Taniqli vayner Bobur Mansurov «besh ming so‘m siri»ni ochdi (video)
Uni ishga qabul qilishmagan, loyihalari uchun zir yugurtirishgan, pulsiz qolgan, keyin esa...
U qisqa fursatda tanildi. O‘zining ajabtovur qahramonlari, kulgili ijrosi bilan ijtimoiy tarmoqda mashhur bo‘ldi. Internetda chiqargan qisqa daqiqali ijod namunalari – vaynlarida bir qadar anqov, laqma, xushomadgo‘y, maddoh va boshqa odamlar qiyofasini ochib berdi. U harakatdan, mehnatdan to‘xtagani yo‘q. Shu kunlarda vaynlari yanada ommalashmoqda va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga manzur. Xullas, bugungi mehmonimiz – yosh aktyor va rejissyor Bobur Mansurov. U bilan muvaffaqiyatlari ortidagi mashaqqatlari haqida suhbatlashdik.
– Siz ijtimoiy tarmoqda vaynlaringiz orqali muxlislarga ega bo‘ldingiz. Odamlarga tabassum ulashyapsiz, kayfiyatni ko‘taryapsiz. Ancha faolsiz. Ammo qahramonlaringiz xalqqa yaqin bo‘lsa-da, ularning ismi yo‘q. Shunday ekan, o‘zingizni yaqindan tanishtirsangiz.
– Men Bobur Mansurov, aktyor, rejissyorman. Shu sohada O‘zbekiston san’at va madaniyat institutini bitirganman. 1992 yili Sirdaryo viloyati, Xovos tumanida tug‘ilib o‘sganman. San’atga bolalikdan qiziqdim. Oilamizda umuman san’atkor yo‘q. Lekin bu sohaga qiziqish onamdan o‘tgan, deydi ko‘pchilik. Onamda san’atga muhabbat bor.
Esimda, sunnat to‘yimda uydagilarga artistlik qilasizlar, deb yig‘laganman. Keyin qo‘shiqchi chaqirishgan. Sharoitimiz yaxshi emasdi o‘shanda. Xullas, qo‘shiqchi keldi. Meni uni ko‘rib, kuzatib to‘yimning ertasi kuni hovlida uydagilarga konsert qo‘yganman. Baqirib qo‘shiq aytganman. Qo‘shnilarimiz: bo‘ldi, uxlaylik, deb dodlashgandi. Kechasi edi-da! Men esa «Bolalar» guruhiga taqlid qilib, «Qani, Toshkent?» deb baqirib, qo‘shiq aytardim. Daraxtlarda tomoshabin bordek tasavvur qilardim.
Bora-bora san’atga qiziqishim kuchaydi. O‘qishni niyat qildim. Toshkentda tahsil olishning imkoni bo‘lmadi. Guliston san’at va madaniyat kollejida o‘qidim. U yerda qo‘shiqchilik sohasi yo‘q edi, aktyorlik bo‘yicha saboq oldim.
– Maktabda badiiy to‘garaklarga borganmisiz? Maktab sahnasiga chiqib, rollar ijro etgan bo‘lsangiz kerak?
– Ha, ijro etganman. Umumiy tadbirlar mensiz o‘tmasdi. Ayniqsa, 9-«A» sinfda faol edim. Qo‘shiqlar, she’rlar, rep, hatto maqom ham aytganman. Xullas, hammasi bo‘lgan. Barcha tadbirlarda qatnashib, birinchi o‘rinlarni olardim.
Kollejni bitirgach, harbiy xizmatga ketdim. Bir yillik xizmatda ham tinch yurmadim. Navoiyxonlik tadbirida birinchi o‘rinni oldim. «Quvnoqlar va zukkolar» bo‘lardi, o‘shandayam g‘oliblikni qo‘lga kiritganman. Qayerda bo‘lmayin, san’atga muhabbat meni tark etmadi. Qachonlardir aktyor bo‘lib tanilishni xohlardim. Ko‘z tegmasin, hozir xalq taniyapti. Bundan xursandman. Hali maqsadlar katta. Ulkan rejalar bor, xudo xohlasa.
– Maktabda musiqa, ashuladan besh bahoda o‘qigandirsiz. Qolgan fanlar-chi: ona tili, adabiyot, matematika, kimyo...
– Ona tilidan uncha emas, adabiyotdan zo‘r edim. She’rlar yodlab, ifodali aytib berardim, lekin matematika, fizikadan uncha yaxshi emasdim. Bu fanlarni umuman yoqtirmasdim. O‘qituvchilarim ko‘p koyishardi, darsda qandaydir hazillar qilib turganim, uyga vazifani tayyorlamaganim uchun. Ammo kimyodan olimpiadalarga borganman.
– Oila a’zolaringizni yaqindan tanishtiring.
– Oilamizda besh farzandmiz. Beshta o‘g‘il, qiz yo‘q. Men to‘rtinchisiman. Onam asli Qirg‘izistondan, O‘shdan. Onam yoshligidan hind qo‘shiqchisi Lata Mangeshkarning qo‘shiqlarini o‘zidek aytadi. 12-13 xil ovozni o‘xshatib bera oladilar. Judayam iste’dodli. Ammo o‘sha paytlarda, bilsangiz, ayollarni san’atga qo‘yishmagan. Onamga armon bo‘lib qolgach, bilmadim, san’atkor bo‘lish menga yuqdi shekilli. Onam doim qo‘llab-quvvatlaydilar.
Dadam oshxonada ishlaydilar. Shashlik qilib sotadilar. Men ham yonlarida turib, shashlik sotganman. 6-7 yil mobaynida kichkina oshxonamizda dadamga yordam berganman. Bolaligimdan shashlik sotib baqirardim, «Kelinglar, shashlik bor», derdim. Mijozlar olib kelardim. Shunaqa edi oilamiz. Akalarim ham, men ham, ko‘z tegmasin, oliy ma’lumotlimiz. Akalarim boshqa-boshqa sohalarda ishlaydi. Katta akam transport vazirligida faoliyat ko‘rsatadi. Qolganlari o‘qituvchi, pedagog.
– Ular ijodingizga munosabati qanday?
– Bilasizmi, internet birdan rivojlandi. To‘g‘risini aytaman, bugun odamlar televizorni kam ko‘rishyapti. Oldin men aktyor, rejissyor bo‘lib ishlaganimda uydagilar ishimga yaxshi qarashardi. Professional darajadagi faoliyat baribir boshqacha-da, hurmatga sazovor bo‘lasiz. Men har doim professional ishni tan olaman. Uydagilar, akalarim instagramdagi chiqishlarimga qarshi bo‘lishgan. «Qo‘y shu ishingni, shuncha o‘qib, instagramda ishlaysanmi? To‘rt yil o‘qiding, o‘zingga shuni ravo ko‘ryapsanmi?» deyishgan. Vaynlarim avval boshda yoqmagan.
– O‘zi qachon boshlagansiz vaynlarni?
– 2022 yil mart oyida boshladim. O‘sha paytda ishim uncha yurishmadi. Akalarim ham norozi bo‘lishdi, to‘xtatdim. Keyin bir ustozim menga aytdi: «Sen aktyorsan, uddalaysan, – dedi. – Hozir zamonga qarab ish qilishing kerak. Tomoshabin nimani xohlayapti – shu haqda o‘yla, buni kasb qilib ol. Mensimasdan, bo‘sh vaqtimda suratga olaman, dema. Xobbi bo‘lmasin, kasb qilib olsang, seni boqadi», – dedi. Shu gapdan keyin men jamoamizdagi yigitlar bilan gaplashdim. «Kelinglar, astoydil mehnat qilaylik, natijasi bo‘ladi», – dedim. Mana, ikki oydan beri tinimsiz ishlayapmiz. Mart oyidan so‘ng uzilish bo‘lgach, hozir to‘xtaganimiz yo‘q. Jamoadagi yigitlarning hammasi kursdoshlarim. Yetti yildan beri birgamiz.
Tomoshabin jingalak soch sifatida biladigan Shahriyor va Eldor, Ibrat bilan to‘rt yil yotoqxonada, so‘ng ijarada birga turganmiz. Shahriyor, Ibrat oilali bo‘lib, hozir alohida yashaydi. Men Sardor bilan birga turaman.
Xullas, ota-onam, akalarim avvaliga qarshi bo‘lishdi. Biror jiddiyroq trend qilgin, deyishdi. Bu men uchun yaxshi maslahat bo‘ldi. Hamma qatori ishlaganimda vaynlarimda uyatsiz lavhalar ham ketib qolardi. Odamlar kulyapti-ku, deb davom ettiraverardim. Men ota-onam, aka-ukalarimning fikrini o‘zgartiraman deb, o‘zim bilmagan holda boshqa yo‘nalishga tushib qoldim. Ko‘z tegmasin, biz odamlardagi chapanilik, soddalik, oddiy narsalarni olib chiqyapmiz. Ustoz san’atkorimiz rahmatli Hojiboy Tojiboyevni o‘zimga ustoz, kumir deb olganman.
– Maktabni bitirgach, kollejga kirdim, dedingiz. Keyin-chi?
– Kollejni bitirgach, ikki yil yurganman. Bu sohadan umuman yiroq bo‘lgan paynet ochganman. O‘sha paytlari paynetlar rivojlanib ketgandi.
– Sirdaryodami?
– Ha, Sirdaryoda. Paynet ochdim, ammo natija bo‘lmadi. Bunaqa ishlar peshonaga yozilmagan ekan. Ustozning: «Sen o‘zingning sohangni yaxshi ko‘r, seni shu boqadi. Nasibangdan kelgani boshqacha bo‘ladi», – degani to‘g‘ri ekan. Ikki yil hamma ishni qildim. Foydasi bo‘lmadi. O‘qishga topshirdim. Ikki yil ham kirolmadim. Keyin harbiy xizmatga ketdim. U yerda tavsiyanoma beriladi, bilasiz. Shu tavsiyanoma yordamida o‘qishga kirganmiz.
– Ya’ni, qo‘shimcha imtiyoz bilan, ball olib.
– Ha, shunday. O‘qishga kirdim. Boshida rosa mashaqqatli bo‘ldi. Chunki bu sohadan ancha uzoqlashib ketgandim. Judayam qiynaldim. Ammo o‘qishda tinim bilmasdik. Jamoamizdagi yigitlar haqiqatan kursda eng zo‘rlari edi. Biz tinmasdik. Qanday vazifa berilsa, bitta emas, to‘rtta qilib bajarib topshirardik. Ustozimiz juda qattiqqo‘l – Munavvara Abdullayeva. Professional o‘qituvchi, pedagog. Men shunday ustozning qo‘lida o‘qiganimdan faxrlanaman. Munavvara Abdullayeva bir vaqtning o‘zida ham aktyorlikni, ham rejissyorlikni o‘rgatadilar. Men hozirgi o‘qiyotgan yoshlarga ustozlar qadriga yetishlarini xohlardim. Haqiqatan professional, zo‘r ustoz. Haligacha yo‘qlab boraman, maslahat so‘rayman.
– Institutni tugatgandan keyin nima ish qildingiz?
– «Bir kami to‘lmagan dunyo» serialida ikkinchi rejissyor bo‘lib ishladim, «Zo‘rTV»da berilgan. Bir yildan oshiq ishladim. To‘g‘risi, qiynalganman. Tirikchiligim bo‘lishi kerak, hech qayerdan daromad kelmaydi. Nima qilish kerakligini bilmaganman. Bir yil ishlab, o‘sha yerda yo‘lkira qilardim. Hamma xarajat yonimdan edi. Xullas, sharoitim to‘g‘ri kelmadi. Uydagilar, bo‘ldi, yig‘ishtirib viloyatga kel, deyishdi. Qaytib bordim. Madaniyat uyiga ish so‘rab murojaat qildim.
O‘rta maxsus ma’lumotiga ega ayol bilan bitta shtatga nomzod bo‘lib qolibmiz. Ayolni ishga olishdi. Hafsalam pir bo‘ldi. «To‘g‘ri, bu ishda tajribam yo‘qdir, lekin men to‘rt yil o‘qiganman institutda. Shu soha bo‘yicha mutaxassisman», dedim. Rejalarim bor edi. Iste’dodlar ko‘p, lekin tanlovlarda birortayam sirdaryolik chiqmaydi. Ularni yuzaga chiqarmoqchi edim. O‘rnimga o‘rta maxsus diplomiga ega ayolni ishga qabul qilishdi. Bo‘ldi, endi qaytib kelmayman, Toshkentimda ijod qilaman, dedim. O‘sish uchun poytaxt yaxshi-da. Yaxshilikka bo‘lgan ekan.
Toshkentga kelgach, aynan shu jamoa bilan «Orzular palatasi» seriali loyihasini tayyorladik. Telekanallarga olib bordik. Boshida hech biriga ma’qul tushmadi. Cho‘ntakda pulimiz yo‘q, u telekanaldan bunisiga ko‘tarib yuramiz. Suratga olishga mablag‘, prodyuser yo‘q edi. Nihoyat ssenariy davlat kinosi agentligiga o‘tib qoldi. Ularga yoqdi. Bir yil ichida ishladik.
«Orzular palatasi» 60 qismdan iborat, shifokorlar haqida. Yomon bo‘lmadi, ko‘pchilikdan rahmat eshitdik, aktyor va aktrisalar ham ko‘p edi. Asosan, yangi chehralarni olib chiqdim. Ularning hammasi tanilib ketdi. Bu ham bir tajriba bo‘ldi. Shundan keyin o‘zim uchun qaror qabul qildim: hozir televizorni kam ko‘rishyapti, vayn ishlaymiz, dedim.
– Demak, vayn bilan ko‘proq mashhur bo‘lgansiz?
– Ha, shunday. Ko‘pchilik, «sen anovi kinoni olgansan», demaydi, «sen o‘sha vayner eding-a», – deydi. Biz san’atkormiz, shu ish qo‘limizdan kelyapti, qilyapmiz. Borib ustachilik qilmayapmiz, balki aktyorlik qilib mahoratimizni ko‘rsatyapmiz. Hollivudning mashhur aktyori Uill Smit «Oskar» olgan, u ham vaynerlik qiladi, «tik-tok»da chiqadi.
– Muhimi, beozor hazillaringiz xalqqa yoqyapti. Sharhlarni o‘qiymiz, ijobiy fikrlar bildirishyapti. Odamlarga tabassum ulashasiz, kayfiyatni ko‘tarasiz. Lekin bugun vaynerlar ko‘payib ketgan. Xohlaymizmi-yo‘qmi, raqobat bor. Xalq solishtirib ko‘radi. Ish jarayonida shuni hisobga olasizlarmi? Sizga raqobatchi bormi?
– Ha, xalqqa yoqishi kerak. Men o‘zimga raqobatchi deb sanamayman-u, lekin zo‘rlarini tan olaman. Zo‘rni zo‘r deyish kerak. Raqobat ham bo‘lishi mumkin, lekin men ularga qarab ijod qilaman, chunki o‘sha darajaga yetish va undan ham zo‘r bo‘lishga harakat qilaman. Doimo maqsadim bo‘lgan. Shu maqsadim sari intilaman. Ustozim ham aytgan: «Bo‘lsang, eng zo‘ri yoki eng yomoni bo‘l! O‘rtada qolma».
Masalan, men Erali mitti vaynni yaxshi ko‘raman. Yana Mo‘min bor, «Mo‘min layf» bo‘lib chiqadi. Ozodni ko‘rib turaman, u ham zo‘r. Zo‘rlarni tan olish kerak. Konsertlarini tomosha qilaman. Hozir ko‘paygan ular. Harakat qilamiz, maqsadimiz ham shu: eng zo‘ri bo‘lish harakatidamiz.
– Komik jamoalar, odatda, TVda hazil-mutoyiba ko‘rsatuvini tashkil etadi. Masalan, navoiylik so‘z ustasi Nodir Hayitov jamoasi bilan «A...kula»ni chiqarib turadi. Sizda bunday rejalar yo‘qmi?
– Hozircha yo‘q. Men tez kunda, xudo xohlasa, veb-serial olib, «Yutub»ga chiqarmoqchiman. Xalq tanigan xarakterlarimdan kelib chiqib tayyorlayman. 2-3 daqiqalik video qo‘ysam, oldin ko‘pchilik cho‘zvoryapsiz, deyishar edi. Vaholanki, vaqtida ikki soatlik kinoni bemalol ko‘rgan.
Bu mening uslubim, deyman. Ko‘rgan ko‘radi. Masalan, hozir 4 daqiqalik video tayyorlayman, ko‘pchilik ko‘ryapti, aka, yana cho‘zing, deydi. Veb-serialimizning har bir qismi 10-15 daqiqadan iborat bo‘ladi. Qahramonimning fe’l-atvoridan kelib chiqib davom etadi. Mazza qilib ko‘rasizlar.
– Sitkommi?
– Yo‘q, sitkom emas. Voqeani bitta qahramondan kelib chiqib, bitta liniyada davom ettiramiz.
– Vaynlaringizda besh ming so‘m haqida ko‘p gapirasiz, shuncha pulni so‘rayverasiz. Nega aynan besh ming so‘m, biror bir sababi bormi?
– Bu haqda hech kimga hech qachon aytmayman, deganman. Aytmasam ham bo‘ladimi?
– Ayting.
– (Xo‘rsinib) Men shunday kunlarni boshdan o‘tkazganmanki, yonimda 5 ming so‘m bo‘lmagan. Pulsiz qolganman. Hatto ovqatlanishimga, yeb-ichishimga topilmagan. Birovlardan so‘raganimda berishmagan, 5 ming so‘m berishmagan.
Mendayam qachonlardir shu pul bo‘larmikan, deb o‘ylardim. Azbaroyi qiynalganimdan Rossiyaga ketmoqchi bo‘lganman hatto. Ikki oy oldin. Yaxshi taklif chiqqandi. Ota-onamni o‘yladim. Sen to‘rt yil o‘qib, Rossiyaga ketasanmi? Bo‘ldimi shu bilan, demasliklari uchun ketmadim. O‘rtoqlarim, sabr qil, ozroq harakat qil, Xudo beradi, deyishdi. Sabr qildim, ko‘z tegmasin. Hozir yaxshi.
– Tirikchilik, kun ko‘rish, asosan, vaynlar orqali bo‘lyaptimi yoki to‘ylarga chiqib turasizmi?
– Yo‘q, to‘ylarga chiqmayman. Balki chiqarman keyinchalik. Asosan, tirikchiligim shuning orqasidan.
– Sizni bir-ikkita telekanallarda ko‘rib qoldik, maishiy mavzulardagi telenovellalarda.
– Telenovellalarga borib turaman. Chaqirishadi. Davlat filmlariga ham takliflar tushyapti. Men aktyorman. Xudo xohlasa, o‘zimni ko‘rsatmoqchiman. Faqat internetda emas, televideniyeda ham chiqmoqchiman. Katta ekran, kinoteatrlar, premeralarda chiqqim keladi. O‘zim ham kino olaman, xudo xohlasa. Maqsadim faqat instagramda qotib qolish emas.
– Teatrga taklif qilishsa borarmidingiz?
– Teatrdan ko‘nglim qolgan deyman-u, baribir boraman. Spektakl, jonli ijro boshqacha-da. O‘zim ham teatrni yaxshi ko‘raman.
Bolalar uchun spektakl qo‘yiladi-ku, unda o‘ynayman mazza qilib. Spektaklda o‘ynashni tushuntirib berish qiyin-da. Baribir bir kuni o‘ynayman. Aktyor bo‘lib ishlash niyatim bor.
– Vaynlarga qaytaylik. Ularni zaxira qilib yig‘ib, ketma-ket berasizmi?
– Bir haftalik rejamni oldindan tayyorlab qo‘yaman. Haftada uchta chiqaraman. To‘rtta-beshta ham bo‘lib ketadi.
– Asosan, qaysilari ommabop?
– Yuqorida aytganimiz «Besh ming so‘mlik» yaxshi chiqqan. Keyin «lagancha» ham odamlarga yoqdi. «Chayvush» bor, ruschani uncha tushunmaydigan o‘rtoqlar haqida. Asosan, shular ommalashdi. «Hammaga ayt, hamma bilsin. Sen bir yaxshilik qilma ekan»ni ham ko‘p so‘rashadi. Men har bir vaynni mumkin qadar tomoshabin talabiga qarab tayyorlayman. Bir xillikdan qochishga, xarakterlar bir-birini takrorlamasligiga harakat qilaman. Qaysi xarakter yoqsa, demak, shuni davom ettirishim kerak, deyman. Xalqqa yoqqanini ushlab olaman.
– Aktrisalarni taklif qilasizmi?
– Taklif qilaman. Ba’zida o‘zlaridan taklif tushadi, birga o‘ynaylik, deyishadi. Shu rolga kim mos tushishi, kim mahoratliroq ijro etishini chamalab ko‘raman. O‘sha aktrisani taklif etamiz.
– Bir kunlik ish tartibingiz qanday?
– Ishim ertalab soat 9 da boshlanadi. Quyosh chiqqanda kadrlar chiroyli ko‘rinadi. Instagram yorqin lavhalarni yoqtiradi. Soat 9 da boshlasak, bitta lavha olamiz. Tushdan keyin yana bitta. Kech tushguncha. Keyin kechqurun o‘tirib, yozib chiqamiz ssenariyni. Tayyor bo‘lgach, yana jamoa bilan chiqib suratga olishni davom ettiramiz. Pishib yetilgandan so‘ng chiqaramiz, ungacha e’lon qilmaymiz.
– Hozir siz ma’lum mavqega erishdingiz. Ko‘cha-ko‘yda ko‘pchilik taniydi. Bungacha qiynalganlaringiz haqida aytdingiz. Sizni rad etishgan, qabul qilishmagan loyihalar bo‘lganmi?
– Ha, ko‘p bo‘lgan. Serial bo‘yicha telekanallarga yugurganman. Rad etishgan. Keyinchalik, o‘sha serialni bizga ber deb talashgan telekanallar ham bo‘lgan, suratga olamiz, deb. Vaqtida ishonishmagan loyihalarimizga. Davlat kinosi idorasiga o‘tgach, qiziqib boshlashgan. Menga ber, shuni ishlaylik, deyishgan.
– Siz uchun muvaffaqiyat nima?
– Muvaffaqiyat har bir insonda bo‘ladi, faqat san’atkorda emas. Siz o‘ylagan maqsadlaringiz, rejalaringizga sekin-asta erishib boryapsizmi, demak, muvaffaqiyatga erishyapsiz. Maqsadingiz yo‘lida mehnat qilasiz, mevasini sezdingizmi, demak, muvaffaqiyatga erishyapsiz. Muvaffaqiyat shu.
– Xorijlik hamkasblar ijodini kuzatasizmi? Kimni o‘zingizga kumir hisoblaysiz?
– Instagramda qozog‘istonlik Seka-vayner ijodini kuzatib boraman. Uning xarakteri, mimikalarini o‘zimga o‘xshatganlar kammi? Balki Sekani kuzatganimdan mimikalari o‘tib qolgandir, kim bilsin. Uning darajasidaman deb aytolmayman, lekin ijodini mazza qilib ko‘raman. Rejissyorlardan Jeyms Kemeronni tan olaman. O‘zimizdan rahmatli Bahodir Yo‘ldoshev... tushlarimga kirgan inson. «Sen zo‘r aktyorsan, yur, mening teatrimda ishlaysan», degan tushimda. Bahodir Yo‘ldoshev judayam hurmatli inson edi.
Xorij aktyorlaridan Di Kaprio bilan Bred Pittni kumir sifatida bilaman. Har bir rolini qoyilmaqom o‘ynaydi. O‘zbekistonda hurmat qiladigan aktyorlarim ko‘p.
– Asosiy maqsadingiz nima, Bobur?
– Hayotda maqsadlarim ko‘p. Masalan, baxtli yashash, ota-onamni rozi qilish, ularni haj safarlariga yuborgim keladi. Xudo xohlasa, sekin-sekin erishaman. San’at yo‘nalishida esa asosiy maqsadim «Oskar» olish. Rostdan eng asosiy maqsadlarimdan biri bu.
– Siz hayotda quvnoq insonsiz. Shunday deb o‘ylaymiz. Oxirgi marta qachon yig‘lagansiz? Va nima sababdan?
– (Bir oz sukut saqlab) Oxirgi marta yaqinda yig‘ladim. Oldinlari yetishmovchilik tufayli siqilib yig‘lardim. Hech kim bilmasdi buni. Yaqinda xursandligimdan yig‘ladim. «Xonsaroy»dan uy taklif qilishdi. Bu sovg‘ani ota-onamga olib boraman, dedim. Rostdan yig‘ladim, chunki ular, oyim ko‘p kutardi, u meni akalarimdan, hammadan himoya qilardi. San’at institutiga topshirmaysan, jiddiyroq kasb tanla deyishganida, oyim meni qo‘llagan. Hammang yo‘lingni topding, bu ham o‘z yo‘nalishini tanlasin, yaxshi bo‘ladi, deb menga ishongan. Oyim ishongan kasbim tufayli uy chiqqani uchun xursandligimdan yig‘ladim.
Taqdirimdan roziman, rahmat. Yigitlar bilan, jamoa bilan mehnat qildik. Natijasini sekin-sekin ko‘ryapmiz.
– Shaxsiy hayotda nimalar kutilyapti yana?
– Xudo xohlasa, to‘y. Keyingi yili.
– Oilaviy hayotga o‘ralashib qolasiz. Ijod davom etaveradimi?
– Ijod davom etaveradi.
– Taxminan chamalab ko‘rganmisiz, vayn yo‘nalishida yana 4-5 yildan so‘ng nima bo‘ladi?
– Hozircha shu. Instagram, internetni bilasiz, birdan yo‘qolib ketishi ham mumkin. Shuning uchun biz yo‘nalishimizni kengaytirib, keyinchalik «Yutub»ga, so‘ng «Tik-tok»ka o‘tamiz. Keyinchalik kino, serial olaman. Hammasini birdan olib bormoqchiman. Qo‘limdan keladigan ishni xalq uchun amalga oshirmoqchiman. Tomoshabin uchun ijod qilish niyatim bor.
– Sizdan keyingi izdoshlar, muvaffaqiyatga erisholmagan yoshlar, masalan, ortga chekinish arafasida turgan ijodkorlarga nima degan bo‘lardingiz?
– To‘g‘ri yo‘lni topib olish kerak. Ko‘pchilik instagramda chalg‘ib qolyapti. Ketib qolyapti, mana shunday qilsam, men ham zo‘r bo‘lib ketaman, deydi. Ikkita qizni quchoqlab tushsam, zo‘r chiqadi, deb o‘ylaydi. Men ham boshida shunaqa qilganman. Noto‘g‘ri yo‘ldan ketishimga sal qolgan. Ota-onam, kattalar qaytarishgan. To‘g‘ri yo‘lni topib, faqat ishlash, mehnat qilish kerak. Tinmasdan ishlasin, ikkita video qo‘yib, tashlab qo‘yish kerak emas. 50-60 ta, balki 100 tadan keyin zo‘r bo‘lib ketar. Kasbini yaxshi ko‘rsa, mehnat qilsa natija bo‘ladi.
– Demak, omad mehnatda.
– Mehnatda. Kimki mehnat qilgan bo‘lsa, kam bo‘lmagan. Ishlasa nimadir bo‘ladi-yu, to‘g‘rimi? Xudo ham ko‘rib turadi, kim mehnat qilayotganini. Maqsadni to‘g‘ri qo‘ysa, ishlasa, beradi.
– Bobur, buxorolik yaxshi aktyor bor edi, Alisher Hamroyev. Uni hind aktyori Akshay Kumarga o‘xshatishardi. Sizniyam shu aktyorga qiyoslashadi. O‘zingizga ham aytishgandir? Akshay Kumarga taqlid qilasizmi?
– Men Akshay Kumar ijodini bolaligimdan kuzataman. Hozir uncha ko‘rmayman. Oldinlari zo‘r edi, hozir o‘zingiz ham ko‘rmasangiz kerak. Meni kollej paytidan unga o‘xshatishardi, lekin taqlid qilmaganman. O‘xshash tomonimiz tashqi ko‘rinishimizda bo‘lishi mumkin, ijodiy tomoniyam bor. Akshay Kumarning ham mimikalari bor ekan. Endi eslayapman, u ham komediya yo‘nalishini tanlagan. Shuning uchun ko‘pchilik ijodimizni o‘xshatgan bo‘lsa kerak. Men iloji boricha hech kimga taqlid qilmayman.
Intervyudan foydalanib, bir gapni aytib olay. Men instagramdagi obunachilarimni judayam hurmat qilaman. 3000 nafar obunachim bor edi. Ular doim yonimda turgan. Hozir ham bor. Bizni unutmadingizmi, deb yozishadi. Yo‘q, deyman. Chunki ular mening videolarimni har qayoqqa jo‘natishardi. Hozirgacha yonimda turadi. Men ularga rahmat aytmoqchiman. Sizlar tufayli bir nimalarga erishdim. Xudo xohlasa, bundan ham yuqori natijalarga erishsam, yonimda turishlarini xohlardim. Yangi qo‘shilganlarni ham unutmayman. Hammangizni hurmat qilaman.
– Hech kimga sir emas, bugun ijtimoiy tarmoqda bloger, vaynchilikka yoshlar qiziqib ketishyapti. Buning ijobiy va salbiy tomonlari bor.
– Har bir ijodkor qilayotgan ishim tomoshabinga nima beradi, deb o‘ziga aytishi kerak. Men ham avval boshda olgan videolarimdan uyalib qolardim. Nima jo‘natding menga, bolalarning oldida ko‘rolmayapman, tarbiyasi buziladi, deyishardi. Rostdan shunday, ammo maqsadimiz bu emas-ku, dedim. Biz tomoshabinga suyukli bo‘lishimiz kerak. 7 yoshdan 70 yoshgacha mazza qilib ko‘rishsin. O‘zgartirdik janrni. Bo‘layotgan narsani ko‘rsin, menda shunaqa kamchilik bor, deb o‘ylasin. Hozir xayr-ehson, yaxshilik qilish kerak degan gaplar yo‘qolib ketyapti. «Besh ming so‘m» ichidayam shu gap bor. Birovdan pul so‘rasangiz, aql o‘rgatib boshlaydi, yordam bermaydi. Biz odamlarda yo‘qolib ketayotgan narsani ko‘rsatib bermoqchimiz. Yomon narsani yomon tarzida olib chiqsam, siz videoni ko‘ryapsiz-da, o‘tkazib yuborasiz, yoqmaydi. Biz ko‘proq yo‘qolib ketayotgan qadriyatlarga urg‘u beramiz. Hozir ko‘pchilik, videolaringizni oilaviy ko‘ramiz, deydi. O‘g‘ilcham sizni ko‘rib o‘tiradi, deydi. G‘oyani pishitayotganimda ham bolalar ko‘rishini hisobga olib yondashaman. Jamoaga aytaman, bolalar, otaxonu onaxonlar ham e’tibor berarkan bizga, shuni esdan chiqarmaylik, deyman.
Bugun sal chalg‘idingizmi, tomoshabin ketib qoladi. Biz mumkin qadar yo‘qolib borayotgan qadriyatlar borasida soddaligimizni ko‘rsatmoqchimiz. Hazil-mutoyiba orqali.
– Xabar.uz muxlislariga tilaklaringiz?
– Hammangizga omad tilayman. Xabar.uz kanalini kuzatib boringlar. Men bundan oldingi intervyularning hammasini ko‘rib chiqdim. Kuzatishda davom eting. Qo‘llab-quvvatlashda doimo davom eting.
Anvar NAMOZOV suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter