ID-karta va xorijga chiqish pasporti uygacha yetkazib beriladi
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, avtoraqam berish xizmatlari sayyor tarzda (fuqarolarning uyiga borib) amalga oshiriladi.
«Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, shuningdek, avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Hukumat qarori (321-son, 31.07.2023 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha quyidagi 2 ta ma’muriy reglament tasdiqlangan:
1. O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyiga borib, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘yicha.
Reglamentga muvofiq, sayyor davlat xizmatidan foydalanishni istovchilar Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining rasmiy veb-sayti, «Call-markaz», mobil ilovasi yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat etadi.
Shunga ko‘ra, murojaat etuvchi sayyor davlat xizmatlarini hamda ushbu xizmatlar ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan bo‘sh kunni tanlaydi.
Bunda sayyor davlat xizmatlari murojaat etuvchining xohishiga ko‘ra, qo‘shimcha to‘lov asosida (xizmat ko‘rsatilishi uchun to‘lov oldindan to‘langan holda) ko‘rsatiladi.
Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifasiga xizmatlar 10 ish kuni mobaynida murojaat etuvchining yashash joyiga borib, qo‘shimcha to‘lov undirilmagan holda ko‘rsatiladi.
Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifasi quyidagilar kiradi:
– o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;
– I va II guruh, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar;
– muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar;
– ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarga chalingan shaxslar;
– yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
– ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topilgan shaxslar.
Agar murojaat etuvchilar xohlagan kunda sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘lmasa, bu haqda murojaat etuvchilar ogohlantiriladi va unga boshqa kunni tanlash taklif etiladi.
2. Fuqarolarning yashash joyiga borib, avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish bo‘yicha.
Reglamentga ko‘ra, transportni ro‘yxatga olish bo‘yicha sayyor davlat xizmatlari qo‘shimcha to‘lov asosida 1, 3 yoki 5 kunda ko‘rsatiladi (to‘lov xizmat ko‘rsatilishidan oldin amalga oshiriladi).
Bunda xizmat ko‘rsatganlik uchun qo‘shimcha to‘lov miqdorlari quyidagicha:
- 1 kunda ko‘rsatilganda – BHMning 4 baravari;
- 3 kunda ko‘rsatilganda – BHMning 3 baravari;
- 5 kunda ko‘rsatilganda – BHMning 2 baravari.
Xizmat ko‘rsatish masofasi 10 kilometrdan oshganda, har bir kilometr uchun qo‘shimcha to‘lov BHMning 5 foizi miqdorida to‘lanadi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur sayyor davlat xizmatlari 2023 yil 1 dekabrdan yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 oktyabrgacha ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini fuqarolarning yashash joyiga pochta jo‘natmasi sifatida jo‘natish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, 2023 yil 1 noyabrgacha:
- migratsiya va transportni ro‘yxatga olish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, respublika hududini doimiy xizmat bilan qamrab oladigan «Call-markaz» tashkil qilinadi;
- YaIDXP va «Avtomototransport hisobi» axborot tizimini integratsiya qilish bo‘yicha texnologik yo‘riqnoma ishlab chiqiladi;
- migratsiya va transportni ro‘yxatga olish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun elektron arizani yuborish yoki qo‘shimcha to‘lov asosida xizmat ko‘rsatuvchi xodimni yashash joyiga chaqirish imkonini beradigan dasturiy ta’minot (mobil ilova) ishga tushiriladi;
- yuridik shaxslar tomonidan YaIDXP, Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining rasmiy veb-sayti hamda dasturiy ta’minoti (mobil ilovasi) orqali yangi avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ishonchnoma, ariza yuborish hamda to‘lovlarni elektron shaklda to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter