Bir qator rahbarlarga «hayfsan» e’lon qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.
Unda davlat rahbari 37 trillion so‘mlik yangi mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha 2022-2023 yillar uchun 2,5 mingta loyihani ishga tushirish bo‘yicha qabul qilingan dasturning aniq ijrosini so‘rash vaqti kelganini qayd etdi.
Ushbu dastur ijrosi bo‘yicha Farmatsevtika agentligi rejani 51 foizga, «O‘zbekiston temir yo‘llari» esa 10 foizga bajarmagani, ushbu ikki tizimda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha ishlar umuman boshlanmagani, «Issiqlik elektr stansiyalari» esa rejani atigi 26 foizga bajargani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuning uchun Farmatsevtika agentligi direktoriga «hayfsan» e’lon qilindi. Uning ikkala o‘rinbosarini ishdan olishga ko‘rsatma berildi.
Bosh vazirga Farmatsevtika agentligi tizimi va faoliyatini tubdan o‘zgartirish choralarini ko‘rish topshirildi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» raisi vazifasini bajaruvchisiga «hayfsan», «Issiqlik elektr stansiyalari» raisi, «O‘zmetkombinat» raisi, «O‘zbekneftgaz» raisining birinchi o‘rinbosariga qat’iy ogohlantirish berildi.
Yanvar-fevral oylarida «Elektron kooperatsiya» portali orqali 860 milliard so‘mlik 5 mingta shartnoma tuzilgan bo‘lsada, ularning ijrosi ayrim hududlarda bajarilmagani, elektron savdolarda Qoraqalpog‘iston, Namangan, Surxondaryo va Xorazmdagi korxonalar ulushi 1 foizni ham tashkil qilmasligi tanqid qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter