Bir yigitga benzin quyib, yoqib yuborilgani va u o‘zini suvga otgani videosi yuzasidan Xorazm viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi
Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan badaniga olov yoqilgan holda suvga sakragan shaxs videosi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Urganchda yoshlar o‘rtasidagi bahsdan so‘ng yigitlardan biriga benzin quyib, yoqib yuborildi. Tanasini alanga qoplagan yigit ko‘prikdan o‘zini suvga otdi, deb xabar bergandi «Daryo».
«2019-yilning 19-iyun kuni turli ijtimoiy tarmoqlarda «Urganchda yoshlar o‘rtasidagi bahsdan so‘ng yigitlardan biriga benzin quyib, yoqib yuborildi. U o‘zini suvga otdi» nomli video tarqalgan bo‘lib, ushbu video yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan olib borilgan dastlabki surishtiruv jarayonida videolavhada o‘zlari aks etgan va ovozi qayd etilgan kimsalarning shaxsiga, hodisa qachon va aynan qayerda bo‘lganligiga aniqlik kiritildi», — deyiladi xabarda.
Aniqlanishicha, ushbu shaxslarning barchasi (4 nafar) Xorazm viloyatida yashaydi, ulardan bir nafari 1992 yilda, qolgan uch nafari esa 1999 yilda tug‘ilgan, videoda qayd etilgan holat 2019-yilning 18-iyun kuni Urganch shahridan oqib o‘tuvchi «Shovot» kanali ustidagi piyodalar o‘tish ko‘prigida sodir bo‘lgan.
Tanasida yonib turgan olov bilan suvga sakragan shaxs 2019-yil 19-iyun kuni shifoxonaga murojaat qilgan, unga «olovdan chap qo‘l yelka, bo‘yin, ikkala kurak va bel sohalari I-II-IIIA darajali termik kuyish. S-20%. Kuyish kasalligi, kuyish shoki o‘rta og‘ir darajasi» tashxisi qo‘yilib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Urganch shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter