Birodar Abduraimov: «Ravshan Haydarov uzr so‘raguncha ishdan ketgani yaxshi edi»
O‘zbek futbolining 20-asrdagi eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan Birodar Abduraimov O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Osiyo o‘yinlaridagi muvaffaqiyatsiz ishtirokini keskin tanqid qildi. Bu haqda u «Sports.uz» nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
«Biz boshqa sportchilarimiz kabi futbolchilarimizdan ham muvaffaqiyatlarni kutgandik. Hech bo‘lmasa finalga chiqishni kutgandik. Afsuski, ular o‘zlariga yuklatilgan vazifani uddalay olishmadi. Umuman olganda, terma jamoamizning ishtiroki haqida nima deyish mumkin? Murabbiyni qilgan ishini qarang! Mag‘lubiyatga uchragandan keyin boshini egib kechirim so‘rashi nimasi? Sen murabbiymisan, unda yutqazgandan keyin ariza yozib, ishdan ketmaydimi? Hammani oldida qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib uzr so‘rab nima qiladi? Bu kimga kerak? Axir yutqazib bo‘lishdi-ku, undan ko‘ra o‘z ixtiyori bilan ishdan ketgani yaxshi-ku! Bunday ishi bilan kimni aldayapti?
Tan olish kerak, terma jamoamizning mag‘lubiyati hammamizni xafa qildi. Aslida bizga guruhimizda yengil raqiblar tushishgan ekan. Shuning uchun yigitlar guruhda katta qiyinchilikka duch kelishmadi. Ammo Janubiy Koreya bilan uchrashuvda jamoa a’zolariga e’tirozlar bor. O‘sha o‘yinda xuddi javobgarlikni hech kim o‘z zimmasiga olgisi kelmagandek tuyuldi. Qolaversa, o‘yinlar paytidagi qizil kartochkalar ham jamoamizda tartib-intizom borasida muammolar borligini ko‘rsatdi. Murabbiy esa albatta bunday kamchiliklarni bartaraf etishi kerak edi. Yana bir gap: hamma bu termamizni olimpiya jamoasi deyishyapti. Ammo bu qanaqasiga olimpiya jamoasi bo‘lsin?! Axir bu o‘z nomi bilan Osiyo o‘yinlari-ku! Shu bois termamizni olimpiya jamoasi demaslik kerak. Biz 1994 yili chempion qilgan jamoa ham olimpiyachilar emasdi. O‘shanda ham haqiqiy terma jamoani olib ketgandik. Shundan beri qachon yana terma jamoamiz chempionlikni qo‘lga kiritarkin deb kutib yashayapmiz. Oradan qancha yillar o‘tdi. Afsuski, hamon o‘sha natija yagonaligicha qolib ketyapti.
Bu safargi jamoamizdan esa rostakamiga umidimiz katta edi. Butun xalqimiz yana bir bor jamoamizdan qahramonlik ko‘rsatishini kutishgandi. Muhimi, ularga ishonchimiz katta edi. Osiyo o‘yinlariga ketishdan oldin Toshkentda nima deyishgani yodingizdami? Chempionlikni qo‘lga kiritib qaytamiz deyishgandi. Qani, chempionlik?! Nega gapining ustidan chiqishmadi? Bizda hamma imkoniyat bor edi. Lekin jamoamiz o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani eplay olmadi. Buni gapirish biz uchun og‘ir. Ammo ulardan muvaffaqiyatni kutgandik-da! O‘zbekiston medallar to‘plash borasida kuchlik beshlikka kirib olgani haqida aytdim. Qaniydi, futbolimiz ham Osiyoda mana shunday kuchli beshlikda bo‘lsa edi?! Endi bo‘lar ish bo‘ldi. Bor e’tiborni 2020 yili Tokioda bo‘ladigan Olimpiada musobaqasiga qaratish kerak. Buning uchun tayyorgarlikni hozirdan boshlash lozim. Kerak bo‘lsa, termaga boshqa tajribaliroq mutaxassisni olib kelib, unga jamoani ishonib topshirish kerak», — deb aytgan Abduraimov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter