Birodar Abduraimov 75 yoshga to‘ldi
«O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni va «Shuhrat» medali sohibi Birodar Hasanovich Abduraimov bugun 75 yoshga to‘ldi.
B. Abduraimov 1943-yil 14-may kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyatini 1960-yili Toshkentning «Paxtakor» klubida boshlagan. Keyinchalik Rossiyaning «Spartak» va SSKA klublarida ham bir muddat to‘p surgan. Birodar Abduraimovning gollari o‘zi to‘p surgan jamoalarga katta natijalarga erishishga yordam berganini alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Uning yorqin o‘yini, betakror fintlari va maydondagi harakatlari ko‘plab muxlislarni o‘ziga rom etardi.
Birodar Abduraimov murabbiy sifatida ham uzoq yillar mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan inson hisoblanadi. U «Paxtakor», «Shahrixon», «Dinamo», «Navbahor» kabi klublarda hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasida faoliyat yuritgan.
Birodar Abduraimov «Paxtakor» futbol klubida 358ta o‘yin o‘tkazib, ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha rekord sohibi hisoblanadi.
Birodar Abduraimovning farzandlarini ham muxlislar kuchli futbolchi va murabbiy sifatida yaxshi tanishadi. Hozirda Azamat Abduraimov O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlab kelmoqda. Jasur Abduraimov esa «Paxtakor» klubida yordamchi murabbiy sifatida faoliyat yuritmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter