Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bemorning eriga oyoq kiyimini tozalab kirishini aytgan shifokor ayovsiz kaltaklandi

Bemorning eriga oyoq kiyimini tozalab kirishini aytgan shifokor ayovsiz kaltaklandi

Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli Uyshun oilaviy poliklinikasida xizmat vazifasini bajarib turgan 59 yoshli shifokor kaltaklandi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, poliklinikada 35 yildan buyon umumiy amaliyot shifokori (ayni paytda oilaviy shifokor) bo‘lib ishlab kelayotgan X.D. qabuliga 2022 yil 3 noyabrda kech soat 18:30 atrofida bir notanish erkak 2 nafar ayol bilan kelgan. Erkak shifokorga turmush o‘rtog‘ining betobligini aytib, uni tekshirib qo‘yishini so‘ragan.

Shifokor unga bemorni tekshirguniga qadar oyoq kiyimidagi loyni tashqarida yuvib kelishini aytgan. Shundan so‘ng erkak shifokorni haqoratlab, bo‘ynidan bo‘g‘ib, ayovsiz mushtlab, tepkilab tashlagan.

Olgan jarohatlari natijasida shifokor hushini yo‘qotgan va Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga «Peshona, ikkala yonoq, yuz, burun usti, bo‘yin sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, ko‘kargan jarohatlari, tirnalmalar, bosh chayqalishiga gumon» tashxisi bilan yotqizilgan. Ayni paytda davo muolajalari davom ettirilmoqda.

Mazkur holat viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olingan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘rganilmoqda, deyiladi Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring