Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bezos va Maskning manfaatlari Oyda to‘qnashdi

Bezos va Maskning manfaatlari Oyda to‘qnashdi

Foto: «YouTube»

NASA fazoviy agentligi Oyga qo‘nuvchi modulni yaratish bo‘yicha «SpaceX» kompaniyasi bilan tuzilgan 2,89 mlrd. dollarlik shartnomani to‘xtatdi. Bu haqda CNBC xabar bermoqda.

Gap shundaki, Oyga qo‘nuvchi modulning «SpaceX»ga topshirilishidan norozilar bor: «Amazon» asoschisi Jeff Bezosning «Blue Origin» kompaniyasi hamda tenderning yana bir ishtirokchisi — «Dynetics» AQSh Bosh nazorat boshqarmasi (GAO)ga shikoyat kiritgan.

GAO da’volarni ko‘rib chiqmagunicha «SpaceX» shartnoma bo‘yicha barcha ishlarni to‘xtatib turishga majbur.

Eslatib o‘tamiz, bir yil avval NASA Yerning tabiiy yo‘ldoshiga astronavtlarning borib qo‘nishida foydalaniladigan modulni ishlab chiqarish uchun Amerikaning uch kompaniyasi — «SpaceX» (Ilon Mask), «Blue Origin» (Jeff Bezos) hamda «Dynetics»ni tanlab olgandi.

NASA 2019 yil bahorida Oyni o‘rganish bo‘yicha Amerika dasturiga Artemida (Artemis) nomi berilganini ma’lum qilgandi.

Dastur uch bosqichdan iborat:

Birinchisi — uchuvchisiz «Orion» kemasi Oyni aylanib Yerga qaytib keladi, 2020 yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangandi.

Ikkinchisi — ekipajli kema Oyni aylanib qaytib keladi, 2022 yilga rejalashtirilgan.

Uchinchi, oxirgi bosqichda 2024-yili astronavtlarning Oyga borib qo‘nishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun: insoniyat Oyga birinchi va oxirgi marotaba qadam qo‘yganiga yarim asrdan oshdi: amerikalik astronavtlar Nil Armstrong va Bazz Oldrin 1969 yilning 20 iyulida bu ishni amalga oshirishgan(«Apollon-11» kemasi).

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring