Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2021-yil 1-yanvardan biometrik pasport o‘rniga ID-kartalar beriladi

2021-yil 1-yanvardan biometrik pasport o‘rniga ID-kartalar beriladi

Foto: IIV axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning mamlakatdagi amaldagi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilish to‘g‘risida ilgari qabul qilingan qarorlarini amalga oshirish doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-martdagi 129-sonli «O‘zbekiston Respublikasida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni qayta ishlash va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Hujjatda qayd etilishicha, 2021-yil 1-yanvardan boshlab barcha yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga biometrik pasport o‘rniga 10 yil muddatga hujjat egasining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat sifatida identifikatsiya ID-kartasi beriladi.

ID-kartalar faqat O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qiladi. Chet elga chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet elga chiqish uchun biometrik («zagranpasport») pasporti beriladi.

ID-kartalarni berish tizimli ravishda 2021-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha mamlakat aholisi uchun qo‘shimcha yuklamasiz amalga oshiriladi. Shu bilan birga, 2011-yildagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining ilgari berilgan biometrik pasportlarini, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolarining yashash uchun ruxsatnomalarini almashtirish ularning egalarining iltimosiga binoan muddati tugagandan yoki muddatidan oldin amalga oshiriladi. 2030-yil 1-yanvardan boshlab 2011-yildagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.

ID-kartalarni berish tizimiga o‘tish rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda va fuqarolarni raqamli identifikatsiya qilish tizimini joriy etishni jadallashtiradi, fuqarolarning dastlabki ma’lumotlarini O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining axborot tizimlariga integratsiyalash jarayonini avtomatlashtiradi, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini osonlashtiradi va optimallashtiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring