida ham ishtirok etgan «Teju jangchilari» guruh bahslaridan nariga o‘ta olishmadi.

Xiddink «mo‘’jizasi»

Barchasini avvaliga Seul, keyin Sidney ko‘chalariga, undan keyin rus chaqaloqlariga ismi qo‘yilgan inson, murabbiy o‘zgartirib yubordi. Hollandiyalik Gus Xiddink omadi kelsa guruh bahslaridan amal-taqal qilib chiqa oladigan butun boshli osiyoliklar uchun fenomen jamoani shakllantirdi. Jahon chempionati boshlanmasdan oldin hech kim Janubiy Koreyaning uchinchi o‘rin uchun maydonga tushishiga ishonmasdi. Ammo doimiy mehnatsevarlik, kuchli ishtiyoq, qat’iy tartib va aytish mumkinki sharmandali hakamlik «Teju jangchilari»ni final ostonasigacha yetaklab bordi. Ular safida to‘p surgan futbolchilarning deyarli barchasi keyinchalik Yevropaning kuchli chempionatlarida o‘z omadini sinab ko‘rdi.

Janubiy Koreya bilan bir guruhda Portugaliya, AQSh va Polsha kabi anchagina kuchli jamoalar yig‘ilgan edi. Ilk bahsdayoq polshaliklar mag‘lub etildi – 2:0. AQShga qarshi bahs ham yarimorolliklar uchun uch ochko keltirishi mumkin edi. Ammo so‘nggi daqiqalardagi penalti Donovan jamoadoshlarini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Guruhdagi so‘nggi o‘yinda Rui Koshta va Luish Figu boshchiligidagi portugallarni kichik hisobda yenggan «Osiyo yo‘lbarslari» o‘z uylaridagi chempionatdan umidlari katta ekanligini yashirishmadi.

«Sharmandali g‘alabalar»

Sharmandali iborasi balki Janubiy Koreya uchun emasdir. Chunki amalda ko‘p ishni Ekavador va Misrdan kelgan hakamlar bajarishgan. Nimchorak final bahsi amaldagi Yevropa chempionati finalchisi Italiyaga qarshi kechdi. Mazkur bahs mezbonlar uchun katta yutuq sifatida, chempionat hakamligi uchun sharmandalik sifatida tarixga kirdi. Nohaq chetlatilgan Totti va ofsayddan urilgan An Jun Xvanning goli va albatta ekvadorlik hakam Bayron Morenoning xurmacha qiliqlari italiyaliklar uchun qimmatga tushdi. Chorak finalda Xiddink shogirdlari yana bir mojaroga aralashib qolishdi. Darvozabon Li Un Jeni Oliver Kan darajasiga ko‘targan uchrashuvda misrlik hakamlar brigadasi o‘zini ko‘rsatdi. Ispanlardan yulib olingan g‘alaba penaltilar seriyasidagi «Betis» a’zosi Xoakinning xatosigacha davom etdi. Ungacha Ispaniyaning uchta «toza» goli hisobga olinmadi. Koreya «seriali»ning yakuniy qismlari nemis va turk «aktyor»lari ijrosida ajoyib tarzda yakunlandi. «Yo‘lbarslar» qanchalik kuchli bo‘lmasin chempionatda sherlar ham bor edi. Shunday bo‘lsa-da, natija koreys xalqi tomonidan muvaffaqiyat sifatida qabul qilindi va ular bosh murabbiy Gus Xiddinkni millat qahramonlari bilan bir qatorga qo‘yishdi.

 Keyingi imkoniyatlar

Xiddink «mo‘’jiza»sidan keyin yana uch marta jahon chempionatiga yo‘llanma olgan «Osiyo yo‘lbarslari» ularning dastlabkisida boshqa bir holland murabbiyi Dik Advokat boshchiligida guruhdan chiqa olishmadi. JAR maydonlaridagi chempionatga mahalliy murabbiy Xo Jon Mu boshchiligida yo‘l olgan koreyaliklar ishonchli o‘yinlari bilan yodda qoldi. Guruh bahslarida yunonlarni mag‘lub etib, Nigeriya bilan durang o‘ynagan «yo‘lbarslar» nimchorak finalda Urugvay bilan tengma-teng bahs olib bordi va 80-daqiqagacha durang o‘ynadi. Braziliyadagi so‘nggi jahon chempionati boshqa Osiyo jamoalari singari Koreya terma jamoasi uchun ham omadsiz yakunlandi.

 Asosiy yulduz

Bu borada hamma bir xil fikrda bo‘lsa ajab emas. «Tottenhem» o‘yinchisi Son Xyon Min shubhasiz bugungi kun Osiyo yulduzi. Uch yildan buyon Osiyoning eng yaxshi futbolchisi degan nomni hech kimga bermay kelayotgan hujumchi Angliya premer ligasining yetakchi klubida asosiy tarkib futbolchisi hisoblanadi.

KXDRga juda yaqin manzil Chxunchxonda tavallud topgan hujumchi o‘z vatani klublarining asosiy tarkibida deyarli to‘p surmagan. Nemis skuatlari uni 16 yoshida «Seul»dan Yevropaga, yosh futbolchilarni tayyorlash bo‘yicha mashhur bo‘lgan «Hamburg»ga olib kelishgan. «Dinozavrlar» asosiy tarkibiga tezda moslashib, ilk mavsumdayoq bundesligada to‘p kiritgan eng yosh futbolchi degan nomni qo‘lga kiritgan Songa deyarli barcha grandlar qiziqish bildira boshladi. «Bavariya» ro‘yxatiga tushgan futbolchi zaxiraga mixlanib qolishdan cho‘chib, boshqa bir grand «Bayer»ga yo‘l oldi. Leverkuzenda ham tezda muxlislar yoqimtoyiga aylangan koreyalik futbolchi bosh murabbiy Rojer Shmidt tomonidan qanot futbolchisiga aylantirildi.

Koreyalik futbolchining keyingi manzili London, murabbiyi Maurisio Pochetino bo‘ldi. U bugungi kunda Angliyaning eng kuchli hujumchilaridan biri ekanligi aniq.

Saralash bahslari

Odatda Janubiy Koreya terma jamoasi uchun saralash bahslari qiyin kechmaydi. Faqat so‘nggi ikkita jahon chempionati bundan mustasno. Achinarlisi har ikkisida ham O‘zbekiston terma jamoasi ular yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ldi va olib tashlandi. Har ikki safar ham ular Eronni birinchi o‘ringa o‘tkazib yuborishdi va har gal nisbatan kuchsiz jamoalarga kutilmagan g‘alabalarni taqdim etib, murabbiylariga gap eshittirishdi. Suriya va Eronga taqdim etilgan ochkolarga sabr qilgan rahbariyat Qatarga yutqazilganini hazm qila olmadi va germaniyalik bosh murabbiy Uli Shtilikeni iste’foga chiqardi. Mahalliy murabbiy Sin Txe Yon boshchiligida davom ettirilgan saralash bahslari Toshkentda muvaffaqiyatdi yakunlandi. Golsiz durang «Osiyo yo‘lbarslari»ni jahon chempionati final qismiga olib chiqdi.

So‘nggi beshta o‘yin

Sana

Raqib

Hisob

Gol mualliflari

Shahar

1

2018 yil 27 yanvar

Moldova

1:0

Kim Shin Vuk

Antaliya, Turkiya

2

2018 yil 30 yanvar

Yamayka

2:2

Kim Shin Vuk 2 ta

Antaliya, Turkiya

3

2018 yil 3 fevral

Latviya

1:0

Kim Shin Vuk

Antaliya, Turkiya

4

2018 yil 24 mart

Shimoliy Irlandiya

1:2

 Kvon Chan Xun

Belfast, Shimoliy Irlandiya

5

2018 yil 27 mart

Polsha

2:3

Li Chxan Min, Xvan Xi Chxan

Chorzów, Polsha

 Raqiblar

Koreyaliklar uchun taqvim anchagina qulay. Ilk bahsda taktik jihatdan o‘zgarmas, ko‘proq jismoniy jihatga urg‘u beradigan Shvetsiya bilan bahs chempionat hayajonini bosish uchun yaxshi imkoniyat beradi. Meksikaga qarshi ikkinchi o‘yin har ikki jamoa uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Guruh favoriti Germaniya bilan bo‘ladigan uchrashuv nemislar uchun ahamiyatsiz bo‘lib qolishi ehtimoldan xoli emas.

O‘zaro o‘yinlar

Nemislar va koreyslar jahon chempionatlarida ikki marta duch kelishgan. Ilk bahs 1994 yilgi jahon chempionatida bo‘lib o‘tgan va unda «bundestim» 3:2 hisobida g‘alaba qozongan. Ikkinchi bahs Koreyani jahon chempionati finaliga chiqishdan mahrum qilgan. 2002 yilda Mixael Ballak Xiddink shogirdlarining bronza medal olishi uchun imkoniyat yaratib bergan edi – 1:0. So‘nggi, 2004 yilda bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida Janubiy Koreya tarixiy g‘alabaga erishgan.

Meksika bilan o‘yinlar nisbatan ko‘proq. 1998 yili sodir bo‘lgan ilk uchrashuv «atsteklar»ning g‘alabasi bilan yakunlangan – 3:1. 2001 yilgi Konfederatsiyalar kubogida koreyaliklar revansh olishgan. Bir yil o‘tib KONKAKAF oltin kubogida mehmon sifatida ishtirok etgan «yo‘lbarslar» raqiblarini chorak finalda to‘xtatishgan. Jamoalar o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham bir necha bor kuch sinashishgan.

Janubiy Koreyaning tarixdagi eng yirik mag‘lubiyati Shvetsiya bilan o‘yinda qayd etilgan. 1948 yilgi olimpiada o‘tkazilayotganda Koreya futboli endigina paydo bo‘lgan edi. O‘rtoqlik uchrashuvlarida koreyslar biror marta ham g‘alaba qozona olmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring